Ikki yil avval evrokubok finalida o'ynagan Italiya klubi inqirozga yuz tutmoqda
20 dek 15:40
Yangiliklar
Ikki yil avval evrokubok finalida o'ynagan Italiya klubi inqirozga yuz tutmoqda
Rojdestvo bayramini Florenciya o'ta yomon kayfiyatda qarshi olmoqda. Shaharning suyuklisi "Fiorentina" anchadan buyon kuzatilmagani, o'ta qiyin davrlarni boshdan kechirmoqda.
Bunaqasi klub tarixida 25 yildan buyon kuzatilmagandi
Ha, asr boshida o'ta qiyin davrlar bo'lgandi, 2001/02-yilgi mavsum yakunida "fialkalar" chempionatda 17-o'rinni egallab, B Seriyaga tushib ketgan, keyinroq bankrot deb elon qilingandi. Biroq o'shandagi vaziyat faqatgina moliyaviy masalalarga bog'liq edi — klub hattoki futbolchi va xodimlarga maosh to'lash uchun ham mablag' topa olmagandi, qarz summasi 50 million dollarga etgan hamda "Fiorentina"ning o'shandagi rahbari Vittorio Chekki Gori vaziyatni o'nglash imkonini topa olmagan.
Etiborli jihati, undan bir yil muqaddam bevosita maydonda barchasi joyida edi. 2001 yilning bahorida "fialkalar" murabbiylikda dastlabki qadamlarini tashlayotgan Roberto Manchini boshchiligida Italiya Kubogini qo'lga kiritgan — qayd etish lozim, u hamon klub tarixidagi oxirgi sovrin bo'lib turibdi — va A Seriyada 9-o'rinni egallagan. Tashkiliy va moliyaviy qiyinchiliklar "Fiorentina"ni jarlikka tortib ketdi. Biroq klub tiklandi va bir necha yil o'tib, A Seriyaga qaytdi.
Aslini olganda Italiya uchun kutilmagan, kam uchraydigan holat ham emas — "Napoli" va "Parma" klublari ham taxminan shunga o'xshash kunlarni boshidan o'tkazgan. Bugun esa har ikki klub turli maqsadlar bilan bo'lsada, katta sahnaga qaytgan.
Hozir deyarli 25 yil avvalgi vaziyat bilan o'xshashliklarni taqqoslash mumkin. O'shanda ham, hozir ham jamoaning qulashi o'ta tez amalga oshgan. Tanazzuldan 3 yil avval 1999 yil "Fiorentina" A Seriyada 3-o'rinni egallagan, agarda Gabriel Batistutaning mavsum davomidagi jarohati bo'lmaganida, klub skudettoni qo'lga kiritishi ham hech gap emasdi. Keyingi mavsumda ECHLda ham munosib o'yin ko'rsatgan va chorakfinal ostonasida to'xtagandi.

Hozir esa "Fiorentina" deyarli doim Chempionlar Ligasi va Evropa Ligasi zonasi atrofida yuribdi. 2022 yil — 7-o'rin, 2023 — 8-o'rin, 2024 — 8-o'rin, nihoyat, o'tgan mavsum — 6-o'rin. Qatorasiga ikki marta Konferenciyalar Ligasi finali — 2023 va 2024-yillarda. Va chinakamiga katta natijaga juda yaqin qolgandi.
Ammo bu mavsum Rojdestvoga "Fiorentina" jadvalning oxirgi pog'onasiga mustahkam o'rnashib oldi va dastlabki 15 turda birorta ham g'alaba qozona olmadi (Konferenciyalar Ligasida o'tish o'yinlari yo'llanmasi qo'lga kiritildi). Umuman olganda ham A Seriya tarixida (ochkolar emas bevosita g'alabalar bo'yicha) bunchaklik yomon start 2018/19-yilgi mavsumda "Kevo"da kuzatilgan — o'shanda ham 15-turdan keyin 0 g'alaba va 6 durang. Yakunda klub oxirgi o'rin bilan quyi divizionga ravona bo'lgandi.
Biroq asr boshidagidan farqli ravishda "Fiorentina"da hozir hech qanday moliyaviy va tashkiliy muammolar mavjud emas, to'lovlar o'z vaqtida amalga oshirilmoqda. Klub egasi va prezidenti Rokko Komisso — muvaffaqiyatli ishbilarmon, AQSHning eng yirik telekompaniyalaridan biri hisoblangan — "Mediacom" kompaniyasiga egalik qilmoqda. 76 yoshli ishbilarmon muntazam ravishda futbol rahbarlarini va umuman Appenin yarim orolidagi futbolni tanqid qiladi, lekin bu uning o'z klubiga bo'lgan munosabatini tanqid qilishga sabab bo'la olmaydi. Misol uchun o'tgan mavsum u anchadan buyon talab etilayotgan stadion rekonstrukciyasini boshladi. Shunday ekan A Seriyadagi ehtimoliy omadsiz mavsumni pulga bog'lab bo'lmaydi.
Murabbiylar
2024 yil yozida uch yillik faoliyatidan keyin Vinchenco Italyano Florenciyani tark etdi — klubdagilar murabbiy o'z "potologiga" etib bo'ldi, deb hisoblashdi. Bugungi kunda Italiyaning eng muvaffaqiyatli murabbiylaridan biri "Bolonya"da yaxshi ishlamoqda, o'tgan yili Italiya Kubogini yutdi va muammo unda bo'lmaganini ko'rsatib qo'ydi (kamida faqatgina unda bo'lmaganini).
Uning o'rniga taklif qilingan Rafaele Palladino bor yo'g'i bir mavsum ish olib bordi — 6-o'ringa qaramay, u bilan xayrlashishdi. Klubdagilar "Fiorentina" ko'prog'iga erishish mumkin edi deb hisoblashdi, muxlislar esa 41 yoshli mutaxassisning istefosini olqishlar bilan qarshilashdi. Endi esa etibor bering, bir yil avval "fialkalar" 15 turdan keyin "Atalanta" bilan birinchi pog'onani bo'lishib turgandi — har ikki klubda 34 ochko bor edi, "Napoli"dan 2, "Inter"dan esa 3 ochko ko'proq. Butun mavsumga imkoniyatlar etmadi, ammo hozir uning qizig'i ham qolmadi.
Kuzda, darvoqe, Palladino Florenciyaga qaytishi mumkin edi. "Sky Sports" malumotlariga ko'ra, Stefano Pioli istefosidan so'ng uning nomzodi chindan ko'rib chiqilgan va ish bevosita muzokaralargacha borgan. Murabbiy qaytishga qarshi emasdi, lekin o'zining shartlari bajarilsa: Palladino mavsum oxirigacha emas, uzoq muddatli shartnoma, murabbiylar shtabini o'zi istagandek shakllantirish, avvalgi kelishuvdagidek moliyaviy shartlar, klub prezidenti va egasi Komisso bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqa.

Oxirgi punkt ayniqsa "Fiorentina"dagi ichki ishlar u qadar yaxshi emasligiga isbot bo'la oladi. Qolgan shartlar ham maksimallikka intilishdek qabul qilinishi mumkin, lekin Palladino yozda ishdan ketayotganida hech qanday tovon puli talab etmagandi.
Jamoaning obro'li o'yinchilari, jumladan sardor Luka Raneri, Moyze Kin va David de Xea aynan Rafaele nomzodini yoqlagan, lekin rahbarlar Paolo Vanoli foydasiga qaror chiqardi. Palladino esa "Atalanta"da ish boshladi va afsusda bo'lmasa kerak.
Futbolchilar
Vaziyat bunchalik og'ir bo'lib turgan bir vaziyatda, hattoki Pioli ochiqchasiga omadsizlikka duch kelgan bo'lsa va Vanoli hali ham holatni yaxshi tomonga o'zgartira olmagan bo'lsada, faqatgina murabbiylar haqida gapirish noto'g'ri bo'lsa kerak. Sababi Stefano bilan birgalikda chiqish eshiklari sport direktori Daniele Pradega ham ko'rsatildi. U esa "Fiorentina"da 2019 yildan buyon ishlab kelardi.
Bir tomondan oxirgi yillardagi barcha muvaffaqiyatlar u bilan bog'liq. Boshqa tomondan esa aynan Prade Florenciya klubi Aleksandr Kokorin singari omadsiz transferlar amalga oshirishiga bevosita bosh-qosh bo'lib turgan, shu yil yozda esa klub — 39 yoshli Edin Jeko bilan shartnoma imzolagan.

Har yil yozda u tarkibni anchayin o'zgartirar, natijada muntazam ravishda — Riberi, Kalexon, Bonaventura, Gosens, Kin, de Xea singari nomlar paydo bo'lardi va ularning aksariyati klubga chindan foyda keltirardi. Biroq hozir jalmangan tarkibga qarar ekansiz, hattoki Konferenciyalar Ligasiga yo'llanma ham — erishib bo'lmas natijadek. Sababi mashhur nomlar yoki iqtidorli yoshlar deyarli yo'q — evrokubok yo'llanmasiga davogar emas, qandaydir "Jenoa" yoki "Kalyari"ning tarkibiga o'xshaydi. Natijada, Pradening 6 yillik faoliyatiga nuqta qo'yildi.
Talabchan muxlislar oxirgi 30 yilda Batistuta, Ruy Koshta, Luka Toni, Franchesko Toldo, Alberto Akvilani, Adrian Mutu, Roberto Jilardino, Xuan Kuadrado, Dushan Vlaxovich va yana ko'plab yorqin nomlarni ko'rdi, balki yaqin kelajakda yana quyoshli kunlar Florenciyaga qaytar, lekin... Kim biladi deysiz, yangi davrga o'tish uchun balki B Seriya havosidan nafas olib qaytish talab qilinar.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
Осиё чемпионига айланган U-17 терма жамоасининг 5 нафар футболчиси "Андижон"да!
Сергеев келажаги бўйича бир қарорга келди
Черан "Андижон" таклифини рад этди ва бошқа бир жамоага ўтмоқда
Роналду нима учун овоз бермади? Португалия сардори FIFA The Best маросимини ўтказиб юборди
Fikrlar