A Seriya rasmiy saytida “Roma”ning mavsum uchun qaydnomasi hozircha yo'q

Eldor Akmurzayev
13 avg 2022
Ko'pchilikda Eldor Shomurodov yangi mavsumni qayerda boshlashi haqidagi savol o'ylantirmoqda.

Ammo hozircha u “Roma” futbolchisi va hali hech qaerga ketgani yo'q. Rimliklarning oxirgi mashg'ulotlarida ham 27 yoshli o'zbekistonlikni ko'rish mumkin edi.

“Roma” Italiya chempionati 2022/23 yilgi mavsumidan o'rin olgan dastlabki uchrashuvini ertaga safarda “Salernitana”ga qarshi o'tkazadi.

A Seriya rasmiy saytida jamoalar yangi mavsum uchun qaydnomasi berib borilmoqda. Ammo “Roma” bilan birga “Fiorentina”, “Yuventus”, “Lacio” va “Napoli”ning yakuniy ro'yxati joylanmagan. Har bir klub 25 o'yinchini ro'yxatdan o'tkazish huquqiga ega.

“Roma” rasmiy saytida esa mavsum uchun ro'yxatdan o'tgan futbolchilar qatorida Eldor Shomurodov borligini ko'rish mumkin. Ammo PSJdan kelgan Jorjino Veynaldumning nomi haligacha yo'q.

Oxirgi ma'lumotlarga ko'ra, "Trabzonspor" va Bolonya Shomurodovning ijarasi bo'yicha muzokaralar olib borayotgani aytildi. Shuningdek, unga "Vulverxempton", “Galatasaroy”, “Torino” hamda “Sampdoriya” ham qiziqqandi. Italiyada yozgi transfer oynasi 1 sentyabrda yopiladi.

Ma'lumot o'rnida, rimliklar mavsum oldidan o'tkazgan 6 ta o'yinning uchtasida (“Shaxtyor” 5:0, “Nicca” 1:1, “Sanderlend” 2:0) Eldor Shomurodov qatnashdi va o'z hisobiga samarali natija yozib qo'yolmadi. Joze Mourinyu shogirdlari o'tgan mavsum Konferenciyalar Ligasi g'olibi sifatida 2022/23 yilgi mavsum Yevropa Ligasi guruh bosqichida qatnashadi.

Qayd etish joizki, “Shaxtyor”ga qarshi oxirgi o'rtoqlik o'yini oldidan “Roma”ning 2022/23 yilgi mavsumida qatnashadigan futbolchilari “Olimpiko” stadionida tantanali ravishda kutib olingandi va ular qatorida o'zbekistonlik forvard ham bor edi. 



Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Championat.asia