Ro'ziqul Berdiev: "O'sha vaziyatda raqib futbolchisiga qizil kartochka ko'rsatilishi kerak edi"
13 mar 01:45
Yangiliklar
Ro'ziqul Berdiev: "O'sha vaziyatda raqib futbolchisiga qizil kartochka ko'rsatilishi kerak edi"
- O'yin haqida fikringiz?
- Darhol o'sha bahsli vaziyatga to'xtalmoqchiman. O'sha vaziyatda raqib futbolchisiga qizil kartochka ko'rsatilishi kerak edi. Hozir bo'lgan holatni o'zimga ham ko'rsatishdi, qolaversa ko'p muhokama qilishyapti. Qizil bermaslikdan boshqa yo'l yo'q edi. Ikkinchi esda qolarli holat Bobir Abdixoliqovning vaziyati bilan bog'liq bo'ldi. Yuz foizli imkoniyatdan Bobir foydalana olmadi. Juda qo'pol xato tufayli o'z darvozamizdan to'p o'tkazib yubordik. Ikkinchi bo'limdagi o'zgarishlar, taktik boshqacha harakat durang qayd etishimizga sabab bo'ldi deb o'ylayman. "Dinamo"ning avvalgi ikkita bahsini ko'rib chiqqandik. 60-70 daqiqadan keyin raqib o'yinida pasayish yuzaga kelishini bilardik. Bugun ham shunday bo'ldi. Jamoamiz esa bundan unumli foydalandi.
- Bugun jamoangiz durang qayd etgan bo'lsa ham, urilgan golni xuddi g'alaba golidek nishonladingiz?
- Buning boisi juda qiyin uchrashuv o'tkazdik. Bizga gol va ochko nihoyatda zarur edi. Yoshlarimizning golga hissa qo'shgani va o'yinga tez kirishib ketgani meni ikki barobar xursand qildi. Natijada golni ular bilan nishonladim.
- Mutaxassis sifatida "Dinamo" taklif etgan legionerlar borasida nima deya olasiz? Gana, Urugvay, Argentinadan futbolchilar keldi. Ularning sifat darajasi yuqorimi? Xolis fikringizni aytib o'tsangiz.
- Biz hozircha raqibning ikkita o'yinini tahlil qilib ko'rdik, siz aytgan futbolchilar yaqqol nimadir jihat bilan ajralib turmadi. Bugungi uchrashuvda ham ajralib turishmadi. Ammo bu ikkita o'yin bilan baho berib bo'lmaydi. Futbolchining qandayligini butun mavsum ko'rsatadi. O'ylashimcha, murabbiylar shtabi legionerlarni yaxshilab ko'rib shundan so'ng jamoaga taklif etishgan.
- Ro'ziqul aka, ko'p klublar qishki transfer paytida yaxshi transferlarni amalga oshirdi. Lekin "Nasaf" bunday qila olmadi. Klub bosh homiysining "Nasaf"ga pul ajratmayotgani haqidagi xabarlar muxlislarni shokka tushirib qo'ydi. Moliyaviy qiyinchilik jamoaga qanchalik tasir qilgani haqida aytib o'tsangiz.
- "Nasaf" klub sifatida shu paytgacha nimaga erishgan bo'lsa, barchasi klubimiz bosh homiysining qo'llab-quvvatlashi bilan ro'y bergan. Buni birinchi navbatda aytib o'tishimiz kerak. Shu bois homiylarga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz. "Neftegaz" bizga homiylik qilishni to'xtatdi deylik, lekin oldingi o'yindan keyin ham aytdim: Qashqadaryoning imkoniyatlari juda keng. Viloyatimiz rahbari futbolga umuman befarq emas, shu bois bu borada ko'nglimiz to'q deya olaman.

- Dastlabki uch turdan so'ng Superliga favoritlari haqida qandaydir xulosangiz bormi?
- Qaysidir jamoalarda ikkita yaxshi tarkib, mahoratli futbolchilar bor, lekin boshqalar ham qarab turmaydi. Hech kim osonlikcha o'yinni boy bermaydi, juda qiziq chempionat bo'lishini va oxirigacha kurash kechishini taxmin qilyapman.
- 15 mart kuni "Paxtakor" va "Neftchi" o'rtasida O'zbekiston Superkubogi bo'lib o'tadi. Siz kimni favorit sifatida ko'ryapsiz?
- Shuni aytishim mumkin, har ikki jamoa o'ziga yarasha kuchga ega. Teng kuchli jamoalar to'qnashuvi desa bo'ladi. Lekin mavsum boshi bo'lgani uchun hech kim to'liq optimal kuchga ega emas. Menimcha, kimga omad kulib boqsa, shu jamoa g'alaba qozonadi. Ikkala jamoaga teng baho bera olaman.
- Ko'p joylarda maydon bo'yicha muammolar bor. Masalan, "Nasaf" ham o'zida o'ynamayapti. G'uzordagi maydon holatini ko'rdik. Siz maydonlar bo'yicha nima deya olasiz? PFL talabni haddan tashqari yuqori qo'yib yubormayatimi?
- Talab bo'lgani juda yaxshi. Chunki sifatli futbol ko'rish uchun sifatli maydonlar kerak. Shu bois talab juda to'g'ri qo'yilyapti deb o'ylayman. To'g'ri, iqlimdan ham kelib chiqish kerak. Chunki bizda iqlim oson emas. Maydonlar holatini yaxshi ko'rinishga olib kelish uchun iqlim injiqlik qilishi mumkin, lekin baribir klublar bu borada ishlashi kerak. Chunki futbolimiz jahon darajasiga chiqib boryapti, bizni ko'pchilik kuzatyapti va sifatli maydonda futbol ko'rish boshqa taassurot beradi. Translyaciya sifati ham zo'r chiqadi. Shuning uchun PFL qo'yayotgan talablarni to'g'ri deb bilaman.
- Akrom Komilov ko'p o'yinlarda zaxirada qolib ketyapti. Uning nima muammosi bor?
- O'tgan yil jarohat sabab Akrom operaciya qilindi. Tiklanib bo'lgach mashg'ulotlarga qaytdi. Hozir jamoa bilan shug'ullanyapti va sekin-asta unga ham imkon beramiz. Uchta himoyachi bilan o'ynayotganimiz uchun Sharof Muhitdinov chap vinger sifatida harakat qilmoqda.

- G'olib G'aybullaevning jarohati jiddiymasmi?
- "Sho'rtan" maydonida "Xorazm" bilan kechgan bahsda maydon holati sabab ko'p o'yinchilarimizda og'riq kuzatildi. Maydon o'yinchilarning muskullariga tasir qildi. Alibek Davronovda ham shu narsa sezildi.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
ЕЧЛ. "Реал Мадрид" Вальверденинг хет-триги эвазига "Манчестер Сити"ни мағлуб этди
Суперлига. "Навбаҳор" сафарда "Пахтакор"ни мағлуб этди
Суперлига. "Нефтчи" "Андижон"ни йирик ҳисобда мағлуб этди, Искандеров ўйинни ҳал қилди
ЕЧЛ. "Барселона" меҳмонда "Ньюкасл" билан дуранг ўйнади
Fikrlar