"Sevinch" ayollar jamoasi 100 foizlik natija bilan Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga yo'l oldi

Оқил Абдубарноев
23 avg 2026, 22:08
O'zbekistonning "Sevinch" ("Nasaf") ayollar futbol klubi Osiyo Chempionlar Ligasi saralash bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, musobaqaning guruh bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritdi.

Qarshi shahridagi "Markaziy" stadionda bo'lib o'tgan hal qiluvchi uchinchi tur uchrashuvida vakilalarimiz Birlashgan Arab Amirliklarining "Banaat" jamoasiga qarshi maydonga tushishdi. Uchrashuvda "Sevinch" qizlari to'liq ustunlikni namoyish etib, raqib darvozasiga javobsiz ettita to'p kiritishdi va 7:0 hisobidagi yirik g'alabani tantana qilishdi.

Saralash bosqichi davomida qashqadaryoliklar mutlaq yetakchilik qilib, barcha o'yinlarda yutib chiqdi. Ular bunga qadar o'tkazilgan dastlabki ikki turda ham yirik hisoblarda zafar quchishgan edi. Xususan, birinchi turda Laosning "Master" jamoasi 11:0 hisobida dog'da qoldirilgan bo'lsa, ikkinchi turda Butanning "Royal Tximpxu Kollej" klubi ustidan 3:0 hisobidagi ishonchli g'alaba qo'lga kiritildi.

Shu tariqa, "Sevinch" jamoasi o'tkazilgan uchta uchrashuvning barchasida g'alaba qozonib (3 ta o'yin – 3 ta g'alaba), raqiblari darvozasiga jami yigirma bitta gol urishga muvaffaq bo'ldi va yuz foizlik ko'rsatkich bilan musobaqaning asosiy guruh bosqichiga yo'llanma oldi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: "Севинч" матбуот хизмати