Zayniddin Tojiev: “G'azalkent” butun etiborni yoshlarga qaratadi, Pro ligada 6 ta jamoa juda kamlik qildi"
22 dek 19:39
Yangiliklar
Zayniddin Tojiev: “G'azalkent” butun etiborni yoshlarga qaratadi, Pro ligada 6 ta jamoa juda kamlik qildi"
Qisqa vaqt ichida shakllanganiga qaramasdan, klub rahbariyati va murabbiylar shtabi oldiga aniq maqsadlar qo'ygan: raqobatbardosh jamoa yaratish hamda barqaror tizimni yo'lga qo'yish.
Jamoada asosiy etibor yosh futbolchilarga qaratilgan. “G'azalkent” loyihasi orqali istedodli yoshlarga katta futbol muhitini his etish, professional darajada o'sish va kelajakda kuchli jamoalar uchun ishonchli tramplin bo'lish imkoniyatini yaratish ko'zda tutilgan.
Ayni paytda jamoa jismoniy va taktik tayyorgarlikni uyg'unlashtirgan holda mashg'ulotlar olib bormoqda. Biz bu borada jamoa bosh murabbiyi Zayniddin Tojiev bilan suhbatlashdik.
— Yangi jamoa tashkil etilishi haqida to'xtalib o'tsangiz. Qishki o'quv-mashg'ulot yig'inlari qanday o'tmoqda?
— “G'azalkent” yoshlardan iborat jamoa bo'ladi. Butun etiborni yosh futbolchilarga qaratamiz. Tarkibimizda 2008–2009 yillarda tug'ilgan futbolchilar ham bor. Pro ligada ishtirok etishdan maqsad — raqobatni kuchaytirish. Yoshlarni rivojlantirishda eng muhim omil — raqobat. Asosiy maqsadimiz har bir yosh toifasidagi terma jamoalarga futbolchilar etkazib berish.
— Darhol Pro ligada ishtirok etish tavakkalchilik emasmi?
— O'tgan yili “Olimpik” jamoasida ham faoliyat olib borganman. Shuni ko'rdimki, Pro liga bilan Birinchi liga o'rtasida katta farq yo'q. Pro ligada raqobat biroz kuchliroq. Birinchi ligada raqobatning etarli emasligi yoshlarning o'sishiga salbiy tasir ko'rsatishi mumkin. Tayyorgarlik jarayoni yuqori darajada ketyapti, chempionat boshlangach barchasi maydonda namoyon bo'ladi.

— Bugungi avlod futbolchilarining ustun jihati nimada?
— Mentalitetimizdan kelib chiqib, ko'proq texnik futbol namoyon etamiz. Bu — asosiy ustunligimiz. Jismoniy sifatlarni esa rejali ish orqali shakllantirish mumkin.
— “G'azalkent” jamoasi Turkiyada yig'in o'tkazadi…
— 4 fevraldan 4 martgacha Turkiyada o'quv-mashg'ulot yig'ini o'tkazamiz. Bir cikldan so'ng mehmonxonani almashtiramiz, chunki futbolchilar zerikib qolmasligi kerak. Bir oy davomida o'sha erda tayyorgarlik ko'rishni rejalashtirganmiz. Nazorat uchrashuvlarida yuqori saviyadagi jamoalarga qarshi o'ynaymiz, bu esa futbolchilarning o'sishiga katta turtki beradi.
— O'tgan mavsum Pro ligada 6 ta jamoa qatnashdi. Ilgari quyi ligalarda 18–20 ta jamoa o'ynagan. Mutaxassis sifatida bunga munosabatingiz qanday?
— 6 ta jamoa juda kam. Uchta jamoa Superliga uchun kurash olib bordi, qolganlari esa asosan ochko ulashish bilan cheklandi. Yangi mavsumda katta o'zgarishlar bo'lishi, Pro ligada 14 ta jamoa ishtirok etishi kutilyapti.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
Ла Лига. "Барселона" меҳмонда "Вильярреал" устидан ишончли ғалабага эришди, мезбонлар ўйинчиси 39-дақиқада майдондан четлатилди
"Реал" Абдуқодир Ҳусановни ўз сафига қўшиб олмоқчи
АПЛ. "Ман Сити" ўз майдонида "Вест Хэм"ни мағлуб этди, Ҳусанов 67-дақиқада захирадан ўйинга қўшилди
Манба: Абдуқодир Ҳусановни АПЛнинг бошқа топ-клуби 47 миллион фунтга сотиб олишга тайёр
Fikrlar