Zayniddin Tojiev: "Tashkil topganiga hali bir yil bo'lmagan jamoaning Kubok chorak finaliga chiqishi katta yutuq"

admin
18 sen 2026, 10:34
O'zbekiston Kubogi 1/8 finaldan o'rin olgan "G'azalkent" – "Qo'qon-1912" uchrashuvidan so'ng "G'azalkent" bosh murabbiyi Zayniddin Tojiev matbuot anjumanida ishtirok etdi


- O'yin haqida fikringiz?
- Qo'qon jamoasi bilan "Zomin"da ishlagan paytim ham to'qnash kelgandik. O'shanda Qo'qonda 1:1 o'ynaganmiz. Bugun uchrashuv oldidan raqibni yaxshilab o'rgandik. Berilgan ko'rsatmalarni futbolchilarimiz to'liq bajarishdi. Eng muhimi, yakkakurashlarning 80 foizida ustun keldik. Bu bizni judayam xursand qildi.

Biz tarix yaratdik, chunki futbolchilar hali bu darajaga chiqmagandi. Tashkil topganiga hali bir yil bo'lmagan "G'azalkent" klubining O'zbekiston Kubogi chorak finalga chiqishini katta yutuq deb hisoblayman. Klubimiz rahbariyati Kubok o'yinlarida qancha uzoq borsak shuncha yaxshi degan. Ushbu g'alaba bilan rahbarlarimizni, muxlislarni va futbolchilarimizni tabriklayman.

- O'yindan oldin jamoangizda uch nafar yo'qotish bor edi: jamoa sardori diskvalifikaciya qilingan, yana bir futbolchingiz "qizil" olgan hamda markaziy himoyachi Ro'ziboev Ispaniyada ko'rikda bo'lib turibdi. Ushbu yo'qotishlar tufayli sizda qanchalik xavotir bor edi?
- Jamoamiz hali yosh va oldimizga jiddiy maqsad qo'yilmagan. Maqsad - yoshlarni tarbiyalash. Ertaga bironta futbolchimiz chetga ketadimi yo boshqa klubgami, o'rnini bosadigan boshqalar bor. Bugun ko'rdingiz, Superliga klubiga qarshi yo'qotishlar bilan o'ynagan bo'lsak-da, boshqa futbolchilarimiz o'zlarini ko'rsata olishdi. Yani hech kimning hech kimdan kam joyi yo'q. Bu ham raqobat borligidan. Bundan xursandmiz. Chetga ketgan o'yinchilarimiz o'sha yerda qolsin deymiz, bu ham terma jamoa rivojiga ishlaydi.

- "Qo'qon-1912"ning oxirgi uchrashuvlarida Silvenus Nimeli faolligi bilan ajralib turgandi. U bugun ham gol ura oldi, ammo birinchi taymda himoyachilaringiz unga hech qanday imkon qoldirmadi.
- Biz raqib futbolchilaring kuchli tomonlarini bilardik. Qo'qon jamoasi yuqoriga chiqqanda besh kishi hujumga o'tadi. Odatda uch nafar himoyachi bilan harakat qiladi, bugun esa 4-4-2 sxemasida harakat qilishdi. Nimelining o'ng oyog'i kuchli, shu bois imkon bermanglar deb aytdik.

- Lazizbek Mirzaev jamoangizda "motor" vazifasini bajaryapti. Bu o'yinda ham "motor" ekanligini isbotlay oldi. Lekin bazi epizodlarda to'pni qizg'angandek bo'ldi, yana birga bir vaziyatdan foydalana olmadi. Buni futbolchi uchun tabiiy hol deb hisoblaysizmi?
- Ko'rpani o'ziga tortish hammaga ham emas. Men Laziz uchun xursandman. U birinchi davrani "Lokomotiv"da o'tkazib, keyin bizga qo'shildi. Jamoamizda Laziz ko'zga juda tez tashlanadi, nima uchun? Chunki ko'rpani o'ziga tortishga harakat qilyapti. Ortidan boshqalarni ergashtira bilish ham katta sanat.

Laziz Mirzaev ham o'zi, ham jamoa uchun xizmat qilyapti. Uning gol urish-urmasligi ikkinchi masala. Hammasi vaqtga bog'liq, kerak paytda 10-15ta gol uradi hali. "G'azalkent"dagi o'yini Mirzaevning kelgusi faoliyatiga juda katta turtki bo'ladi deb o'ylayman. U yarim himoyada va himoyada ham o'ynayapti. Kimdir charchab qolsa borib o'rnini to'ldiryapti. Bundan xursandman.

O'xshash yangiliklar


adminMuallif
Manba: championat.asia