Nacho "Real" va "Atletiko" o'rtasidagi o'yindagi hakamlik haqida: "Mourinyu xayoliga kelgan gapni aytadi - bu esa ko'pchilikka yoqmaydi"

Administrator
22 sen 2026, 20:24
"Real"ning sobiq himoyachisi Nacho Fernandes La Liganing 7-turidan o'rin olgan "qaymoqranglilar" va "Atletiko" o'rtasidagi uchrashuvdagi (1:2) hakamlik yuzasidan Joze Mourinyuning etirozlariga munosabat bildirdi.

Madrid derbisida Migel Anxel Ortis Arias bosh hakam sifatida ishladi.

37-daqiqada Jud Bellingem podkatda Kristian Romeroni yiqitdi. Arias "Real" yarim himoyachisiga sariq kartochka ko'rsatdi, ammo takroriy lavhani ko'rgach, uni bekor qildi va "Atletiko" himoyachisini ogohlantirdi, chunki argentinalik futbolchi raqibining tizidan salgina pastroq qismiga butsasining tishlari bilan bosgan edi. Birinchi bo'lim oxirida "Atletiko" yarim himoyachisi Li Kan In Federiko Valverdega qarshi qo'pollik ishlatgani - uning to'piq qismiga butsasi bilan zarba bergani uchun hech qanday kartochka olmadi. 49-daqiqada "Real" himoyachisi Din Xyoysen o'z jarima maydoni ichida "Atletiko" vingeri Juliano Simeoneni qo'lidan ushlab qoldi. Argentinalik maydonga yiqildi, hakam penalti belgiladi va Xyoysenga sariq kartochka ko'rsatdi. Vaziyatni takroran o'rgangach, referi ispaniyalik futbolchini maydondan chetlatdi.

O'yindan so'ng Mourinyu matbuot anjumaniga Romero va Li Kan In tomonidan "Real" futbolchilariga nisbatan ishlatilgan qo'polliklar tasvirlangan suratlarni chop ettirib olib keldi va hakamlik borasida bir qator keskin fikrlarni bildirdi: "Hakam 41 yoshda, unda derbi uchun tajriba yetishmadi. U faqat kichik o'yinlarda ishlagan kuchsiz hakam. Hakamlar qo'mitasini tabriklayman", "Biz shunchaki kulkili narsalarni ko'rdik - 'Osasuna'ga urilgan golning bekor qilinishi, 'Barsa'ning penaltisi. Liga mensiz o'zgargandir deb o'ylagandim, ammo yo'q", Romero va Li Kan Inning follari haqida: "Ikkita aniq qizil kartochka, hakamlar qo'mitasi xursand bo'lishi kerak. Referi bosimni ko'tara olmadi - u hatto xalqaro o'yinlarda ham ishlamaydi", Xyoysenning chetlatilishi haqida: "Kiyinish xonasida fol jarima maydoni tashqarisida boshlanganini aytishdi - unda bu qizil va 0:0. Ammo birinchi bo'limda 11 kishi 9 kishiga qarshi bo'lishi kerak edi, keyin esa... mo'jizalar bo'lmaydi", Negreyra haqida: "U endi yo'q-a, to'g'rimi? Yoki u hali ham o'sha yerdami? Agar u yo'q bo'lsa, demak liga Negreyra tomonidan bulg'anmagan".

"Bularning barchasi ataylab uyushtirilmagan deb ishonging keladi. O'ylashimcha, hakam ham inson va xato qilishi mumkin. Ammo bunday jiddiy xatolar o'yin taqdirini hal qilib qo'yishi mumkinligi ham haqiqat. Agar ikkita qizil kartochka bo'lganida, o'yin tamomila boshqacha kechar edi.

Biz Mourinyuning, ayniqsa shunday vaziyatlarda matbuot anjumanlarini xush ko'rishini yaxshi bilamiz. Oxir-oqibat, u o'z jamoasini himoya qilmoqda. Muammo shundaki, Mourinyu haddan tashqari samimiy. U xayoliga kelgan gapni aytadi va bu ko'pchilikka yoqmaydi", - dedi "Al Qodisiya" a'zosi.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: Cadena SER