Shavkat Yusupov: "Chempionat endi boshlandi, hali o'z so'zimizni aytamiz"

Оқил Абдубарноев
26 apr 2026, 21:54
Proliganing 5-turidan o'rin olgan "Aral" – "FarDU" (2:0) o'yinidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Shavkat Yusupov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O'yin haqida...

– "Aral"ni g'alaba bilan tabriklayman. Birinchi bo'lim boshida o'z xatolarimiz evaziga gol o'tkazib yubordik. Kerakli imkoniyatlardan foydalana olmadik. "Aral" o'z maydonida kuchli o'yin namoyish etadi. Shunga qaramay, etarlicha tayyorgarlik ko'rgandik. Shogirdlarimga rahmat aytaman, ular maydonga chiqib, borini berishdi.

– Uzoq masofa futbolchilarning jismoniy holatiga ta’sir qilishi tabiiy hol. Bu maydonda ta’sir o'tkazmadimi?

– Har bir o'yinda yigitlar katta hajmdagi ishni bajarishyapti. Ularning jismoniy holatidan shikoyatim yo'q. Bizga yaxshi sharoit yaratib berishdi. Yaxshi tayyorgarlik ko'rdik, lekin o'z xatolarimiz evaziga jazolandik.

– Birinchi gol o'yin tizginini o'zgartirdi deya olasizmi?

– Bu ruhiy jihat ta’sir o'tkazdi, shunga qaramay, o'z uslubimizdan chetga chiqmadik. Ammo ikkinchi bo'lim so'ngidagi xato ikkinchi golni yuzaga keltirdi. Xatolarni to'g'rilash ustida ishlaymiz. O'yindan o'yinga rivojlanishda davom etamiz.

– Jamoaning oldinga qo'ygan maqsadi qanday?

– Maqsad – har bir uchrashuvda g'alaba qozonib, Superligaga chiqish. Chempionat endi boshlandi, hali o'z so'zimizni aytamiz.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia