"Traktor" OFKni "Neftchi"ga qarshi o'yinda ishtirok etmaslik bilan ogohlantirdi

Оқил Абдубарноев
30 okt 2026, 12:36
Eronning "Traktor" klubi Elit Osiyo Chempionlar Ligasi turniri 4-turidan o'rin olgan "Neftchi"ga qarshi uchrashuvda ishtirok etmasligi mumkin.

ISNA axborot agentligi xabar berishicha, Tabriz klubi O'monga uchish uchun ruxsatnoma olishda muammoga duch kelgan. Jamoaga ushbu mamlakatga to'g'ridan-to'g'ri yoki boshqa davlat orqali aviaqatnovni amalga oshirish uchun ruxsat berilmagan.

Shu munosabat bilan "Traktor" rahbariyati Osiyo futbol konfederatsiyasiga rasmiy xat yuborgan. Unda parvoz uchun zarur ruxsatnoma taqdim etilmasa, jamoa "Neftchi"ga qarshi uchrashuvda ishtirok etmasligi ma'lum qilingan.

Tasnim axborot agentligiga ko'ra, "Traktor" avval ham O'monga safar qilishda qiyinchiliklarga duch kelgan. Jamoa Qatarning "Ash Shamal" klubiga qarshi uchrashuv oldidan Iroq va Turkiya orqali uzoq yo'l bosib, O'monga yetib borishga majbur bo'lgan.

"Traktor" bosh murabbiyi Javod Nekunam avvalroq jamoa yana shunday murakkab safarga duch kelsa, Osiyo Chempionlar ligasi Elit turniri uchrashuviga yoshlar tarkibini yuborishi mumkinligini bildirgan edi.

Ayni paytda "Traktor"ning "Neftchi"ga qarshi uchrashuvdagi ishtiroki bilan bog'liq vaziyat noaniqligicha qolmoqda. OFK tomonidan bahsni qoldirish yoki bekor qilish haqida rasmiy qaror e'lon qilinmagan.

Ma'lumot uchun, "Traktor" va "Neftchi" o'rtasidagi Osiyo Chempionlar ligasi Elit turniri 4-tur uchrashuvi 2 noyabr kuni Ummon poytaxti Maskatdagi "Sulton Qobus" sport majmuasida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da boshlanishi belgilangan.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: ISNA