"Tezkor studiya": Argentina finalga haqli ravishda yo'l oldimi?

Iskandarov Abdulaziz
16 iyul 2026, 17:39
Jahon chempionatining barcha finalchilari nomi ma'lum bo'ldi.

"Tezkor studiya" ko'rsatuvining navbatdagi sonida Argentina terma jamoasining Angliya ustidan qozongan g'alabasi va yarim finalning boshqa muhim jihatlari atroflicha tahlil qilindi. Studiya mehmonlari - taniqli ekspertlar Narzulla Saydullaev, Sanat Shixov va Tolibjon Qosimov o'yin borasidagi o'z mulohazalari bilan o'rtoqlashishdi.

Snimok ekrana (468).png

Sanat Shixov: "30 daqiqa davomida jarima maydonchasi ichida himoyalanish - yarim final uchun kulgili holat"

Umumiy o'yin manzarasiga e'tibor qaratsak, Argentina bahs davomida to'liq ustunlik qildi. Angliya gol urganidan keyin bu ustunlik yanada yaqqol ko'zga tashlana boshladi.

Nazarimda, bu yerda murabbiy xatosiga yo'l qo'yildi - goldan so'ng inglizlar umuman oldinga o'tishmadi va 10 kishi bo'lib faqat himoyalanish bilan band bo'lishdi.

Agar qandaydir mo'jiza yuz bermaganida, bunday hisobni ushlab qolish imkonsiz edi. Argentinaning tinimsiz hujumlar yomg'iri fonida Angliya baribir gol o'tkazib yuborishi aniq edi.

Eng qizig'i, hisob 1:1 bo'lganidan keyin ham inglizlar o'yinda biror narsani o'zgartirishni istashmadi. Agar bahs ekstra-taymlarga ulanib ketganida, hisob yanada yirik ko'rinish olardi, chunki Angliyada kuch qolmagandi. Shunday ekan, Argentina mutlaqo haqli g'alabani qo'lga kiritdi.

Bugun hakamlik oliy darajada bo'ldi. To'g'risi, 1:0 hisobida oldinda borayotgan jamoaning bu qadar zaiflashganini ko'rmagandim.

Snimok ekrana (469).png

Jarima maydoni ichida Argentinaga qarshi bu tarzda himoyalanish - o'z joniga qasd qilish bilan barobar. Buning ustiga, 30 daqiqa davomida himoyaga yotib olish - yarim final uchun shunchaki kulgili. Angliya raqib qarshisida ojiz ko'rinib qoldi. Argentina esa ancha tajribali va xavfli jamoaga aylanganini isbotladi.

Vaholanki, Angliyaning guruh bosqichidagi o'yinlari bizda ijobiy taassurot qoldirgan edi. Ular Norvegiya bilan bahsda ham ajoyib kambekni amalga oshirishgandi.

Kongo DR terma jamoasi a'zosi Yoan Vissa o'shanda ikkinchi golni urganida, Angliya guruhda qolib ketishi ham mumkin edi. Bazida "bu Angliyadan ko'ra turnirda Norvegiya qolgani yaxshiroq edimikin?" deb o'ylab qolasan kishi.

Nima bo'lgan taqdirda ham, final juda qiziqarli o'tishi aniq. Individual mahorat evaziga Argentinani favorit deb hisoblayman.

Ispaniya terma jamoasida baribir ichki qo'rquv bo'ladi. Bu esa ularning maydonda rejalashtirgan taktikalarini to'liq amalga oshirishiga xalaqit berishi mumkin.

Snimok ekrana (450).png

Tolibjon Qosimov: "Tuxelning o'ta qaysarligi Angliyaning boshiga etdi"

O'yin sifati va namoyish etilgan futbol bo'yicha finalga haqiqatdan ham loyiq bo'lgan jamoa yo'l oldi.

Angliya doim kuchli murabbiy masalasida oqsab kelgan. Nihoyat, ushbu mundialda ular taktik jihatdan aqlli murabbiyga ega bo'lishdi, deb o'ylagandim. Biroq Tomas Tuxelning o'ta qaysarligi Angliyaning boshiga etdi.

Jamoa yaxshi harakat qilib, birinchi bo'lib hisobni ochgan edi. Lekin shundan so'ng murabbiy vinger o'rniga himoyachini tushirib, 3 ta markaziy himoyachi taktikasiga o'tdi.

Keyinroq Argentina qanotlardan xavfli uzatmalarni amalga oshirgach va Jordan Pikford ikkita ajoyib seyv ko'rsatganidan keyin, Tuxel "ikkinchi qavatni boy beryapmiz" degan xavotirda yana himoyachi tashladi. Natijada, 1:0 hisobida yutayotib, jamoa maydonda 6 ta himoyachi bilan o'ynay boshladi! Buncha ko'p himoyachi maydonda bir-biriga xalaqit berib qo'yadi.

Enco Fernandes istalgan nuqtadan bemalol zarba bermoqda, ammo unga hech kim to'sqinlik qilmayapti. O'yin tugashiga hali 35 daqiqa bor vaqtda jamoani butunlay himoyaga yotqizish - bu qanday qaror?

Snimok ekrana (439).png

Argentinadek jamoaga qarshi yarim soat oldin himoyaga yotib bo'lmaydi, ular irodali xarakter ko'rsata olishini allaqachon isbotlashgan. Hatto Misr ham bu qadar zaif himoyalanmagan, tez-tez qarshi hujumlar tashkil qilib turgandi. Ishtiyoq va mazmunli o'yin bobida Argentina finalga to'liq loyiq ekanini ko'rsatdi, Angliya esa bunga munosib emasdi.

Ochig'i, bunday qo'rqoq o'yin ko'rsatadigan jamoaga finalda joy yo'q edi.

Endi ular uchinchi o'rin uchun bahsda maydonga tushishadi, lekin bu o'yin inglizlarga umuman kerak emasdek. Ular maydonda go'yoki qattiq xafa bo'lgandek, ishtiyoqsiz o'ynashadi.

Agar ularning o'rnida Marokash, Turkiya yoki Xorvatiya kabi jamoalar bo'lganida, mutlaqo boshqacha ishtiyoq va jangga taklif etadigan futbol ko'rgan bo'lardik.

Snimok ekrana (429).png

Narzulla Saydullaev: "Kutilmagan gol Angliyaga pand berdi"

Menimcha, kutilmagan gol Angliya terma jamoasiga salbiy ta’sir qildi. Unga qadar Argentina posboni Emiliano Martines deyarli jiddiy seyv amalga oshirmagandi.

Inglizlarning goli kutilmagan qarshi hujumdan keyin yuzaga keldi, chunki ular o'yinda ustunlik qilishayotgani yo'q edi. Mana shu hisobning ochilishi Angliyani ruhan sindirdi va bor e'tiborini faqat himoyaga qaratishga majbur qildi.

Ushbu Jahon chempionatidagi bir qiziq faktga e'tibor qaratish lozim: Angliya tarkibida gollarni Keyn, Bellingem, Rashford va bugun Gordon kiritdi.

E'tiborlisi, bu futbolchilarning barchasi APLdan tashqarida (boshqa chempionatlarda) to'p tepishadi. APLda o'ynaydigan futbolchilar esa, aksincha, bu turnirda Angliyaga yordam bera olishmadi.

Homiylarimiz: CAU, “InfinBank”, “AKFA”“Ucell” “TT LLC”“Black Cofee”“OfoTour”

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia