Abduqodir Husanov UEFA Chempionlar ligasidagi eng tezkor markaziy himoyachi deb topildi

Оқил Абдубарноев
23 okt 2026, 14:40
CIES Football Observatory markazi tomonidan e'lon qilingan UEFA Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan futbolchilarning yugurish tezligiga oid yangi tadqiqot natijalariga ko'ra, "Manchester Siti" sharafini himoya qilayotgan O'zbekiston milliy terma jamoasi a'zosi Abduqodir Husanov o'z poziciyasida eng tezkor o'yinchiga aylandi.

Markaziy himoyachilar o'rtasidagi reytingni boshqarib turgan Husanovning maksimal tezligi soatiga 35,8 kilometrni tashkil etdi va u bu borada "Tottenxem" vakili Mikki van de Venni ortda qoldirishga muvaffaq bo'ldi.

Markaz hisobotida beshta poziciya bo'yicha eng yuqori tezlik qayd etgan top-20 talik futbolchilar ro'yxati shakllantirilgan. Qanot himoyachilari orasida PSJ vakillari Ashraf Hakimi (36,4 km/soat) hamda Nunu Mendesh, markaziy yarim himoyachilarda Archi Grey (34,8 km/soat), qanot yarim himoyachilari va vingerlar orasida Entoni Gordon (37,9 km/soat), markaziy hujumchilar ichida esa Kilian Mbappe (35,7 km/soat) yetakchilik qilmoqda.

Shuningdek, hisobotda o'yinchilarning tezlik toifalari bo'yicha bosib o'tgan masofasi taqsimoti ham keltirilgan. Tadqiqotga kiritilgan 100 nafar futbolchi orasida past tezlikda (soatiga 7 kilometrdan kam) eng ko'p masofa bosib o'tgan o'yinchilar markaziy hujumchilar bo'lib chiqdi: Kilian Mbappe (43,5 foiz), Viktor Osimxen (41,9 foiz) va Luis Suares (40,1 foiz). Maydonda piyoda yurish holati eng kam qayd etilgan futbolchilar esa markaziy yarim himoyachilar – Hakon Evjen (23,0 foiz), Joau Simoesh (24,1 foiz) va Lukas Bergvall (25,2 foiz) bo'ldi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: CIES Football Observatory