Jarima zarbasidan gol urgan futbolchi, xet-trik qayd etgan 20 yoshli hujumchi. Proligada 11-turning eng yaxshilari aniqlandi

Sherzod Nurmatov
27 iyul 2026, 16:35
23-25 iyul kunlari O'zbekiston Proligasida 11-turdan o'rin olgan 7 ta o'yin bo'lib o'tdi.

Championat.asia sayti turning eng yaxshilarini aniqladi.

Tur murabbiyi - Zayniddin Tojiev (“G'azalkent”)

“G'azalkent” ortda qolgan tur Bekobodda haqiqiy triller namoyish etdi. Jamoa tanaffusga 0:2 hisobidagi mag'lubiyat bilan yo'l olib, ikkinchi taymda katta kuchni oldinga tashladi va matonatli ravishda g'alaba qozondi - 3:2. Albatta, bu g'alabada Zayniddin Tojiev boshchiligidagi murabbiylar shtabining o'rni beqiyos. Ularning tanaffusdagi tushuntirishlari shogirdlariga ta’sir qildi va ular o'yinni tubdan o'zgartirib, raqibni taslim etdi. Shunday qilib, Zayniddin Tojiev haqli ravishda tur murabbiyi deb topildi.

Pro liga eng yaxshi murabbiy kopiya (7).jpg

Tur futbolchisi - Abdurahmon Abdullaev (“G'azalkent”)

Hujumchi Abdurahmon Abdullaev “Metallurg” dog'da qoldirilishida (3:2) bor imkoniyatlarini ishga solib, xet-trik qayd etdi. “G'azalkent” Abdurahmonning say-harakatlari evaziga Bekobodda g'alabani tantana qildi deb bemalol aytish mumkin. Championat.asia sayti hech bir mubolag'asiz 20 yoshli hujumchini tur futbolchisi sifatida etirof etdi.

Pro liga eng yaxshi futbolchi kopiya (6).jpg

Tur darvozaboni - Shohjahon Nasimov (“Aral”)

Tur markaziy uchrashuvida “Aral” “Sho'rtan”ni ishonchli tarzda mag'lubiyatga uchratdi (3:1). Ushbu g'alabada mezbonlar posboni Shohjahon Nasimovning hissasi katta. U bir qator vaziyatlarda o'zini ko'rsatib, jamoasini goldan asradi. Shu tariqa, Championat.asia sayti xodimlari markaziy bellashuvda darvozasini munosib qo'riqlagan Nasimovni tur darvozabonligiga loyiq ko'rdi.

Pro liga eng yaxshi darvozabon kopiya (6).jpg

Tur goli - Abdusalom Nuriddinov (“QMU Jayxun”)

“QMU Jayxun” ortda qolgan turda safarda Respublika FA bilan bahs yuritib, 2:1 hisobida g'alabaga erishdi. G'alaba golini 75-daqiqada mahoratli yarim himoyachi Abdusalom Nuriddinov olis masofadan jarima zarbasidan urdi. Aynan shu gol turdagi eng chiroylisi sifatida qayd etildi. Quyida mazkur gol videosini tomosha qilishingiz mumkin.

Pro liga eng Tur goli kopiya (7).jpg

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia