So’nggi yangiliklar

21:37Лени Йоро "Реал"га эмас, "Манчестер Юнайтед"га ўтганидан афсусланмайди  0 21:23Туркия. "Генчлербирлиги" - "Истанбул Башакшеҳир" баҳси асосий таркиблари маълум!  4 21:12Шерзод Жўраев: "Насаф" билан бошқача ўйин кўрсатгандик, бугун эса бошқа жамоага айланиб қолдик"  7 20:51Испаниянинг Грузия ва Туркияга қарши баҳслар учун қайдномаси маълум қилинди  0 20:20Бенито Муссолинининг чевараси билан тўп тепаётган Жейми Варди Италияда футболдан завқ олмоқда  2 20:01Суперлига. "Бухоро" ўз уйида бир киши кам "Нефтчи"дан очко тортиб олди  161 19:55Суперлига. ОКМК ўз майдонида "Навбаҳор"дан ишончли ҳисобда устун келди  21 19:35Франция терма жамоаси ЖЧ саралаш учрашувлари учун қайдномасини эълон қилди  1 18:58Рюдигер "Челси"га қайтиши мумкин  2 18:31"Барселона" собиқ устози "Атланта" бош мураббийи этиб тайинланди  0 17:56"Навбаҳор" қарзларидан қутулди  11 17:44АПЛда ўтган ойнинг энг яхши футболчиси аниқ!  0 17:31АПЛда ўтган ойнинг энг яхши мураббийи аниқланди  1 16:44Роналду: "Менгача Португалия бирорта соврин ютмаганди, аммо ҳозир учта титул бор"  31 16:07Алан Ледесма: "Ўзбекистонга қарши кеч реакцияга киришдик"  4

Benito Mussolinining chevarasi bilan to'p tepayotgan Jeymi Vardi Italiyada futboldan zavq olmoqda Yangiliklar

Benito Mussolinining chevarasi bilan to'p tepayotgan Jeymi Vardi Italiyada futboldan zavq olmoqda

A Seriya to'purarlar reytingida tarixiy natija qayd eta olgan Jeymi va uning yangi jamoasi haqida gaplashamiz.

Aslida Jeymi A Seriyaga Del Peroga bo'lgan muhabbati tufayli ko'chib o'tgan va endi top-klublar darvozasini ishg'ol etmoqda.

A Seriya qariya futbolchilar uchun sevimli top-liga desak, mubolag'a bo'lmaydi. Bu erda pasportingizga qarashmaydi — va "qariyalar" aksar vaziyatlarda yoshlarga "dars" o'tib qo'yishadi. Taxminan 40 yoshlargacha Italiyada ko'plab afsonalar to'p tepgan: Zlatan Ibragimovich, Fabio Kvalyarella, Luka Toni, Franchesko Totti, Paolo Maldini, Alessandro Kostakurta. Hozir Luka Modrich "Milan"ni chempionlikka etaklamoqda. Shu sababli Jeymi Vardi biroz soyada qolib ketayotgandek. Bunga qaramay, angliyalik futbolchi ham ajoyib o'yin ko'rsatmoqda va etirofga munosibdek.

Vardi qanday qilib "Kremoneze"ga borib qoldi? Uni hatto "Napoli" o'z tarkibiga chorlagandi

Jeymining "Lester"dan ketishi haqida aprel oyi oxirida malum qilindi, aynan o'shanda klub Chempionshipga tushib ketishi aniq bo'lib ulgurgandi. "Ushbu mavsum oxirida, tarkibimizda 13 mavsum to'p tepgan va klubimizning eng buyuk futbolchisiga aylangan, hujumchi bizni tark etishini tasdiqlaymiz"", — deyilgandi Angliya eks-chempionlari xabarida Vardi haqida.

Chindan ham o'ziga xos hikoya : zavod ishchisi va etti darajali ligadan Premer-ligagacha etib borib, uning nafaqat chempioni balki eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Top-klublarning takliflariga qaramay, afsonaga aylangan klubiga sodiq bo'lib qolaverdi. Vardi sarguzashtlari, faoliyati haqida film ishlasa arziydi, lekin unga qiziqarli final etishmayotgandi — angliyalik 38 yoshda ham butsalarini mixga ilgani yo'q.

Yozda Jeymi transferi haqida Gollivud aktyori Rayan Reynoldsning Chempionship yo'llanmasini qo'lga kiritgan klubi "Reksem" orzu qilgandi. Biroq futbolchi tomonidan olib qarasak, ushbu ligada yana "Lester"ga qarshi to'p tepishdan mano bormi? Bundan tashqari yana qator qiziq mish-mishlar bor edi: "The Telegraph" hujumchiga "Arsenal" qiziqayotganini yozsa, "Daily Mail" Vardi "Napoli"da paydo bo'lishi mumkinligiga ishora qilardi — jarohatlangan Romelu Lukakuning o'rniga.

Amalda esa neapolliklar Rasmus Xoylundni qo'lga kiritishdi, Vardi Italiyaga, ammo kamtarroq klubga yo'l oldi. Jeymi "Kremoneze" bilan 1+1 ko'rinishdagi shartnoma imzoladi.

A Seriya debyutanti qanday qilib, yoshi ancha o'tib qolgan bo'lsada, nomdor hujumchini ko'ndira oldi? Bunda bosh murabbiy Davide Nikolaning va hayron bo'lmang, Alessandro Del Peroning ulushi katta. Ha, afsonaviy "yuventini" "Kremoneze" safida to'p tepmagan, lekin angliyalikda Italiya futboliga muhabbat uyg'ota olgan.

"Takliflarini rad etgan klublar nomini aytmayman. Barchasini o'ylab ko'rib, oilam bilan maslahatlashib, qaror qabul qildim va baxtliman. Bu variant haqida gaplashganimizda men ko'plab faktorlarni inobatga oldim: eng avvalo oilam fikri. Bu vaziyatda texnologiyalar ham yordam berdi: taxminan 45-60 daqiqa video-aloqa orqali suhbatlashdik va u meni ishontira oldi. Men murabbiyga kerak pallada yordam bera olish uchun mehnat qilyapman. Italiya va kumirim haqida o'ylasam, Del Peroni yodga olaveraman. Bolaligimda uning o'yinlaridan zavqlanardim", — deya Vardi so'zlaridan iqtibos keltiradi "Sky Sports".

"Kelishuvni amalga oshirish imkoni borligini tushunganimizda unga vaziyatni qanday ko'rayotganimizni malum qildik. Uning reakciyasini ko'rish va aynan bizni tanlashi juda muhim edi. U hali ham g'alaba qozonishni istaydi", — degandi Nikola "Football Italia" nashriga bergan intervyusida.

Yangi chempionatga moslashib olgan Vardi grandlarni ranjitishni boshladi

Transfer haqida 1 sentyabr sanasida malum bo'ldi, shu sabab Jeymi faqatgina A Seriyaning 3-turida debyut qila oldi. Qo'shimchasiga mavsumoldi tayyorgarlik ko'ngildagidek bo'lmagani tufayli zaxira futbolchisi sifatida boshladi: "Verona" va "Inter"ga qarshi uchrashuvlarda yarim soatdan sal ko'proq harakat qildi, "Komo"ga qarshi bahsda zaxirada qoldi, "Parma" bilan bellashuvni mushaklardagi muammo tufayli o'tkazib yubordi.

Keyin esa klublar futbolida tanaffus yuzaga keldi va undan so'ng Vardi – alishtirib bo'lmas futbolchiga aylandi: yanvarda 39 yoshni qarshi oladigan yigit qatorasiga 4 ta o'yinni to'liq o'ynadi! "Udineze" va "Jenoa" kiperlarini ranjitish nasib qilmadi, lekin top-klublar undan aziyat chekishdi.

