

Championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 8-turning eng yaxshi darvozaboni - O'tkir Yusupov
“Navbahor” yakuniga etgan turda “Lokomotiv” bilan bahs yuritib, 2:0 hisobida muvaffaqiyat qozondi. Bu g'alabada O'zbekiston terma jamoasi asosiy posboni O'tkir Yusupovning hissasi katta bo'ldi. U bahsda naqd 7 ta seyv amalga oshirdi, shuningdek, jamoasini muqarrar goldan saqlab qolgan holat ham kuzatildi. Shunday qilib, Championat.asia sayti aynan O'tkir Yusupovni tur darvozaboni nomiga loyiq ko'rdi.

Championat.asia sayti talqinida 8-turning eng yaxshi murabbiyi - Ilyos Zeytullaev (“Bunyodkor”)
“Bunyodkor” bu turda Zominda “So'g'diyona” bilan to'qnash kelib, 3:2 hisobidagi g'alabani tantana qildi. “Qaldirg'ochlar” dastlab 0:2 hisobida ortda borayotganiga qaramay, o'yin tizginini o'zi tomonga og'dira oldi. Shu tariqa, chiroyli o'yin va munosib jang evaziga g'alabani qo'lga kiritgan murabbiy Championat.asia sayti tomonidan tur murabbiyi deb topildi.

Championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 8-turning eng yaxshi futbolchisi - Bilolxon Toshmirzaev (“Bunyodkor”)
Yuqorida yozib o'tganimizdek, “Bunyodkor” bu turda safarda “So'g'diyona”dan ustun keldi. Uchrashuv Bilolxon Toshmirzaevning benifisiga aylanib ketdi. 28 yoshli vinger faoliyatidagi eng yorqin o'yinlaridan birini o'tkazib, xet-trikni rasmiylashtirdi. Championat.asia ijodkorlari so'zsiz aynan uni tur futbolchisi deya etirof etdi.

Championat.asia sayti talqinida 8-turning eng chiroyli goli muallifi - Bilolxon Toshmirzaev (“Bunyodkor”)
8-turning eng yaxshi futbolchisi Bilolxon Toshmirzaev tur goliga ham mualliflik qildi. Urilgan golda chiroydan ko'ra amalga oshirilgan kombinaciya muhim ahamiyat kasb etdi. O'zbek futbolida bunday gollar kamdan kam uchraydi - ketma-ket aniq paslar va muvaffaqiyatli yakun. Yana bir muhim jihat shundaki, bu gol jamoaga yakunda g'alaba keltirdi (3:2). Championat.asia sayti ortiqcha muhokamalarsiz Bilolxon Toshmirzaevni 8-turning eng chiroyli goli muallifi deb topdi.




