"Madrid o'z tarixidagi sharmandalikni yashirmoqchi!" - Toni Freysha "Real"ni qoraladi

Aslanov Jasurbek
11 fev 2026, 19:56
"Barselona" sobiq direktori Toni Freysha "Negreyra ishi" yuzasidan keskin bayonot bilan chiqdi.

"El Partidazo de COPE" efirida mehmon bo'lgan Freysha kataloniyaliklarni himoya qilib, Madridning "Real" klubini qattiq tanqid ostiga oldi.

"Barsa"ning pokligi haqida:

"Dunyoda birorta odam Barsa hakamlar yordami bilan g'alaba qozongan deb o'ylamaydi. Futbol olamida bunga shubha qiladigan kishining o'zi yo'q. Klubimizga nisbatan qilinayotgan bunday munosabat - pastkashlikdir", - dedi Freysha.

Madridga yo'llangan ayblov: Sobiq direktorning fikricha, "qirollik klubi" ataylab vaziyatni chigallashtirmoqda:

"Madrid o'z tarixidagi sharmandaliklarni, o'zlariga ko'rsatilgan hakamlik yordamlarini yashirish uchun boshqalarni qoralashi va ayblashi shart. Ular shu yo'l bilan o'z "izlarini" bostirishga harakat qilishmoqda".

"Negreyra ishi" nima edi? Eslatib o'tamiz, 2023 yilda "Barselona" va uning rahbariyatiga nisbatan hakamlar texnik qo'mitasi sobiq vice-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraga 2001 yildan 2018 yilgacha bo'lgan davrda millionlab evro miqdorida pul to'laganlik aybi qo'yilgan edi. Klub bu to'lovlar faqatgina texnik hisobotlar va maslahatlar uchun berilganini ta'kidlab kelmoqda.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Diario Sport