Rasman: “TerDU” klubi Proligadan chetlatildi

Sherzod Nurmatov
19 okt 2026, 14:20
Avvalroq “TerDU” klubi ketma-ket ikki rasmiy uchrashuvda ishtirok etmaganidan kelib chiqib, uni Proliga ishtirokchilari safidan chiqarish masalasi Liga Ijroiya qo'mitasiga kiritilgandi.

17 oktyabr kuni Ijroiya qo'mita a'zolarining onlayn yig'ilishi bo'lib o'tdi. Kun tartibiga kiritilgan masala yuzasidan qo'mitaning 7 nafar a'zosi “TerDU” klubini reglamentga muvofiq musobaqadan chetlashtirish lozimligini qayd etdi. A'zolardan yana biri esa klubga mavsum yakuniga qadar rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etish uchun imkoniyat taqdim etish taklifini ilgari surdi.

Shuningdek, Ijroiya qo'mitaning yana bir a'zosi, O'zbekiston futbolchilari uyushmasi raisi “TerDU” klubining futbolchilar oldidagi moliyaviy majburiyatlariga e'tibor qaratdi. Qayd etish kerak, avvalroq futbolchilar oldidagi qarzdorlik oqibatida Assotsiatsiyaning tegishli qo'mitasi “TerDU” klubiga transfer taqiqi belgilagandi.

Yig'ilish davomida “TerDU” klubining keyingi rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etishi futbolchilar oldidagi majburiyatlarni bajarish uchun asos bo'la olmaydi degan qarorga kelindi. Boisi, “TerDU” birinchi navbatda uy uchrashuvlarini Termizda o'tkaza olmayapti. Qolaversa, klub chiptalar sotuvi yoki qo'shimcha homiy tashkilotlardan ehtimoliy tushumlarga ega emas. Shundan kelib chiqib, Kamoliddin Murzoev ham ”TerDU” klubini musobaqalardan chetlashtirish variantida to'xtaldi.

Ijroiya qo'mita a'zolarining ko'pchilik ovozi bilan “TerDU” klubini Proliga musobaqadan chetlashtirish bo'yicha qaror qabul qilindi. O'zbekiston U-19 chempionati yakuniga faqatgina bir tur qolganligi va qayd etiladigan ehtimoliy natijadan qatiy nazar “TerDU” U-19 jamoasi dastlabki to'rtlikka kira olmasligi inobatga olinib, 21 oktyabr kuni o'tkazilishi rejalashtirilgan “Xorazm” U-19 - “TerDU” U-19 uchrashuvi ham bekor qilindi.

Ma'lumot uchun, “TerDU” klubi Liga oldidagi majburiyatlarini to'liq bajarish shartida kelasi mavsumni Birinchi liga musobaqada o'tkazish imkoniyatiga ega.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: pfl.uz