Bahodir Nasimov: Ozarbayjonga pul uchun kyetmadim

Aziz Tukhtamuradov
23 iyul 2018
O'zbekiston milliy termasining sobiq hujumchisi Bahodir Nasimov faoliyatini yana Ozarbayjon chempionatida davom ettirmoqda.

Ham­yurtimiz Keshla klubi bilan shartnoma imzoladi. O'tgan mavsum mamlakat kubogi sohibi bo'lib, Yevropa Ligasining saralash bahslarida o'ynash huquqini qo'lga kiritgan bu klub Nasimov orqali hujum chizig'ini kuchaytirishni maqsad qilgan. Bahodir uchun ushbu mamlakat futboli begona emas.

Tajribali hujumchi 2010|2011 yillar mavsumida Bokuning Neftchi klubi safida Ozarbayjon chempionati to'purari bo'lgandi. Nasimov 2014 yili Neftchini tark etgandi. Shundan keyin u Eronning Padideh, Janubiy Koreyaning Ansan klublarida o'ynadi.

Orada Bunyodkor sharafini ham himoya qildi. Futbolchi so'nggi yarim yilni Buxoro safida o'tkazib, 11ta o'yinda 3ta gol urdi. 

- Bahodir, Ozarbayjon klubiga o'tish varianti qanday paydo bo'ldi?

- Agentlar Ozarbayjon jamoasidan taklif bo'layotganini aytishdi. Klubdagi sharoitlar, jamoa oldiga qo'yilgan vazifalarni o'rganib chiqqach, bu taklifga rozilik berdim.

- Buxorodan osonlikcha qo'yib yuborishmagandir?

- Ha, albatta. Chunki jamoa bilan hali amalda shartnomam bor edi. Lekin boshqa tomondan olib qarasak, kelishuvda xorij klublaridan taklif tushsa, qo'yib yuborishlari haqida band ham kiritilgandi. Ana shu imkoniyatdan foydalanib, Ozarbayjon chempionatiga yo'l oldim. Meni to'g'ri tushungani uchun Ulug'bek Baqoevga minnatdorlik bildiraman.

- Ozarbayjon klubining taklifi nimasi bilan qiziqarli bo'ldi? Yoki maosh Buxorodagidan ko'pmi?

- Yo'q, birinchi galda Keshlaning Yevropa Ligasida ishtirok etishi diqqatimni o'ziga tortdi. Ikkinchidan, o'zimni yana bir bor legioner sifatida sinab ko'rish imkoniyati yuzaga kelgani uchun bu chaqiruvga rad javobini bera olmadim. Uchinchidan, Ozarbayjon chempionati men uchun begona emas.

Bir necha yil davomida ushbu mamlakatning eng mashhur jamoasi - Neftchi sharafini himoya qildim. 2011 yilda Ozarbayjon chempionati to'purari va ketma-ket uch marotaba mamlakat chempioni bo'ldim. Ana shu omillar Keshla taklifini qabul qilishimga zamin yaratdi. Yashirmayman, taklifning moliyaviy tomonini ham o'yladim. Lekin bu eng birinchi masala emas.

- Bosh murabbiy mahalliy mutaxassismi? U bilan gaplashib oldingizmi?

- Keshla klubining murabbiyi ukrainalik. U bilan gaplashib olgandik. Lekin Yevropa Ligasining birinchi bosqich ilk uchrashuvidagi yirik mag'lubiyatdan so'ng Maksimov iste'foga chiqarildi.

- Jamoa bilan tanishishga ulgurdingizmi? Klubda avval birga o'ynagan futbolchilar bormi?

- Ha, bor. Shu bois, yangi jamoaga kirishib kyetish jarayoni qiyin kechmadi. Klub bilan yaqindan tanishib chiqdim va bu jarayon hamon davom etmoqda.

- Mashg'ulotlarda farq sezdingizmi?

- Endi 2-3ta mashg'ulotda ishtirok etganim uchun katta farq sezmadim. Bosh murabbiy ham iste'foga chiqarildi. Shu sababli hali taktika haqida hech qanday ma'lumotga ega emasman. Yangi tayinlanadigan murabbiy o'zining futbolga yangicha qarashlarini joriy qilsa kerak.

- Yevropa Ligasining birinchi o'yi­­n­ida maydonga tushmadingiz. Buning sababi nimada? Yoki ro'yxatdan o'tkazishga ulgurishmadimi?

- Yo'q, UEFAga berilgan ro'yxatda ism-sharifim bor. Lekin viza o'z vaqtida taqdim etilmagani uchun ilk o'yinda maydonga tushmadim. Keyingi o'yinlarda bunday muammo bo'lmaydi.

- Jamoada sizdan boshqa legionerlar ham bormi?

- Bor, albatta. Mendan tashqari yana olti nafar xorijlik futbolchi bor. Shulardan 3-4 nafarini taniyman, ular oldin ham Ozarbayjon chempionatining boshqa klublarida o'ynashgan.

- Hozir qayerda yashayapsiz?

- Alohida uy berishgan.

- Klub rahbariyati Keshla oldiga chempionat uchun aniq vazifa qo'yganmi?

- Mavsumni evrokuboklarga yo'llanma beruvchi o'rinlarda yakunlashimiz kerak.


K.ALIMOV suhbatlashdi. "Interfutbol" gazetasi


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: