

Markazlashgan tarzda o'tayotgan pley-off bahslarining ertaga chorak final uchrashuvlari o'tkaziladi. Ushbu bahslardan oldin O'zPFL tomonidan U19 chempionatini o'tkazish uchun mas'ul qilib tayinlangan Qudrat Madraimovga bir qancha savollar berdik.
- Yil boshidayoq pley-off bahslarining Qarshi shahrida o'tkazilishi ma'lum qilingandi. Nega aynan ushbu viloyat tanlandi?
- Biz futbol geografiyasini kengaytirish niyatidamiz. Xudo xohlasa, keyingi yil pley-off bahslarini Vodiyda o'tkazishni niyat qilganmiz. Agar rejalarda o'zgarishlar bo'lmasa, barchasini shu tariqa amalga oshiramiz.
- "Bunyodkor" pley-offga bora olmasligini qachon ma'lum qilgandi? Bu rejalarga qanchalik ta’sir qildi?
- "Bunyodkor"ning pley-offga bormasligini boshqa odamlardan ancha oldin bilgandim. "Bunyodkor"ning yakuniy qarorini kutdik. Oxiri ular pley-offga bormasligi borasida xat jo'natishdi. Shundan so'ng, "Paxtakor" 11 noyabr kuni uchun Qarshiga poezd chiptalarini 13 noyabrga o'zgartirishlarini so'radim. Umuman olganda, "Bunyodkor"ning pley-offga bormasligini oldindan bilardim.
- Agar sir bo'lmasa pley-off bosqichini o'tkazish uchun O'zPFL qancha pul ishlatmoqda? Maydonning, ko'chma televizion stanciyaning ijarasi uchun qancha to'lanadi?
- Bitta KTSni Toshkentdan olib ketdik. Shuningdek, KTS bilan bog'liq bo'lgan 10 nafar odam, 2 nafar sharhlovchini ham Qarshiga olib kelganmiz. Ikkinchi KTS esa "Nasaf"niki. Ularga har bir o'yin uchun pul to'lanadi. Lekin bu qancha summaligini bilmayman. Umumiy olganda O'zPFL qancha pul ishlatishini aniq hisoblab chiqmadim. Chunki 15 nafar odamning mehmonxona puli, gonorar pullari ham bor. Maydon uchun to'lovlar esa har xil: qaysidir maydonlarga bir o'yin uchun 10 million, qaysidir maydonlarga esa 8 milliondan to'lanmoqda. O'rtacha to'lovni 8 million desak bo'ladi. O'zPFL tomonidan tashkiliy masalalar bo'yicha G'uzor va Muborakdagi stadionlarga avtobuslar tashkillashtirilgan. Biz ijaraga olgan barcha maydonlar ajoyib holatda. Qayd etish kerak, "Lochin" jamoasiga tegishli QarDU stadioni yaqindagina foydalanishga topshirilgan va u stadionda hali ko'p ham o'yinlar bo'lgani yo'q. Shu o'rinda bizga stadionlarini taqdim qilgan klub rahbarlari va jamoalarga o'z minnatdorligimni bildiraman.
- Bu yilgi U19 chempionatining o'tkazilishi, o'yinlari haqida nima deysiz? Klublar bu ligaga qanchalik qiziqishni boshladi?
- Bu yilgi o'sish juda katta. Ayrim klublar shu yilga qadar bu ligaga umuman jiddiy qaramagandi. "So'g'diyona" pley-off bosqichiga yetib keldi. Shuningdek, bu ligaga jiddiy qaramagan "Neftchi" ayni damda g'oliblik uchun kelgan. O'sish bor, klublarning ham bu ligaga e'tibori oshdi. Umuman olganda, yoshlar futboliga bo'layotgan e'tibor kuchayganini sezdim.