"Atalanta" (1:1) Jeymi Vardini etibordan qochirdi va u Alessio Zerbin boshlagan ishni yakunlab qo'ydi. To'g'ri, buni: "nima bo'libdi, bo'sh qolgan darvozaga to'pni yo'llabdi, nima qiyin?" deyish mumkin. Biroq kerakli vaqtda kerakli joyda bo'lish ham o'z-o'zidan bo'lmaydi.

"Yuventus" darvozasiga urilgan gol esa birmuncha chiroyli chiqdi. Vardi to'p uchun kurashda Federiko Gattidan ustun keldi, katta tezlikda oldinga tashlanib, uzoq burchakni aniq nishonga oldi. Turinliklar yakunda baribir (2:1) g'alaba qozonishdi, lekin oxirgi daqiqalar qiziqarli bo'lishini angliyalik taminlay oldi.

Jeymi, birinchidan, 1,2 xG ko'rsatkich bilan 2 ta gol urib ulgurdi. Ikkinchidan, XXI asrda A Seriyada gol urgan 13-eng yoshi ulug' futbolchiga aylandi. Bu borada qahramonimiz Filippo Inzagi va Antonio Di Nataledek futbolchilarni ortda qoldirdi. "Dinozavrlar"ning bu reytingida to'rtinchi — Luka Modrich.

"Siz, chamasi, menga ishonmaganlardan birisiz. Bu fikringiz xato ekanligini isbotlashimga to'g'ri keladi. Men uchun yosh — shunchaki raqamlar. Oyoqlarim avvalgidek ishlab turarkan, men futbol o'ynayveraman. Hozirda hech qanday muammoni ko'rmayapman, demak, klub manfaati yo'lida borimni beraman. Italyanchani o'rganaman, ammo hozir bu muammo emas: futbolning o'z tili bor — to'p tili", — dedi Vardi "BBC"ga. Chindan ham, uning fikriga qarshi chiqish mumkinmi?

Darvoqe, Jeymi Vardi gol urgan "Yuventus" haqida mana bu maqolani o'qishni tavsiya qilamiz:

"Yuventus"da yana "yangi murabbiy" operaciyasi — Spaletti bor variantlar ichida eng zo'ri!

"Atalanta Oggi"ga bergan intervyusida esa u APL va A Seriyani solishtirgandi: "Murabbiy Nikola so'raganda maydonga tushishga tayyorman. O'zimni ajoyib his qilyapman va doimo yaxshi sport formasida bo'lishni istayman. Sizning ligangiz taktikaga ko'proq tayanganadi va to'pga egalik qilishga qaratilgan. Premer-ligada tezlik va intensivlik ko'proq. Oxir-oqibat futbol — bu shunchaki: sen 100% kuchingni beradigan o'yin".

O'zi "Kremoneze" qanday jamoa? Vardi jamoadoshlaridan biri — Benito Mussolinining chevarasi

Bundan avval "Kremoneze" A Seriyada uch yil avval ishtirok etgan va bor yo'g'i 19-o'rinni band etgan. Undan avvalgisi esa — 1996 yilda bo'lgani etiborga loyiq. Klub to'rtinchi diviziongacha tushib ketgan davrlar ham bo'lgan. Evropada klub haqida faqatgina "Football Manager" o'yini orqali bilishgan desak, mubolag'a bo'lmaydi. Aynan Vardining transferidan keyin Kremona shahri vakillari o'zlari haqlarida gapirishga majbur qila olishdi. 

Jeymi klubga kelguniga qadar "Kremoneze" safarda "Milan"ni mag'lubiyatga (2:1) uchratdi, keyin esa o'z maydonida "Sassuolo"ni ham enga oldi (3:2). Ha, qolgan sakkiz o'yinda jamoa bor yo'g'i 1 ta g'alabani qo'lga kirita oldi — "Jenoa" taslim etildi (2:0). Biroq mag'lubiyatlar ham bor yo'g'i ikkita — "Yuventus" (1:2) va "Inter"dan (1:4). 10-turdan keyin jamoa debyutant uchun yomon bo'lmagan 10-pog'onani band etib turibdi. Jadvalga qararkansiz "Atalanta", "Sassuolo", "Torino" va "Jenoa" kabi nomdorroq klublarni "Kremoneze"dan pastda ko'rasiz!

"Transfermarkt"da "Kremoneze"ning umumiy narxi 77,15 mln evroga baholanadi — faqatgina "Lechche"ning narxi (€ 75,4 mln) undanda pastroq. Solishtirish uchun "Parma", "Udineze" va "Torino" ham jadvalning quyi qismidan o'rin egallagan. Biroq hattoki ularning ham tarkibi kamida € 148 mlnga baholanmoqda.

"Kremoneze"da yulduz bitta. Shunga qaramay, nomdor futbolchilar etarli

  • 28 yoshli darvozabon Emil Audero — "Sampdoriya" afsonasi, vaqtida "Inter" sharafini himoya qilgan, hozirda esa "Komo"dan ijaraga olingan. Olti o'yinda 5 ta gol o'tkazib yuborgan darvozabon 3 uchrashuvda darvozasi daxlsizligini saqlab qola olgan. 
  • Diktator Benito Mussolinining chevarasi — "Lacio"dan ijaraga olingan 22 yoshli o'ng qanot himoyachisi Romano Floriani Mussolini. U shuningdek yarim himoya qanotlarida ham harakat qila oladi, A Seriyada 8 ta uchrashuvda maydonga tushib ulgurgan. Bu futbolchining elitadagi debyut mavsumi. 
  • Etti o'yinda 4 ta gol urgan 28 yoshli hujumchi Federiko Bonaccoli. Siz "Inter" akademiyasi tarbiyalanuvchisini "Salernitana", "Sampdoriya" va "Verona" klublari safidagi o'yinlari orqali eslashingiz mumkin.
  • Himoya chizig'idagi chinakam qo'rg'on 29 yoshli "kachok" himoyachi Federiko Baskirotto. U joriy mavsumning 10 o'yinida 2 ta gol urishga ham ulgurdi. "Milan"dan ijaraga olingan 22 yoshli nominal o'ng qanot himoyachisi Filippo Terrachchanoda ham xuddi shuncha (2) gol bor. Federiko va Filippo markaziy himoya uchligi vakillari hisoblanadi. 
  • Jamoaning asosiy assistenti — 29 yoshli belgiyalik xavbek Yari Vandeputte. Oxirgi yillarda V va S Seriya jamoalari safida harakat qilgan Yari bu mavsum 10 ta o'yinda maydonga tushgan va 4 bor sheriklariga golli uzatma etkazib bergan.

Kremona jamoasi Jeymiga qarshi hujumlarga tayangan o'yin uslubi bilan ham, status borasida ham mos klub. To'g'ri, "Kremoneze" yangi "Lester" bo'lishi nereal vazifa. Shunday bo'lsada, angliyalikning tajribasi jamoaga katta yordam bermoqda — Vardining o'zi ham maydondagi harakatlari bilan uni hisobdan chiqarishga hali erta ekanligini isbotlamoqda.

Bugun "Kremoneze" safarda A Seriya 11-turi doirasida "Piza" qarshi maydonga tushadi. Nima deb o'ylaysiz, Vardi raqib darvozasini ishg'ol eta olarmikin?


Omonjon To'xtamirzaev tayyorladi

Reyting:    

Fikrlar

+1   
07 noy 21:06:37
Ўзбек футболининг муҳлиси
Shokirxon foydalanuvchining fikriga javob berish
Benito Mussolinaga Allohning lanati bo'lsin. U o'z davrida shimoliy afrikadagi musulmonlarni daxshatli qirgan. Ulamolarni qatl qilgan.
Гитлерчи? У уруш бошлагани учун 60 миллиондан ортиқ одам ҳалок бўлган, биргина СССРдан 27 миллион одам вафот этган, улардан ярмиси тинч аҳоли эди...
   
07 noy 20:45:39
Shokirxon
Benito Mussolinaga Allohning lanati bo'lsin. U o'z davrida shimoliy afrikadagi musulmonlarni daxshatli qirgan. Ulamolarni qatl qilgan.
championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика