

"Bu yerda ekanligimizdan xursandmiz va ertangi o'yinni intiqlik bilan kutyapmiz. Chempionlar Ligasi - ajoyib musobaqa. Biz uni chakki boshlamadik, ammo doimo yaxshi natija ko'rsatib borishimiz zarur. Safarda o'ynash doim qiyin, lekin bo'lajak uchrashuv qiziqarli bo'lishiga ishonamiz", - deya gap boshladi Enj Postekoglu.
"Og'ir o'yin bo'ladi. Raqib tarkibida ham hujumda, ham himoyada kuchli ijrochilar bor. O'yin davomida to'liq diqqatni saqlashimiz, xatolarga yo'l qo'ymasligimiz va o'z vazifamizni bajarishimiz kerak. Agar shunday qilsak, g'alabaga yaqin bo'lamiz", - deya fikr bildirdi jamoa darvozaboni Bentu.
- Krishtianu Ronaldu nima sababdan "Paxtakor"ga qarshi o'yin uchun Toshkentga kelmadi?
- Tarkibimizda futbolchilar ko'p, o'yinlar soni ham juda katta, safarlar bor. Krishtianu, Kingsli Koman, Muhammad Simakan kabi futbolchilarni Riyoz shahrida qoldirishga qaror qildik, chunki juma kuni yana bir juda qiyin va muhim o'yinimiz bor. Shunga qaramay, bu erga kuchli tarkib bilan keldik va ertangi bahsga hamma tayyor.
- "Paxtakor"ga qarshi o'yin oldidan qandaydir xavotir bormi? Chunki ular dastlabki ikki turda Saudiya Arabistonining ikki gigantiga mag'lub bo'lishmadi. Raqib haqida nima deya olasiz?
- Bundan xabardormiz, "Paxtakor" ikkita kuchli Saudiya klubiga qarshi juda yaxshi natija qayd etdi. Chempionlar Ligasida safar o'yinlari katta sinov sanaladi. Biz o'zimizga e'tibor qaratishimiz, o'ta diqqatli bo'lishimiz shart. Ayniqsa, o'z maydonida "Paxtakor" juda xavfli jamoa. Ijobiy natija uchun eng yaxshi holatimizni ko'rsatishimiz talab etiladi.

- Tanaffusdan keyin "Al Nassr" ancha o'zgacha, ijobiy o'yin ko'rsata boshladi. Bunga nima sabab bo'ldi? Jamoa musobaqada g'olib bo'lish uchun qanchalik tayyor?
- Mavsumni yaxshi boshlagan bo'lsak-da, o'sha vaqtdagi iqlim, yuqori namlik va tig'iz taqvim tufayli har bir o'yinda kuchli ko'rinish oson emasdi. Hozir esa sharoitlar biroz boshqacha: ob-havo qulay, bahslar orasidagi vaqt ko'proq. Bu esa o'z darajamizni saqlab qolishga yordam beryapti. Biroq Chempionlar Ligasida avval nima qilganingiz ahamiyatsiz, har bir o'yin o'ziga xos va ertaga yangitdan tayyor bo'lishimiz kerak.
- "Paxtakor" ertaga hujumkor futbol namoyish etsa, bunga tayyormisizlar? Raqib tarkibidan qaysidir futbolchini alohida ajratib ko'rsata olasizmi?
- Biz raqibni Chempionlar Ligasi va mahalliy musobaqalardagi bahslari orqali to'liq tahlil qildik. "Paxtakor" - tajovuzkor, hujumkor jamoa. Ammo biz har doimgidek avvalo o'z o'yinimizga diqqat qaratgan holda, raqibning kuchli tomonlarini hurmat qilgan holda harakat qilamiz.
Darvozabon Bentuga savol
- "Paxtakor" safidagi qaysi futbolchini ertaga sizning darvozangizga eng ko'p xavf solishi mumkin deb o'ylaysiz?
- Ularning ismlarini talaffuz qilish biz uchun biroz qiyin bo'lgani sababli uzr so'rayman, ammo "Paxtakor"da mahoratli va xavfli futbolchilar ko'pligini yaxshi bilaman. Ertaga barchadan xavf kutish mumkin.
- Yaqinda "France Football" tomonidan so'rovnoma o'tkazilib, Krishtianu Ronaldu B.O.A.T (tarixdagi eng yaxshi "Oltin to'p") sohibi deb topildi. Siz ham unga ovoz berganmidingiz va siz uchun tarixdagi eng yaxshi "Oltin to'p" sohibi kim?
- Menda ovoz berish imkoniyati bo'lmagan, agar bo'lganida, albatta unga ovoz berardim. Umuman olganda, bu mukofotni yutish juda katta yutuq va unga loyiq ko'rilgan har bir o'yinchi yuksak etirofga loyiq. Faoliyati davomida bu sovrinni bir necha bor yutgan futbolchi bilan bitta kiyinish xonasini bo'lishayotganimizdan "Al Nassr"dagi barchamiz baxtiyormiz.

- Saudiya Arabistoniga jahon yulduzlarining kelishi mahalliy futbolchilarning o'sishiga qanchalik ijobiy ta’sir qilyapti? Yoshlar va olimpiya termalari natijalarida pasayish kuzatilayotgandek.
- Saudiya Arabistonida faoliyat yuritayotganimga hali ko'p bo'lgani yo'q, biroq tajribamdan kelib chiqib aytsam, ligaga to'g'ri toifadagi legionerlarning kelishi chempionat saviyasini ko'taradi. Ular o'zlari bilan faqat o'yin emas, professionalizm va yangi qarashlarni olib kelishadi. Bu esa mahalliy futbolchilarga, ayniqsa yoshlarga yuqori darajada bo'lish uchun nimalar kerakligini tushunishga yordam beradi. Albatta, milliy terma jamoalarning natijalari bundan tashqari har bir mamlakatdagi bolalar va yoshlar tizimi qanday ishlashiga ham bog'liq.
- Siz bunga qadar Osiyoning "sharqiy" tomonida ishlagansiz. Hozir esa "g'arbiy" tomondasiz. Ikki mintaqa o'rtasida qanday farq bor ekan? Masalan, avval siz Avstraliyadan Yaponiya tomonlarga uzoq safar qilgan bo'lsangiz, hozir yaqin sharqda Toshkentga safar qilyapsiz. Riyod bilan solishtirganda ob-havo ancha sovuq…
- Men Avstraliya terma jamoasida ishlagan vaqtimda Osiyoning deyarli barcha burchaklarida, jumladan Qirg'iziston va Tojikistonda bo'lganman, Toshkentga ham kelganman. Saudiyalik futbolchilar va klubimiz xodimlari qalin kurtkalar kiyib yurganini ko'rishingiz mumkin, ammo men uchun bu er unchalik sovuq emas(kuladi). Men Shotlandiyada ham yashaganman, chinakam sovuq u yerda bo'ladi, shuning uchun Toshkentdagi ob-havo futbol o'ynash uchun juda yaxshi.




