Keyingi oy amputantlar o'rtasidagi jahon chempionati boshlanadi: O'zbekiston "E" guruhidan joy olgan

Оқил Абдубарноев
23 okt 2026, 13:42
13–22 noyabr kunlari Meksikada bo'lib o'tadigan amputantlar o'rtasidagi futbol bo'yicha jahon chempionati o'tkaziladi.

Jahon amputantlar futboli federatsiyasi tomonidan tashkil etiladigan musobaqada to'rt qitadan saralash bosqichlari orqali yo'llanma olgan 24 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi. Qur'a natijalariga ko'ra, jamoalar to'rttadan oltita guruhga taqsimlandi.

Besh karra jahon chempioni hisoblangan O'zbekiston terma jamoasi "E" guruhidan joy oldi. Hamyurtlarimiz 14 noyabr kuni AQSHga qarshi ilk uchrashuvini o'tkazadi. 15 noyabrda Urugvay, 16 noyabrda esa Marokash terma jamoasi bilan kuch sinashadi. Uchrashuvlar sanalari Meksika mahalliy vaqti bo'yicha keltirilgan.

Musobaqa reglamentiga ko'ra, har bir guruhda dastlabki ikki o'rinni egallagan jamoalar, shuningdek, uchinchi o'rin sohiblari orasidan eng yaxshi natija qayd etgan to'rtta terma jamoa nimchorak finalga yo'l oladi.

Ma'lumot uchun, O'zbekiston amputantlar terma jamoasi jahon futbolida boy tarix va katta tajribaga ega. Hamyurtlarimiz 1990, 1991, 2007, 2010 va 2012 yillarda jahon chempionligiga erishgan. Xususan, 2007 yil Turkiyada, 2010 yil Argentinada va 2012 yil Rossiyada o'tkazilgan dunyo birinchiliklarida ketma-ket uch marta bosh sovrin qo'lga kiritilgan.

2022 yili Turkiyaning Istanbul shahrida bo'lib o'tgan so'nggi jahon chempionatida esa O'zbekiston terma jamoasi bronza medaliga sazovor bo'lgan. O'sha musobaqada mezbon Turkiya chempionlikni qo'lga kiritgan, Angola terma jamoasi ikkinchi o'rinni egallagan.

O'zbekiston terma jamoasi 2025 yilda qita miqyosida ham e'tiborli natijalar qayd etdi. Fevral oyida Bangladesh poytaxti Dakkada o'tkazilgan Osiyo chempionati finalida Indoneziyani 6:0 hisobida mag'lub etib, chempionlik unvonini qo'lga kiritdi. Noyabr oyida Indoneziyaning Jakarta shahrida tashkil etilgan, jahon chempionatiga saralash vazifasini ham bajargan Osiyo kubogida esa finalga qadar yetib bordi. Hal qiluvchi bahsda Eronga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan jamoamiz kumush medal bilan birga jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritdi.

Takidlash joiz, amputantlar o'rtasidagi jahon chempionati sakkiz yillik tanaffusdan so'ng yana Meksikada tashkil etiladi. Ushbu mamlakat 2018 yilgi musobaqaga ham mezbonlik qilgan bo'lib, o'shanda Angola terma jamoasi chempionlikni qo'lga kiritgan edi. 2026 yilgi jahon chempionatiga esa Turkiya amaldagi chempion sifatida tashrif buyuradi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia