Obid Xudoyorov: "Jigauri maydonda bo'lganida, boshqacha o'yin bo'lardi"

30 okt 2026, 22:35
Superliganing 26-turi doirasida "Qo'qon-1912" - "Qizilqum" (0:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar murabbiyi Obid Xudoyorov fikrlarini bildirdi.

- Juda qiyin o'yin bo'ldi. Jigaurining chetlatilishidan keyin biroz qiynalib qoldik. Jamoa yaxshi o'yin o'tkazdi, yigitlarga katta rahmat aytaman, ular oxirigacha o'ynashdi.

- Chetlatilish borasidagi vaziyatni qanday baholaysiz?

- Hech kim qoida buzib, qizil olishni istamaydi. Ustiga-ustak birinchi bo'limdayoq biz bir kishi kam bo'lib qoldik. U ham buni istamagandi. Bir nechta o'yindan beri u jamoamizda eng yaxshi futbolchimiz bo'lib kelayotgandi va jamoaga doimo yordam berishni istaydigan, ishtiyoqi baland futbolchi. Yoshi katta bo'lishiga qaramasdan u har tomonlama o'zini ko'rsatayotgandi. Balki vaziyat qizil kartochkaga tortgandir, men hakamlarning ishiga baho bera olmayman. Shunaqa bo'lib qoldi. Balki u maydonda bo'lganida o'yin boshqacha kechardi.

- Bobomurod Bozorov zaxiradan o'yinga qo'shilib, yana zaxiraga olindi. Bunga sabab nima?

- Biz uni beshinchi himoyachi qilib, zaxiradan o'yinga qo'shgandik. Keyin esa hisobni ushlashga o'ynadik va uni zaxiraga oldik.

- Islom Kenjaboev o'yin oxirida zaxiraga olinishi reja qilingandi. Biroq u o'yinni davom ettirdi. Bu bosh murabbiy bilan kelishilgan tarzda amalga oshirildimi? Chunki u zaxira o'rindig'ida emasdi.

- O'yin oxirlab qolganida biz yana vaqt cho'zish niyatida shunday qildik. Uning o'zi o'yinni tugatib qo'yaman, deb aytdi va oxirigacha o'ynadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia