Zayniddin Tojiev: "G'alaba qozongan bo'lsak-da, o'yinimizda kamchiliklar borligi ko'zga tashlandi"

Оқил Абдубарноев
9 avg 2026, 21:26
Proliga 14-tur doirasida BuxDUga qarshi o'yindan keyin (3:1) "G'azalkent" bosh murabbiyi Zayniddin Tojiev matbuot anjmunida ishtirok etdi.

– Bugungi uchrashuv haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

– Bugungi o'yinga to'xtaladigan bo'lsak, har bir jamoa jiddiy raqib sanaladi. Chunki bu yil Proliga saviyasi ancha oshgan. Shuning uchun ham har bir uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko'rib kelyapmiz.

Birinchi bo'limga keladigan bo'lsak, ko'p vaziyatlarda qandaydir yo'l azobimi yoki charchoqmi, xullas, futbolchilarda nimanidir yetishmayotgani sezilib turdi. Ikkinchi bo'limda esa gollar kiritdik. Yigitlarning yuz foizlik harakatlari evaziga o'yindan qoniqish hosil qildik. Shunga qaramay, ular yosh futbolchilar bo'lgani uchun doim ham barqaror o'yin namoyish eta olishmaydi. Shuning evaziga, 3:1 hisobida g'alaba qozongan bo'lsak-da, o'yinimizda qandaydir kamchiliklar borligi ko'zga tashlandi.

– Behruz Jamoliddinov bugun ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushdi va gol muallifiga aylandi. Uning o'yini haqida qanday fikrdasiz?

– Behruzga to'xtaladigan bo'lsak, bo'y-basti bo'yicha u markaziy himoyachilarimiz orasida birinchi raqamli hisoblanadi. Biroq unga o'yin amaliyoti yetishmayotgan edi. Bugun murabbiylar shtabi bilan maslahatlashgan holda unga imkoniyat berdik. Ko'z tegmasin, yomon harakat qilmadi va gol urishga muvaffaq bo'ldi. Xudo xohlasa, agar shu zaylda davom etsa, asosiy tarkib futbolchisiga aylanishiga shubha yo'q. Biz uni doimo qo'llab-quvvatlaymiz.

– Stadion maydoni holati haqida nima deya olasiz?

– Maydon holati juda yaxshi. Biroq o'yindan oldin maydon biroz sug'orilganda edi, chim holati bundan ham a'lo darajada bo'lar edi. Lekin, umuman olganda, Proliga saviyasi uchun maydon holati juda yaxshi darajada.

– Jamoangizdagi legioner futbolchilar ishonchni oqlayaptimi?

– Legionerlarga kelsak, birinchi davraning oxirida – masalan, Korshunov "Sho'rtan"ga qarshi kechgan juda qiyin o'yinda jamoamizni qutqarib qolgan edi. Ivan Podtinniyga to'xtaladigan bo'lsak, boshida uni maydonga tushirdik, biroq keyinchalik sport formasini biroz yo'qotgani sababli uni zaxiraga o'tkazishga qaror qildik. Jamoamizda raqobat kuchli. Hozirgi vaqtda kimning tayyorgarligi yaxshi bo'lsa, maydonga o'sha tushadi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia