

Unda tijorat, TV translyatsiya va iqtisodiy jihatlarga e'tibor qaratilgan.
“So'nggi paytlarda o'zbek futboli atrofida eng ko'p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri - "klublar o'zini o'zi moliyalashtirishi kerak" degan talabdir. Bu borada ko'pincha Yevropa, xususan, Angliya klublari misol qilib keltiriladi. Ammo futbol osmondagi alohida sayyora emas, balki davlat iqtisodiyotining to'g'ridan-to'g'ri ko'zgusidir.
Keling, Angliyaning top-grandlari bilan emas, balki oddiy o'rtamiyona jamoalarining daromad manbalarini ko'rib chiqamiz va uni o'zimizning reallik bilan solishtirib, bu talab bugungi kunda qanchalik mantiqli ekanligini tahlil qilamiz.
Angliya o'rtamiyonalari qanday pul topadi?
Agar "Aston Villa" misoliga qaraydigan bo'lsak, ularning asosiy daromad manbai - 60-65 foiz ulush bilan teletranslyatsiyalardir.

Tijorat va homiylikdan tushadigan foyda 20-25 foizni tashkil qilsa, stadiondagi o'yin kunidan (Matchday) topiladigan daromad 15 foiz atrofida.
Yoki "Kristall Pelas"ni olaylik:
* TV translyatsiya - 75 foiz
* Tijorat va savdo - 16 foiz
* O'yin kuni daromadlari - 9 foiz atrofida.

Ko'rib turganingizdek, asosiy yuk TV huquqlariga tushyapti. Agar klub quyi ligaga, yani Chempionshipga tushib ketsa, aynan mana shu eng katta daromad manbaidan (deyarli 75 foizdan) ayriladi.
Chempionshipda ham TVdan daromad bor, lekin farq er bilan osmonchalik - 10-15 barobar kam.
Shuning uchun APL Chempionshipga tushib ketgan jamoa yo'q bo'lib ketmasligi uchun "Parashyut to'lovlari" (Parachute payments) orqali 3 yil davomida yordam puli berib turadi. Undan tashqari, homiylik orqali keladigan pullar ham Chempionshipga tushib ketgan jamoada keskin tushib ketadi.
Qolgan daromadlar ham chakana emas. APL klublarining bitta formasi sifatiga qarab $95 dan $170 gacha sotiladi. O'yinga kirish uchun oddiy chiptalar $50–$105, VIP chiptalar esa $195–$390 atrofida turadi.
O'zbekiston realligi: Illyuziya va To'siqlar
Endi shu raqamlarni o'zimizning sharoit bilan solishtirsak.
Teletranslyatsiyalar.
Angliyada Chempionshipga tushgan jamoani APL boqadi, bizda esa TV huquqini millionlarga sotish uyoqda tursin, bazan kanallarga (masalan, Sport TV) translyatsiyani tashkil qilishi uchun klublarning o'zi yoki PFL yordamlashishiga to'g'ri keladi.
Bizning liga TVdan foyda olib, klublarni boqadigan darajaga yetib borishi uchun hali qancha vaqt kerakligi noma'lum.
Eski O'zbekiston davrida biror bir tadbirkorga homiylik haqida og'iz ochsangiz, "Oka, qo'ying. Tinchlik kerak. U-bu joyda nomimiz chiqib qolsa, yugurib kelishadi, muammo kerakmas" degan javobni eshitardik. Hozir vaziyat biroz yaxshiroq, lekin qilinadigan ishlar hali ko'p.
Masalan, klublar stadion nomini (Naming rights) sota olmaydi, chunki stadionlar hokimiyatga tegishli.
Qolaversa, PFLning homiysi bo'lgan tashkilotning raqobatchisi bo'lgan kompaniya bilan ishlay olmaymiz. Yani PFL "Pepsi" bilan ishlasa klublar "Koka Kola" bilan ishlay olmaydi. Marketing etikasi bo'yicha PFLni to'g'ri tushunsa bo'ladi. Ularning homiylari buning aksiga rozi bo'lmaydi hech qachon.
O'yin kuni va Tijorat (Matchday).
Boshqa davlatlarda stadionlar qanday ishlashini bilmadim-u, ammo bizda Toshkentda tuzukroq "keytering" xizmatlarini yo'lga qo'yish ham bir masala. Tashkilot nomlarini aytib o'tirmayman. Lekin, har gal har xil tashkilotlardan ruxsat olishing kerak. Buni esa hech qaysi keyteringchining qilgisi yo'q. Lekin, bu hal qilsa bo'ladigan masala.
Formalar savdosi ham o'ziga yarasha murakkab: muxlislar mahalliy futbolchining original formasini 100 dollarga olmaydi hech qachon. Undan ko'ra bozordan yasama formani olib qo'ya qoladi. Uning ustiga mahalliy o'yinchining formasini kiygandan ko'ra, Ronaldu yoki Messining futbolkasini kiyib yurishni afzal ko'radi.

Chiptalar masalasiga kelsak, Angliyada eng arzon chipta 50 dollar turadi. Bizda esa yaqindagina kirish biletini 50 000 so'm qilib qo'ysak, odamlar "namuncha qimmat" deyishdi. Bundagi vaziyatni ham bilib olavering. To'g'ri vodiyda vaziyat sal yaxshiroq.
Iqtisodiyot ko'zgusi: YAIM va Maoshlar
Futbolni solishtirgandan keyin, mamlakatlarning xarid qobiliyatini ham solishtirish adolatdan bo'ladi.
Aholi jon boshiga to'g'ri keladigan YAIM bo'yicha Buyuk Britaniya O'zbekistondan taxminan 14.5 barobar oldinda (yiliga ~$57,600 ga qarshi ~$4,000).
O'rtacha oylik ish haqidagi farq ham shunga yarasha - 7-8 barobar. Ingliz xodimi barcha soliqlardan keyin qo'liga o'rtacha $3,055 olsa, O'zbekistonda bu ko'rsatkich o'rtacha $440 (taxminan 6,3 mln so'mlik maoshdan soliqlar ushlangach, 5,6 mln so'm atrofida) tegadi.
Iqtisodiyotda "erkin daromad" tushunchasi bor. Odamlar avval bazaviy ehtiyojlarini qondirmaguncha, futbol klublari tijoriy jihatdan rivojlana olmaydi. Futbol o'zini o'zi boqishi uchun davlat ham shunga yarasha rivojlangan bo'lishi, biznes erkin bo'lishi, monopoliya va korrupsiya bo'lmasligi kerak.
Prezidentimiz bu ishlarni amalga oshirishga harakat qilyapti. Lekin ularning kelganiga endi 9 yil o'tdi. 9 yil ichida Angliya yoki Yaponiya darajasiga chiqib qola olmaymiz.
Odamlar ko'p pul topib, shunga yarasha futbolga pul ishlatishni boshlagandagina, klublar ham tabiiy ravishda pul qilishga o'tadi. Bo'lmasam, mahallamdagi amakilarga o'xshab "Futbolga tushsangiz-chi?" deyilsa, "Qo'ysang-chi, undan ko'ra tirikchiligimni qilaman, hisobni radiodan ham bilib olaman" deb yuraveradi.
Yaqinda Qahramon Aslanov bir maqolasida "licenziyalash bo'yicha baholash klublarning ishlab topgan puliga qarab bo'lishi kerak" degan mazmunda yozgan edi. Ammo reallikka tik qaraydigan bo'lsak, bunday keskin talab hatto Yevropa futbolining cho'qqisi bo'lgan UEFAda ham yo'q. Qolaversa, OFK ham butun Osiyoda futbolni o'ldiradigan darajada ahmoq emas. Agar bu talab bo'yicha ishlansa, Osiyo futbolida faqat Yaponiya qoladi va ular o'zi bilan o'zi o'ynab yurishga majbur bo'ladi.
Lekin shu Yaponiya ham bugungi darajasiga osmondan tushib qolmagan, ularni ham shu darajaga chiqqunga qadar davlat kuchli qo'llab-quvvatlagan. Vaqtida davlat puliga yoshi o'tib qolgan bo'lsa-da, jahon darajasidagi yulduzlar olib kelingan va shu orqali odamlar stadionga qaytarilgan. Davlat tomonidan klublarga stadionlar qurib berilgan.
Uning ustiga, yaponlar shunday xalqki, ular har qanday vaziyatda birinchi o'ringa o'zinikini qo'yadi. Masalan, "Real Madrid" o'ynab turgan bir vaqtda mahalliy jamoasining o'yini bo'lsa, yapon muxlisi hech qachon "Real"ni birinchi, o'zinikini esa oxirgi o'ringa qo'ymaydi. Shuning uchun ham ularda hatto 3-ligada ham stadionlar to'ladi.

Bizda esa vaziyat boshqacharoq. Yaqindagina Toshkent shahar sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo'jaev zamonaviy stadion qurib, uning atrofida ko'ngilochar park va attrakcionlar barpo etish orqali klubni ma'lum manoda o'zini o'zi boqadigan loyihaga aylantirish tashabbusi bilan chiqqan edi. Biroq, o'sha paytda ko'pchilik faollar va blogerlar bu loyihaga keskin qarshi chiqishdi va oqibatda bu ish to'xtab qoldi.
Eng qizig'i, bugunga kelib aynan o'sha blogerlarning o'zlari "klublar o'zini o'zi boqishi kerak" deyishmoqda.
Axir klub o'zini o'zi boqishi uchun unga birinchi galda pul ishlaydigan tijoratlashgan vosita - infratuzilma va stadion kerak emasmi?!
Toki bizning jamiyat shunday iqtisodiy darajaga va milliy futbolga bo'lgan sodiqlik madaniyatiga etguniga qadar, davlat futbolni qo'llab-quvvatlab turishi yaxshi.
Sababi, bizning futbol o'z puliga yarasha emas, balki undan ancha baland saviyada. Davlat bu narsani to'xtatar ekan O'zbekistonda futbol o'ladi”, – deyiladi maqolada.



