

Eng avvalo, butun jamoani g'alaba bilan tabriklayman. Tashrif buyurgan muxlislarga ham minnatdorchilik bildiraman. O'ylaymanki, uchrashuv qiziqarli kechdi. Asosiysi, g'alaba qozondik. O'yinga jiddiy hozirlik ko'rgan edik. “Qizilqum”ni o'rganib chiqib, ularning kuchli jamoa ekanligini bilardik. Shunga yarasha tayyorgarlik ko'rdik va o'yin uchun tuzgan rejamiz ish berdi, deb o'ylayman. Albatta, ko'proq gol urganimizda yanada yaxshiroq bo'lardi, ammo eng muhimi, o'yin tizimi ham, maydondagi vaziyat ham to'liq nazoratimizda bo'ldi. Muhim uch ochkoni qo'lga kiritdik. Shu munosabat bilan butun jamoani va muxlislarni tabriklayman. Yigitlar ham mazmunli o'yin ko'rsatishdi. Shuningdek, “Qizilqum” jamoasiga ham keyingi uchrashuvlarda omad tilayman.
– Matbuot anjumanlaridan birida OKMK va “Andijon” vakillariga “Kubok finali” degan mazmunda savol berilganda, ular “yaxshi niyat” deya javob qaytarishgan edi. Siz kubok yarim finali oldidan qanday yaxshi niyatlar qila olasiz?
– Albatta, eng asosiy maqsadimiz – kubokni qo'lga kiritish. Shuning uchun bizga kubok sohibi bo'lish nasib qilishini tilaymiz. Har bir jamoaning o'z oldiga qo'ygan maqsadi bo'ladi. OKMKda ham, “Andijon”da ham, boshqa jamoalarda ham imkoniyat mavjud. Shu sababli oldindan bir nima deyish qiyin, lekin, albatta, biz ham xuddi shunday niyatdamiz. Biz har bir o'yinga jiddiy munosabatda bo'lyapmiz va puxta tayyorgarlik ko'ryapmiz. Ungacha hali FIFA kunlari munosabati bilan kichik tanaffus bo'ladi. Undan so'ng dastlab “Neftchi”ga qarshi, keyin esa OKMKga qarshi uchrashuvlar kutib turibdi. Nasib qilsa, yaxshi tayyorgarlik ko'ramiz va o'z maqsadimiz yo'lida, albatta, harakat qilamiz.
– Besh kundan so'ng bizning milliy terma jamoamiz o'rtoqlik uchrashuvida eng kuchli futbolchilari bilan tarkibini kuchaytirayotgan Rossiya terma jamoasini qabul qiladi. Sizningcha, terma jamoamiz Rossiyaga qarshi qanday o'yin ko'rsatadi?
– Albatta, bu o'yin nafaqat barchamiz uchun qiziqarli bo'ladi, chunki Rossiya terma jamoasi bilan anchadan beri o'ynamaganmiz. Yoshlar miqyosida to'qnash kelgan bo'lishimiz mumkin, ammo bu safargisi qiziq kechishi shubhasiz. O'ylaymanki, bizni yaxshi uchrashuv kutmoqda. Natija masalasi qanday bo'lishini vaqt ko'rsatadi, lekin biz o'z maydonimizda o'ynaymiz va o'yinimizni taqqoslab ko'rish imkoniyatimiz bor. To'g'ri, Rossiya terma jamoasi ham yuqori saviyada, ammo ularning xalqaro musobaqalarda ishtirok eta olmayotganligi holati kayfiyatiga ta’sir qilishi mumkin. Umuman olganda, bu uchrashuvning o'ziga xos principial ahamiyati bor, chunki hamma baribir ikki jamoani taqqoslab ko'radi. Eng asosiysi, jamoani yaxshi tayyorlay oladigan murabbiy bor. Futbolchilar sog'-salomat bo'lishi muhim. O'z uyimizda o'ynayotganimiz sababli, yaxshi harakat qilib, Rossiya terma jamoasini mag'lub etishimiz kerak.
– Bugun hisob 1:0 ko'rinishida bo'ldi. Baribir jamoa biroz qiynaldi, desak bo'ladi. Bu nima bilan bog'liq?
– Yo'q, albatta, “Qizilqum” jamoasi himoyada juda ishonchli harakat qildi va yaxshi tayyorgarlik ko'rganligi bilindi. Ular shunday himoyalanayotgan paytda raqib mudofaasini yorib o'tish o'ziga yarasha qiyinchiliklar tug'dirdi, ayniqsa, birinchi bo'limda. Ikkinchi bo'limda hisob 1:0 ko'rinishiga kelganidan so'ng o'yinda biroz ochiqlik paydo bo'ldi. Ungacha esa “Qizilqum” mudofaada tartibli o'ynadi. Har bir futbolchida ishtiyoq yuqori ekanligi ko'rinib turdi. Raqib birinchi bo'limda beshta himoyachi bilan harakat qilgani uchun vaziyatlar yaratish oson bo'lmadi, balki shuning uchun ham bizda ko'p imkoniyatlar yuzaga kelmagandir. Lekin o'yin tizimi ham, to'p nazorati ham to'liq bizda edi. Gol urdik va xohlasak, hisobni yanada yiriklashtirish imkonimiz ham bor edi. Eng muhimi, bizga 3 ochko kerak edi va “Qizilqum”ga deyarli hech qanday imkoniyat qoldirmasdan g'alaba qozondik.
– Abdurauf Bo'rievni “Navbahor” bilan bog'lashyapti. Bu sobiq shogirdingizni jamoaga olib kelish bo'yicha hozircha mish-mishmi yoki aniq harakatlar bormi?
– Hozircha bir nima deyish qiyin. U “Paxtakor” futbolchisi, lekin shartnomasi yakuniga etayotganini bilamiz. Qolaversa, Bo'riev mening qo'l ostimda yetishib chiqqan o'yinchi, shu sababli o'zaro aloqalarimiz juda yaxshi.
Ammo hozircha uni jamoaga olib kelish yoki shunga o'xshash masalalar rasman muhokama qilinmagan. Hammasini vaqt ko'rsatadi.
– Siz ishtirok etayotgan matbuot anjumanida milliy terma jamoa haqida ham qisqacha savol bersam. Eshitgan bo'lsangiz, terma jamoa murabbiyining iste'fosi haqida gaplar tarqaldi...
– Men bu iste'fo haqida eshitmadim. Murabbiyning boshqa jamoaga ketishi mumkinligi haqidagi xabarlarni biz ham matbuotda o'qidik. Bu qanchalik haqiqatga yaqin ekanini bilmadim, lekin Assotsiatsiya uning jamoa bilan shartnomasi borligini va muddat keyingi Osiyo kubogiga qadar tuzilganini ta'kidladi. Bu murabbiyning qolish yoki ketmasligi, shuningdek, uning xohishiga va Federatsiyaning qaroriga bog'liq masaladir. Biz turli gap-so'zlarni o'qiyapmiz, lekin anig'ini bilmaymiz. Agar bizning fikrimizni so'rasangiz, terma jamoaga foydasi tegsa, kim bo'lishidan qati nazar, ishlashi tarafdorimiz. Biz uchun eng muhimi – milliy terma jamoaning manfaati va uning yuqori o'rinlarni egallashidir. Qaysi murabbiy ishlashidan qati nazar, asosiysi shu. Menimcha, u yomon murabbiy emas, terma jamoa uchun yaxshi harakat qilmoqda.
– “Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi sifatida ish boshlaganingizga bir mavsum to'lmoqda. Kelasi mavsumda ham “Navbahor”da qolish istagingiz va ambiciyangiz bormi? Agar sizga boshqa taklif tushsa, javobingiz qanday bo'ladi? Shuni ochiqlay olasizmi?
– Albatta, bu borada ishlar olib borilmoqda. Boshidagi holat bilan solishtirganda, jamoamiz ancha o'zgardi va o'zini tiklab oldi. O'yinchilarning o'ziga bo'lgan ishonchi, maydondagi harakatlari va bir-birini tushunishi borasida ko'p ijobiy o'zgarishlar bo'ldi. Hozirgi kunda jamoamiz har qanday raqib bilan munosib o'yin ko'rsata oladigan darajaga chiqdi. “Navbahor” oldiga har doim eng yuqori maqsadlar qo'yilgan va hozir ham shunday. Biz kubokda ham, chempionatda ham oxirigacha kurashamiz. Shuning uchun bu yil ham, kelasi yil ham jamoa doimo yuqori maqsadlarni ko'zlaydi va shu yo'lda harakat qiladi.





