Superliga. 21 yillik g'alaba, murabbiy tufayli kechikkan o'yin hamda chetlatishlarga olib kelgan janjal - 3-tur nimasi bilan yodda qoldi?
19 mar 20:20
Yangiliklar
Superliga. 21 yillik g'alaba, murabbiy tufayli kechikkan o'yin hamda chetlatishlarga olib kelgan janjal - 3-tur nimasi bilan yodda qoldi?
"Lokomotiv" — "Paxtakor" 3:0
Uchrashuv nimasi bilan yodda qoldi?
- CHempionlar bellashuvi
Mazkur turda o'tgan mavsumda O'zbekistonda daraja jihatdan ikkinchi o'rinda turuvchi Pro liga g'olibi "Lokomotiv" yuqori elita hisoblangan Superliga chempioni "Paxtakor" bilan duelga chiqdi va Dantesning Pushkinga qilgan ishini "takrorladi".
- Murabbiy tufayli kechikkan o'yin
Mazkur o'yin belgilangan vaqtdan 6 daqiqa kech boshlandi. Reja bo'yicha o'yin 18:45 da start olishi lozim edi. Sport-TV translyaciyani o'z vaqtida boshladi, PFL rasmiylari, "Paxtakor" klubi vakillari countdown'da ko'rsatilgan vaqtda texnik zonaga chiqib keldi. Biroq "Lokomotiv" 18:45 holatida ham kiyim almashtirish xonasi eshigini ochmagan. Murabbiy Aleksandr Stoymirovich PFL komissariga nisbatan bepisand munosabatda bo'lgan. Mazkur holat inobatga olinib, PFL Stoymirovichni jarimaga tortgan.
- Penalti
Uchrashuvning 36-daqiqasida "Paxtakor" o'yinchisi Umar Adhamzoda radarlarga bayram qilish uchun etarli tezlikda jarima maydoniga kirib borayotgan Sardor Abdunabievni yo'l-patrul xodimi singari tayog'i bilan emas, oyog'i bilan to'xtatdi. Uchrashuv bosh hakami esa raqibini besabab to'xtatgan mehmonlar vakilini aybdor deb topdi va bahsni nuqta chizilgan joydan hal qilish kerakligini ko'rsatdi. Pavel Pavlyuchenko qanchalik tashlanmasin, Damyan Krayishnik tepgan to'pni bag'riga bosa olmasdan, o'tkazib yubordi.
- Aldama meni
O'yinning 47-daqiqasida "Paxtakor" himoyachilarining qo'pol xatosi natijasida Ivan Bulatovich hisobni yirik ko'rinishga keltirdi va golini nishonlash jarayonida libosini echdi. Qiziq tomoni, futbolchi libosi ostidan xuddi shu kiyimning boshqasini kiygani malum bo'ldi. Biroq forvard o'z etiroziga qaramay, hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.
- Abdujalilovning omadli debyuti
"Lokomotiv" darvozasini dastlabki ikki turda Suhrob Sultonov qo'riqlagandi. Mamlakatning amaldagi chempioniga qarshi bahsda esa o'tgan mavsum klub safida ishonchli harakat qilgan Abdumavlon Abdujalilov maydonga tushdi hamda o'z darvozasi daxlsizligini saqlash bilan bir qatorda turning eng yaxshi darvozaboni deb topildi.
