Humoyun Sherbo'taev: "Neftchi" bilan uchrashuvda ham ijobiy natija qayd etishga harakat qilamiz"

Оқил Абдубарноев
5 sen 2026, 12:00
"Surxon" yarim himoyachisi Humoyun Sherbo'taev Superliga 20-turidan o'rin olgan "Bunyodkor"ga qarshi o'yin haqida fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

– G'alaba bilan tabriklayman. O'yin haqidagi taassurotlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

– Uchrashuv og'ir kechishini oldindan bilar edik. Yaratganga shukur, yakunda g'alabaga erishdik. "Bunyodkor" ham kuchli jamoa hisoblanadi. Raqibning zaif tomonlarini sinchkovlik bilan o'rganib chiqdik va maqsadimizga erishib, muhim g'alabani qo'lga kiritdik.

– Jamoa ushbu bahsga qanday ruhiyatda yetib keldi? Boisi, avvalgi uchrashuvda – O'zbekiston kubogi doirasida jamoa Birinchi liga vakili "Guliston"ga imkoniyatni boy berib qo'ygan edi. Bunga nima sabab bo'ldi? Raqibga nisbatan etarlicha baho berilmadimi?

– Har qanday holatda ham mag'lubiyatda faqat o'zimiz aybdormiz. Demak, qaysidir jihatlarda tayyorgarlik etarli darajada bo'lmagan. O'sha muvaffaqiyatsizlikdan so'ng bugungi uchrashuvga barcha futbolchilar yuqori ruhiy tayyorgarlik bilan tushdi. Bugungi bahsda g'alaba qozonishimiz shart edi. Musobaqa jadvalidagi o'rnimizni yaxshilash uchun ham iloji boricha yuqori pog'onalarga ko'tarilishimiz lozim.

– Bugun qimmatli uch ochko qo'lga kiritildi. Biroq umumiy olib qaraganda, "Surxon" hamon turnir jadvalining quyi qismida, xavfli hududda qolmoqda. Bu holat jamoa ruhiyatiga qanchalik ta’sir o'tkazmoqda? Xavotir uyg'otmayaptimi?

– Albatta, bu holat ma'lum manoda xavotirga soladi. Biroq bu borada jiddiy xavotirga o'rin yo'q deb hisoblayman, chunki oldinda hali bahslar ko'p. Yana 9–10 ta tur bor. Ochkolarni ko'paytirib olish uchun imkoniyat etarli. Xudo xohlasa, bor kuch-g'ayratimizni ishga solib, turnir jadvalida yuqoriga ko'tarilishga harakat qilamiz.

– Navbatdagi turda "Neftchi"ga qarshi maydonga tushasizlar. Xabaringiz bor, hozirda "Neftchi" birinchi bo'lim yakuniga ko'ra "Nasaf"ga 0:4 hisobida imkoniyatni boy bermoqda. Bo'lajak raqib va bo'lajak uchrashuv haqidagi fikringiz?

– Futbolda turli natijalar bo'ladi: kimdir g'alaba qozonadi, kimdir mag'lubiyatga uchraydi. "Nasaf" kuchli jamoa, ular oddiy raqib emas. Keyingi bahsimiz esa "Neftchi"ga qarshi bo'ladi. Ushbu o'yinni intiqlik bilan kutyapmiz. Har qanday holatda ham stadion, muxlislar va kuchli raqib bizni kutmoqda, juda qiziqarli uchrashuv bo'ladi. Maydonga o'zgacha shijoat bilan tushamiz. Xudo xohlasa, "Neftchi" bilan uchrashuvda ham ijobiy natija qayd etishga harakat qilamiz.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia