U-19 Osiyo chempionati uchun O'FA 14 milliard so'mdan ziyod pul sarflaydi

Narzulla Saydullayev
13 avg 2020
Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga (#365-f, 12.08.2020y) binoan, futbol bo'yicha yoshlar o'rtasidagi (U-19) Osiyo chempionatining final bosqichi 2020 yil 14-31 oktyabr kunlari quyidagi stadionlarda bo'lib o'tadi:

Toshkent shahridagi “Bunyodkor”, “Lokomotiv” o'yingohlarida;
Namangan shahridagi “Navbahor” o'yingohida;
 Olmaliq shahridagi “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” o'yingohida.


Musobaqani yuqori saviyada tashkil etish va o'tkazish bo'yicha Bosh vazir o'rinbosari Aziz Abduxakimov boshchiligida tashkiliy qo'mita tarkibi tasdiqlandi.

Xorijiy davlatlardan tashrif buyuradigan ishtirokchilarni kuzatib borish uchun chet tillarini mukammal biladigan ko'ngilli talabalar jalb etiladi.

Turnirni tashkil etish va o'tkazish uchun O'zbekiston futbol associaciyasi mablag'lari hisobidan 14 mlrd 642 mln so'm ajratilishi belgilandi.

Eslatib o'tamiz, U-19 Osiyo chempionatida jami 16 mamlakatning yoshlar terma jamoalari ishtirok etadi. O'zbekiston “A” guruhida Eron, Indoneziya va Kamboja bilan kuch sinashadi.

Mazkur musobaqa o'z navbatida 2021 yili Indoneziyada bo'ladigan U-20 Jahon chempionatiga saralash turniri ham hisoblanadi. Unga ko'ra, mezbon Indoneziyadan tashqari yana 4 ta Osiyo davlati O'zbekistonda bo'ladigan musobaqa yakunida ma'lum bo'ladi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: uza.uz