O'yinning eng yaxshi futbolchisi
Ivan Bulatovich ("Lokomotiv")
Murabbiylar fikri
Aleksandr Stoymirovich ("Lokomotiv" katta murabbiyi):
"Olimpik" bilan o'yindan keyin bu uchrashuvga tayyorlanishga vaqtimiz kamroq bo'ldi. "Paxtakor"ning "Nasaf" bilan o'yinini kuzatdik. "Nasaf" ham biz kabi o'yin ko'rsatadi, biz kabi sxemada o'ynaydi. Yordamchim Marko Bayich bilan o'sha o'yinga bordik va ko'p narsalarni ko'rib oldik. Vaqtimiz ko'p emasdi. Bugun ko'ringanidek yigitlar bilan o'yinga yuqori darajada tayyorlana oldik. Bu safar biz o'yin sifatimizni ko'tara oldik. Natija nuqtai nazaridan bu ijobiy ko'rinishi mumkin. Biroq keyingi safar bunday hisobda yuta olmasligimiz mumkindir. "Metallurg" bilan o'yindan keyingi matbuot anjumanida aytganimdek, "Lokomotiv" yangi jamoa qurmoqda. CHempionat davomida jismoniy holatimizni yaxshilab boramiz. Bugungi uchrashuv orqali yigitlar sifatni bir pog'ona yaxshilab olganini ko'rsata olishdi. Biroz bo'shashib, ruhiy tomonlama o'yinga yuqori darajada tayyorlanishdi. Taktika nuqtai nazaridan "Olimpik" bilan o'yindagi holat o'zgarmadi. Faqatgina o'zimizga muammo keltirishi mumkin bo'lgan narsalarni olib tashladik. Futbolchilar ko'p texnik xatolarga yo'l qo'yishadi. SHu sababli ularni ruhan tayyorlash kerak bo'ldi. Yigitlarni tabriklayman, ular bu o'yinda haqli g'alabaga erishishdi. Harakat qilishdi va yuqori daraja namoyish qila olishdi. Takrorlayman, bu safar uchta gol urgandirmiz, keyingi o'yinda bunday bo'lmasligi mumkin".
Maksim SHackix ("Paxtakor" bosh murabbiyi):
"Bugun bizning kunimiz emas ekan. Yoshlarda stabillik etishmasligi tabiiy. Biz nima aytgan bo'lsak teskarisi bo'ldi. Hech narsa o'xshamadi. 3 ta golni ham o'zimiz olib keldik".
Qiziqarli faktlar
- "Lokomotiv" 2018 yildan keyin ilk bor o'z uyida "Paxtakor"ga gol urdi.
- "Lokomotiv" o'zaro 8 o'yindan iborat g'alabasiz seriyaga chek qo'ydi.
- "Paxtakor" Superligada 2020 yil 25 noyabrdan buyon (1205 kun) ilk bor yirik hisobda mag'lub bo'ldi. O'shanda "sherlar" Qarshida "Nasaf"ga 0:3 hisobida yutqazishgandi.
- Uchrashuv bosh hakami Rustam Lutfullin 2022 yilgi "Paxtakor" - "Lokomotiv" uchrashuvida ham bosh hakam sifatida ishlagandi (2:0). SHuningdek, u 2020 yilgi "Paxtakor" - "Lokomotiv" (7:0) o'yinida zaxira hakami bo'lgandi.
- "Paxtakor"ga qarshi o'yinda hisobni ochgan Sardor Abdunabiev o'tgan mavsum "Andijon" safida poytaxt klubiga qarshi har ikki o'yinda golli uzatma amalga oshirgandi.
- "Lokomotiv" Superligada 2017 yildan beri dastlabki uch o'yindagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. O'shanda "temiryo'lchilar" uchala o'yinda ham zafar qugan, yakunda esa chempionlikni qo'lga kiritgandi.
- "Paxtakor" darvozaboni Pavel Pavlyuchenko O'zbekiston Superligasida ilk marotaba darvozasidan bitta o'yinda bittadan ko'p gol o'tkazdi.
"Neftchi" — "Metallurg" 1:0
Uchrashuv nimasi bilan yodda qoldi?
- Darvozabonlar mahorati
Uchrashuv davomida ikkala klub darvozabonlari suvga sho'ng'igan harakat namoyish qilib, bir necha xavfli zarbalarni bartaraf etishga muvaffaq bo'ldi.
- Jabrdiyda mehmonlar
O'yin davomida ko'p marotaba bekobodliklarning bir nechta futbolchisi shifokorlardan yordam olishga majbur bo'ldi. Ayrim to'qnashuvlar xavfli chiqdi.
- Muvaffaqiyatsiz qarshi hujum
O'yinning 84-daqiqasida mehmonlar tezkor qarshi hujumga o'tdi. SHahzod Ubaydullaevning zarbasini "Neftchi" himoyachisi so'nggi soniyalarda bartaraf etdi.
- "O'tmas qaychi"
Aynan yuqoridagi hujumning davomi o'laroq burchakdan uzatilgan to'p natijasida yana SHahzod Ubaydullaev juda yaqin masofadan "qaychi" uslubida zarba yo'lladi, biroq raqib posboni xalaqit bergani tufayli uning urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
- Yagona gol
Bellashuvning 88-daqiqasida Katalin Karp jarima maydoni chizig'i ustidan aniq zarba yo'llab, o'yindagi yagona golni urdi. Qiziq tomoni, yarim himoyachi 8-daqiqadayoq raqib futbolchisiga nisbatan qo'pol o'ynab, maydondan chetlatilishiga bir bahya qolgandi.
O'yinning eng yaxshi futbolchisi
Katalin Karp ("Neftchi)
Murabbiylar fikri
Vitaliy Levchenko ("Neftchi" bosh murabbiyi):
"Bugun "Metallurg" bizga juda qattiq qarshilik ko'rsatdi. Og'ir o'yin, vaziyatlarni yuzaga keltirish oson bo'lmadi. SHunday bo'lsa-da, yuzaga kelgan imkoniyatdan unumli foydalangan holda natijaga erishdik".
Vesko Steshevich ("Metallurg" bosh murabbiyi):
"Qiziqarli o'yin guvohiga aylandik. Birinchi bo'lim har ikki jamoa uchun ham qiyin o'tdi. Teng kurash kechdi, "Neftchi"da ham, bizda bittadan vaziyat yuzaga keldi xolos. Ikkinchi bo'lim yanada qiziqarli va vaziyatlarga boy o'tdi. CHempionlikka kurashayotgan kuchli raqib maydonida yomon o'ynamadik deb o'ylayman. Har ikki jamoada ham vaziyatlar ko'paydi. Ayniqsa gol o'tkazib yuborganimizdan so'ng bizdagi vaziyatlar soni yanada ortdi. Bugungi o'yin uchun futbolchilarimga etiroz yo'q".
Qiziqarli faktlar
- Farg'onadagi so'nggi 8 uchrashuvning faqat bittasida "Metallurg" g'olib bo'lgan (2017 yil).
- Bekobod klubi Farg'onadagi oxirgi 4 ta uchrashuvdan beri birorta gol ura olmayapti.
- "Metallurg"ning "Superliga doirasidagi 3 o'yinlik mag'lubiyatsiz seriyasi yakunlandi.
- "Neftchi" ketma-ket ikkinchi mavsumning dastlabki uch turni g'alaba bilan boshladi.
- "Neftchi"ning Superligadagi mag'lubiyatsiz seriyasi 5 o'yinga etdi.
"So'g'diyona" — "Olimpik" 2:2
Uchrashuv nimasi bilan yodda qoldi?
- Kechirilmas xatolar
O'zbekiston olimpiya terma jamoasining negizini tashkil etuvchi "Olimpik" klubi futbolchilari uchrashuvning dastlabki daqiqalarida kaftni peshonaga qo'yadigan xatti-harakatlar amalga oshirdi va bu qimmatga tushdi. Jumladan, 3-daqiqadayoq Zevadinovning qo'pol xatosidan so'ng mezbonlar hisob hisobni ochgan bo'lsa, yarim soatdan so'ng toshkentliklar darvozabonining noaniq uzatmasi tabloga qaraydigan xodimning ter to'kishiga sabab bo'lishi mumkin edi.
- Kambek
Dastlab o'z darvozasidan ikkita to'p o'tkazib yuborganiga qaramay, "Olimpik" futbolchilari o'zlarida iroda topa olishdi va hisobni tenglashtirdi.
- VAR katta sahnada
Bosh hakam uchrashuv davomida uch marotaba VARga murojaat qildi. Ulardan birida "So'g'diyona"ning goli inobatga olindi. SHuningdek, ikki jamoa darvozasi tomon bittadan penalti belgilanmadi.
O'yinning eng yaxshi futbolchisi
Alisher Odilov ("Olimpik")
Murabbiylar fikri
Ivan Boshkovich ("So'g'diyona" bosh murabbiyi):
"Juda qiziqarli o'yin bo'ldi. To'rtta gol, juda ko'p vaziyatlar. Bu o'yinga juda kuchli tayyorgarlik ko'rgandik. To'g'risi, bugungi uchrashuvdan ko'proq narsa kutgandim. 2:0 hisobida oldinda borayotgandik. Futbol shunaqa sport turi. Gol urmasang, senga gol urishadi. Birinchi taym oxirida gol o'tkazib qo'ydik. Koncentraciyani yo'qotib qo'ydik. Standard vaziyatdan gol o'tkazib yubordik. Standard vaziyatlar bizning ustunligimiz bo'lishi kerak edi. Yigitlar bilan tanaffusda suhbatlashib olgandim. Birinchi bo'lim so'ngida o'tkazib yuborilgan gol ikkinchi bo'limda bizga ruhan tasir qilmaydi deb o'ylagandim, ammo bunday bo'lmadi. Yigitlar harakat qilishdi, ularga etiroz yo'q. Bor kuchlarini ishga solishdi. Golli vaziyatlardan foydalanish kerak. Durang adolatli natija deya olaman".
Timur Kapadze ("Olimpik" bosh murabbiyi):
"Qiziqarli o'yin bo'ldi. Ikkala jamoa ham yaxshi o'yin ko'rsatdik. Ikki to'p farqini yo'qqa chiqarganimizdan xursandman, qiyin holatdan chiqib ketdik. G'alaba qozonishimiz ham, mag'lub bo'lishimiz ham mumkin edi. O'yin oxirida ochik futbol ko'rdik. Bugun yigitlar yaxshi harakat qilishdi deya olaman. Qaerdadir xatolar bo'lgan bo'lishi mumkin, ammo yigitlardan qoniqdim. Qiyin uchrashuvda bir ochko qo'lga kiritdik".
Qiziqarli faktlar
- "So'g'diyona" o'z tarixida "Olimpik"ni mag'lub eta olmayapti. Jamoalar beshinchi o'yinda to'rtinchi marotaba durang o'ynadi.
- Superligada "Olimpik" to'rt, "So'g'diyona" esa besh o'yindan beri g'alaba nimaligini bilmayapti.
- Oleg Zoteev Superligadagi oxirgi golini 2019 yil "Buxoro" darvozasiga urgandi.
- 20 yoshli himoyachi Aleksandr Zevadinov Superligadagi debyut golini urdi.
- Alsher Odilov o'tgan mavsum ham Jizzaxda bo'lib o'tgan Superliganing 2-turida "So'g'diyona" darvozasini aynan penaltian ishg'ol qilgandi.
- "Olimpik" dastlabki uch turda o'z tarixidagi eng yomon startni amalga oshirdi. Uchinchi mavsum Superligada qatnashayotgan klub 2022 yil uch o'yinda 2 ochko jamg'argandi.
"Surxon" — "Andijon" 2:3
Uchrashuv nimasi bilan yodda qoldi?
- Gollarga boy o'yin
Uchrashuv davomida ko'chpilik maktabda erishishni orzu qiladigan bahoga teng gollar urildi.
- Penalti
34-daqiqa "Surxon" o'yinchisi Dmitri Pletnev o'z jarima maydonchasi ichida raqibini maydonga yiqitdi. Hakam Farhodjon Sohibjonovga nisbatan ishlatilgan bu harakat penalti belgilanishiga sabab deb topdi va nuqtaga ishora qildi.
- Iftorlik
Ramazon oyi munosabati bilan ro'za tutgan futbolchilarni iftorlik qilishi uchun o'yin qisqa muddatga to'xtatildi.
- Qoyilmaqom jarima zarbasi
Ikkinchi bo'limga hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqalarning to'rtinchisida Humoyun SHerbo'taev jarimadan ajoyib gol urishga muvaffaq bo'ldi.
- Hakam hushtagidan keyingi janjal va chetlatishlar
Bellashuv yakuniga etgach, o'zaro nizoga borgan Egor Krimec va SHahrom Samievga bosh hakam Asker Najafaliev tomonidan qizil kartochka ko'rsatildi.
O'yinning eng yaxshi futbolchisi
Farhod Sohibjonov ("Andijon")
Murabbiylar fikri
Fevzi Davletov ("Surxon" bosh murabbiyi):
"O'yin biz kutganimizdek bo'ldi. O'yinga tayyorgarlik jarayonida raqib standart vaziyatlardan yaxshi foydalanishi bilgandik. Aynan standart vaziyatidan gol o'tkazib yubordik. Ayrim bir jihatlarda o'yinimiz o'xshamadi. Yo'q joydan penalti olib keldik. Hujumda agressivroq o'ynashimiz kerak edi".
Aleksandr Xomyakov ("Andijon" bosh murabbiyi):
"G'alaba qozonganimizdan xursandmiz, ammo O'yin so'ngida o'tkazib yuborilgan ikki gol meni ranjitdi. Xotirjam g'alaba qozonishimiz kerak bo'lgan o'yinni asabiy tarzda tugatdik. O'yinni tashlab yubordik. Bugungi uchrashuv bizga dars bo'ladi degan umiddaman".
Qiziqarli faktlar
- Andijon" "Surxon" maydonida oxirgi uch o'yin gol ura olmagandi. Oxirgi bellashuvda esa naq uchta gol bilan javob berdi.
- "Andijon" so'nggi marta "Surxon" maydonidan 2003 yilda g'alaba bilan qaytgan va safarda so'nggi bor 2004 yilda bu jamoaga gol urgandi. Mazkur noxush ananaga ham chek qo'yildi.
- "Surxon" oxirgi marta 2002 yilgi mavsum chempionatni uch mag'lubiyat bilan boshlagan. Termizliklar o'shanda ketma-ket olti o'yinda g'alaba qozona olmagan.
- "Andijon" o'z tarixida ilk marotaba O'zbekiston chempionatining dastlabki uch turida 7 ochko jamg'ardi.
- Egor Krimec 997 kundan so'ng maydonga qaytdi. Futbolchi 2021 yil 23 iyun kuni "Paxtakor" safida aynan "Andijon"ga qarshi o'ynagandi. Biroq qaytish omadli bo'lmadi.
"Nasaf" — "Qizilqum" 2:1
Uchrashuv nimasi bilan yodda qoldi?
- "Qizilqum"ning ilk mag'lubiyati
Navoiyliklar dastlabki ikki turda olti ochko qo'lga kiritishga muvaffaq bo'lgandi. 3-turda esa mavsumdagi ilk mag'lubiyatini qabul qilib oldi.
- Omadsiz Marushich
Birinchi bo'limga qo'shib berilgan daqiqalarda "Nasaf" hujumchisi Zoran Marushich raqib darvozaboni bilan birga-bir vaziyatga chiqib borib, noaniq zarba yo'lladi va qulay imkoniyatni ko'kka sovurdi.
- Tur goli
Garchand imkoniyatni boy beraniga qaramay, "Qizilqum" vingeri Akaki SHulaya raqibning bir necha futbolchisini dog'da qoldirib, o'tkir burchakni aniq nishonga oldi.
- Peshonasi g'urra bo'lgan bo'lgan darvoza
O'yin davomida "Nasaf"ning braziliyalik hujumchisi Viktor Da Silva faol harakatlari bilan ko'zga tashlandi. 51-daqiqada u raqiblarini yana bir marotaba xafa qilishi mumkin edi, ammo uning zarbasi darvoza to'siniga tegib qaytdi.
- Qizil kartochka
83-daqiqada "Qizilqum" himoyachisi Ilhom Vahobov raqib darvozaboniga tezkor qarshi hujum boshlash uchun xalaqit qilgani bois ikkinchi bor ogohlantirilib, maydondan chetlatildi va jamoasini biroz qiyin ahvolga solib qo'ydi.
O'yinning eng yaxshi futbolchisi
Akmal Mozgovoy ("Nasaf")
Murabbiylar fikri
Ro'ziqul Berdiev ("Nasaf" bosh murabbiyi):
"Uchrashuvning shunaqa og'ir o'tishiga o'zimiz sababchimiz. Birinchi bo'limdagi xotirjamlik va ishonch ikkinchi bo'limda susayib qoldi. "Qizilqum" jamoasi bizga juda yaxshi qarshilik ko'rsatdi, gol kirita oldi. SHunday bo'lsa ham yigitlarga raxmat aytaman, ular maydonda oxirigacha kurashishdi. Vaziyatlarimizdan to'g'ri foydalana olganimizda hisob bundan ham yaxshiroq tus olishi mumkin edi".
Jamshid Saidov ("Qizilqum" bosh murabbiyi):
"Birinchi bo'limda vaziyatlarimiz o'xshamadi. "Nasaf"ni g'alaba bilan tabriklayman. O'yinga tayyorlagan rejalarimiz bor edi. Qarshi hujumlardan foydalanishga harakat qildik. Ikkinchi bo'limda vaziyatlarimiz ko'paydi, o'yinimizni kuchaytira oldik".
Qiziqarli faktlar
- "Qizilqum"ning "Nasaf"ga qarshi g'alabasiz seriyasi 11 ta o'yinga etdi. So'nggi bor Navoiy klubi 2018 yilgi mavsumda o'z maydonidagi bahsda "Nasaf"ni 2:0 hisobida mag'lub etgan.
- O'tgan mavsum "Qizilqum" tarkibida harakat qilgan Murodbek Rahmatov sobiq jamoasi darvozasiga to'p kiritdi.
- "Nasaf"ning Superligadagi mag'lubiyatsiz seriyasi 10 taga etdi. Qarshiliklar oxirgi marta o'tgan yilning sentyabrida o'z maydonida "Bunyodkor"ga yutqazib qo'ygandi.
"Bunyodkor" — "Navbahor" 2:2
Uchrashuv nimasi bilan yodda qoldi?
- Qayrilgan qanotlari tuzalayotgan "Bunyodkor"
Dastlabki ikki turda xorvatiyalik murabbiy qo'l ostida ko'ngilni xira qiladigan mag'lubiyatlar qabul qilib olib, darvozasiga siqqancha to'p o'tkazib yuborayotgandi. Jamoaga vaqtincha bosh murabbiy etib tayinlangan Anvar G'ofurov esa ilk qiyin sinovdanoq muvaffaqiyatli o'tdi.
- Qanotini o'zgartirgan Sayfiev
"Paxtakor" klubi va O'zbekiston terma jamoasida chap qanot himoyasida to'p tepgan Farruh Sayfievga "lochinlar" ustozi o'ng qanotni ishonib topshirmoqda. Teskari qanotda bo'lishiga qaramay, futbolchi dastlabki golda assist vazifasini bajardi.
- Dubllar dubli
Uchrashuvda "Bunyodkor" safida Mirjahon Mirahmadov, "Navbahor"da esa Toma Tabatadze ikkitadan to'p kiritdi.
- Belgilanmagan penalti
Bellashuvning 25-daqiqasida mezbonlarning raqib hujumini bartaraf etish chog'ida to'p Temirxo'ja Abduxoliqovning qo'liga tegdi. Bosh hakam Olim To'ychiboev bu holatni tabiiy deya baholadi.
- Penalti
72-daqiqasida "Bunyodkor" darvozasi tomon penalti belgilandi. Qantdan oshirilgan to'p mezbonlar himoyachisi Azizbek To'lqinbekovning qo'liga tekkan deb topildi.
- Babayanni tinchlantirgan hakam
O'yin davomida bir necha bor hakamlarga etiroz bildirgan "Navbahor" bosh murabbiyi Samvel Babayan 86-daqiqada ogohlantirildi.
O'yinning eng yaxshi futbolchisi
Mirjahon Mirahmadov ("Bunyodkor")
Murabbiylar fikri
Anvar G'ofurov ("Bunyodkor" bosh murabbiyi):
"Bugun juda kuchli raqibga qarshi o'ynadik va qiyin O'yin o'tkazdik. Uchrashuvga tayyorgarlik ko'rish uchun vaqt etarli emas edi. Imkon qadar tayyorgarlik ko'rdik. Bugungi uchrashuvda qayd etilgan natija muxlislarga yoqdi deb o'ylayman. Endi shunday uslubda o'ynaymiz. Bugungi natija futbolchilarning mehnati. Bugun omad bizga kulib boqdi".
Samvel Babayan ("Navbahor" bosh murabbiyi):
"Dastlabki uch turni o'tkazib oldik va biz bilan ro'y berishi mumkin bo'lgan barcha omadsiz hodisalar shu uchta o'yin davomida ro'y berdi. Kutilmagan gollar urildi. Futbolchi boshini bilan zarba berdi va to'p noyob traektoriya orqali darvozamizdan joy oldi. CHempionat endi boshlandi va hali oldinda o'yinlar ko'p. Sabrli bo'lishimiz kerak. O'yin sifati, xohish, motivaciya hammasi joyida, ammo kutilmagan hodisalar ro'y bermoqda. Xavfli vaziyatlarni golga aylantira olmayapmiz va yo'q joydan gol o'tkazib yubormoqdamiz. Oldinda kichik tanaffus bor va tanaffus jarayonida barchasini tahlil qilib chiqamiz. O'yin haqida gapirgim kelmayapti. "Bunyodkor"ni hurmat qilaman, biroq bunday darajadagi jamoalarni mag'lub etishimiz kerak".
Qiziqarli faktlar
- "Bunyodkor" ketma-ket o'yinchi o'yinda "Navbahor"ni mag'lub eta olmadi. Toshkent klubi oxirgi marta 2022 yilning oktyabrida g'alaba qozongan.
- "Navbahor" oxirgi 6 o'yindan buyon "Bunyodkor" darvozsini ishg'ol qilib kelmoqda, shulardan beshtasida "lochinlar" kamida ikkita gol urgan.
- "Navbahor" hujumchisi Toma Tabatadze jamoalar o'rtasidagi bundan avvali to'qnashuvda ham o'z hisobiga gol yozdirib qo'ygandi. SHuningdek, hozirda 5 ta to'p kiritgan gruziyalik legioner o'tgan mavsumning dastlabki uch turida atigi bitta gol urgandi.
- Farruh Sayfiev o'tgan mavsum "Paxtakor" safida "Bunyodkor"ga qarshi o'yinda golli uzatma amalga oshirgandi.
OKMK — "Dinamo" 3:1
Uchrashuv nimasi bilan yodda qoldi?
- Standartsevar OKMK
"Konchilar" uch golning ikkitasini burchak zarbasidan keyin urishdi.
- Bahsli qaror
Uchrashuvning 78-daqiqasida OKMK jarima maydonida Xislat Xalilov Mirjamol Qosimov bilan to'qnashib ketdi. VAR bilan suhbatlashgan hakam esa penalti yo'qligini malum qildi.
O'yinning eng yaxshi futbolchisi
Akrom Komilov (OKMK)
Murabbiylar fikri
Mirjalol Qosimov (OKMK bosh murabbiyi):
"Bugun maydonda bir-biriga mos ikkita jamoa harakat qildi va mazmunli o'yin bo'ldi. O'yin 2:1 bo'lib turgan payti Javohir jamoani qutqardi va biz undan keyin uchinchi to'pni kiritdik. Bu futbol".
Vadim Abramov ("Dinamo" bosh murabbiyi):
"Hisob o'yinga mos bo'lmaydi deb o'ylayman. Birinchi bo'limda xatolarimiz bo'ldi, biroq ikkinchi bo'limda o'yinni kuchaytira oldik. Penalti bilan bog'liq vaziyatda hakamlar qarori to'g'ri yoki noto'g'ri bo'lganmi, o'yin videosini ko'rib xulosa chiqaramiz. "Navbahor" bilan o'yindagi hakamlikka bugungi kabi etirozlar bor edi".
Qiziqarli faktlar
- OKMK Superliga doirasida ketma-ket to'rtinchi o'yinda "Dinamo"ni mag'lub etdi. Qolaversa, ularning uchtasida kamida uchta gol urdi.
- "Dinamo" Superliga doirasida 7 o'yindan beri OKMK maydonida mag'lubiyatga uchramoqda.
- OKMK himoyachisi Sardor Rahmonov oxirgi marta faqatgina 2021 yilgi mavsumda ikkita gol urishni uddalagandi. Joriy mavsumda esa ushbu rekordni takrolash uchun uchta o'yin etarli bo'ldi.
- OKMKning Superligadagi mag'lubiyatsiz seriyasi 10 o'yinga etdi. Olmaliqliklar oxirgi marta o'tgan yilning sentyabrida "Metallurg"ga yutqazgandi.
3-TURNING ENG YAXSHILARI
3-turning eng yaxshi darvozaboni - Abdumavlon Abdujalilov ("Lokomotiv").
3-turning eng yaxshi murabbiyi - Aleksandar Stoymirovich ("Lokomotiv").
3-turning eng chiroyli goli muallifi - Akaki SHulaya ("Qizilqum").
3-turning eng yaxshi futbolchisi - Mirjahon Mirahmadov ("Bunyodkor").
3-TUR RAMZIY JAMOASI
Superliga 3-tur ramziy terma jamoasi (3-4-3)
Darvozabon: Abdumavlon Abdujalilov ("Lokomotiv", 1*)
Himoyachilar: Murodbek Rahmatov ("Nasaf", 1), Anzur Ismoilov ("Lokomotiv", 1), Akrom Komilov (OKMK, 1)
Yarim himoyachilar: Akaki SHulaya ("Qizilqum", 2), Ketelin Karp ("Neftchi", 1), SHohruh Abdurahmonov ("So'g'diyona", 1), Farhod Sohibjonov ("Andijon", 1)
Hujumchilar: Mirjahon Mirahmadov ("Bunyodkor", 1), Toma Tabatadze ("Navbahor", 3), Ivan Bulatovich ("Lokomotiv", 1)
* - futbolchi bu mavsumda nechanchi marta ramziy terma jamoadan joy olgan.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.
Fikrlar