

- Zayniddin aka, birinchi navbatda g'alaba bilan tabriklaymiz. Uchrashuv haqida qisqacha fikrlaringiz bilan bo'lishsangiz.
- Avvalambor assalomu alaykum. O'yinga keladigan bo'lsak, "Kattaqo'rg'on" o'z oldiga Superligaga chiqish kabi juda yuqori vazifalarni qo'ygan. Shuning uchun juda qiyin o'yin kutayotganini bilardik va shunga yarasha tayyorgarlik ko'rgandik. Baribir o'sha standart vaziyatlarda bolalarimiz sal-pal yoshlik qilib qo'yishyapti, hali ham ishlaydigan joylarimiz juda ko'p. Xudo xolasa, mashg'ulotlarda buni bartaraf etib, kamroq gol o'tkazib yuboradigan jamoa bo'lamiz. Birinchi bo'limda ikkinchi golni o'tkazib yuborgach, tanaffusga 2:1 hisobi bilan chiqib ketdik. Lekin bolalar baribir o'zida kuch topib, aytilgan ko'rsatmalarni ro'yobga chiqarishdi. Shuning uchun barchasiga rahmat deyman va g'alaba bilan tabriklayman.
- Oxirgi paytlarda "G'azalkent" ko'proq ochkolarni uy uchrashuvlarida yo'qotib, safarda yaxshiroq o'ynamoqda. Bunga qanday fikr bildirasiz?
- Bitta narsa bor-da - bizda hali o'z uy stadionimiz yo'q. Xudo xolasa, o'z stadionimiz bo'lsa, uyda ham g'alaba qozonishga harakat qilamiz (kuladi).
- Jamoa jismoniy jihatdan juda yaxshi tayyorlangani va 90-daqiqada ham tetik ko'rinayotgani ko'zga tashlanmoqda. Bu nima bilan bog'liq?
- Bu reja asosida bo'lgan. Chunki jamoamiz dekabr oyidayoq yig'ilgan. Ushbu mavsumga juda jiddiy tayyorgarlik ko'rganmiz. Shuning hisobiga yigitlar ikkinchi bo'limda ham kuch topib harakat qilishyapti. Faqat bitta muammo bor - ularning salohiyati va kuchi ko'p, lekin barchasi ruhiyatga bog'liq. Cho'chishni kamaytirib, o'ziga bo'lgan ishonchni oshirishsa, butkul boshqa jamoaga aylanishadi.
- U-20 terma jamoasiga "G'azalkent"dan futbolchilar jalb etilmagani haqida qanday izoh berasiz?
- Har bir murabbiyning o'z qarashi bor, u kimni xohlasa oladi, xohlamasa yo'q. Yigitlar faqat o'z ustida ishlashi va o'zini ko'rsatishi kerak. Xudo xolasa, terma jamoaga ham, Jahon chempionati va saralash o'yinlariga ham tarkibimizdan futbolchilar qo'shilishiga umidimiz katta.



