

Kecha - 6 aprel oqshomida inspeksiya o'rganish yakunlari bo'yicha Ligaga bildirgi taqdim etdi. Unda voqea tafsilotlari stadion kameralari, guvohlar, Komissar ko'rsatmasi yordamida o'rganilgan. Shuningdek, “Lokomotiv” futbolchisi Abdulloh Yo'ldoshev, “Bunyodkor” futbolchisi Narimon Ahmadjonov, klub selekcioner murabbiyi Bek Abdullaev hamda mamur Botir Zohidov bilan suhbatlar o'tkazilgan. To'plangan barcha ma'lumotlar bayonnoma shakliga keltirilgan.
Ma'lumki, mojaro ishtirokchilari ichki ishlar tayanch punktida bir-biriga nisbatan davosi yo'qligini ma'lum qilgandi. Garchi ular o'zaro kelishib olgandek taassurot hosil qilsa-da, Liga mazkur holatni shunday qoldirmaslikka qaror qildi. Zero, bu kabi holatlar professional sportchiga xos hisoblanmaydi.
Assotsiatsiya va Liga hamkorlikda bir qator ommaviy futbol musobaqalarini ham tashkil qiladi. Ular orasida talabalar, mahalla yoshlari, turli davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari o'rtasida o'tkaziladigan musobaqalar mavjud. Tabiiyki, kontaktli sport turi sifatida futbolda ayrim vaziyatlarda qatnashchilar quyushqondan chiqib ketadigan holatlar uchrab turadi. Azart holatida professional futbolchilar ham maydonda turli noqulay vaziyatlar keltirib chiqarishi mumkin. Liga yoki tegishli qo'mitalar o'yin jarayonidagi bu kabi holatlarni to'g'ri talqin qilishga harakat qiladi. Biroq har qanday professional murakkab vaziyatlarda o'zini qo'lga ola bilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Tartib-intizom qo'mitasi ko'ngilsiz holatlar yuzasidan qaror qabul qilayotganda aynan mana shu jihatlarni inobatga oladi.
“Bunyodkor” va “Lokomotiv” klubi a'zolari tomonidan ro'y bergan holat esa yanada uyatliroqdir. Bu asablar tarang tortilgan vaqtda quyushqondan chiqish emas, maydondagi holatlar va kelishmovchiliklar ortda qolgan, professional o'z mahoratini ko'rsatishi lozim bo'lgan paytda - futbol uchrashuvi tugaganidan keyin ham bir-biridan o'ch olish, bir-biriga ehtimoliy shikast etkazish uchun qasd qilingan holatdir. Liga bu kabi harakatlarni keskin qoralaydi. Liga professional sportchilarni ro'yxatdan o'tkazadi. Biroq ular orasida havaskorlar o'rtasidagi musobaqalarda ro'y berishi mumkin bo'lgan holatlardan-da uyatliroq vaziyatlar yuzaga kelsa, Liga unga qarshi jiddiy choralar ko'rishga chaqiradi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Liga “Lokomotiv” futbolchisi Abdulloh Yo'ldoshev va “Bunyodkor” a'zosi Narimon Ahmadjonov licenziyasini Tartib-intizom qo'mitasining navbatdagi yig'ilishiga qadar qaytarib oladi. Keyinchalik esa qo'mita qarori asosida ishni tegishli ravishda tartibga soladi.
Shuningdek, “Bunyodkor” klubi ham o'z ishchi-xodimlarining (Bek Abdullaev) texnik zonadagi hatti-harakati, Komissarning reglament asosidagi talabiga bepisand munosabatda bo'lgani, futbolchilar o'rtasidagi munosabatlarga hech bir sababsiz aralashishi oqibatida vaziyatni yanada keskinlashtirganidan kelib chiqib, alohida sankciyasiga tortilishi mumkin bo'ladi. Qo'mitaning mazkur ish borasidagi qarori keyinroq rasman e'lon qilinadi.



