4 sentyabr kuni "Bunyodkor" stadionida qarzdorlik sababli chiroq o'chirilgan – klub va O'zPFL faoliyati to'xtab qolgan

Оқил Абдубарноев
7 sen 2026, 14:34
Toshkentning "Bunyodkor" stadionida to'lovlar amalga oshirilmagani sababli elektr energiyasi uzib qo'yilgan. Bu haqda poytaxt klubi matbuot kotibi Furqat Nishonov o'zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma'lum qildi.

Uning takidlashicha, elektr taminoti 4 sentyabr kuni kunduzi soat 11:00 atrofida to'xtatilgan bo'lib, mana uchinchi kundirki holat o'zgarishsiz qolmoqda.

Chiroq o'chirilishi oqibatida o'yingoh hududida joylashgan barcha tashkilotlar – logistika firmalari, O'zbekiston Professional futbol ligasi (O'zPFL), "Bunyodkor" klubi, stadion mamuriyati va boshqa ijarachilarning faoliyati to'xtab qolgan. Matbuot kotibi ushbu vaziyatni elektr to'lovi uchun yuzaga kelgan qarzdorlik bilan izohlab, to'lovchining nafaqat bunga, balki oylik maoshlarni berishga ham qurbi etmayotganini bildirgan. Bunday og'ir holatga yil avvalida qabul qilingan tushunarsiz qaror sabab bo'lgani aytilmoqda.

O'z postida Furqatbek Nishonov O'zbekiston milliy terma jamoasining yaqin orada "Bunyodkor" stadionida o'yini bor-yo'qligi haqida kinoya bilan savol bergan. Uning fikricha, faqatgina terma jamoa o'yini bahonasi bilangina stadionga qayta elektr berilishi va maydon chimi yangilanib, klub yana o'z uyida maydonga tushishi mumkin. Shuningdek, u muassisning bu inqirozdan xabari bor-yo'qligi noma'lumligini, rahbariyatning asosiy e'tibori kuni kecha Osiyo chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritgan yoshlarga qaratilgan bo'lishi mumkinligini qo'shimcha qilgan.

doc_2026-09-07_14-36-51.png

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia