Sergey Tashuev: “O'zbekiston finalga chiqsa quvongan bo'lardik. Bu hayotda hamma narsa bo'lishi mumkin”

Sherzod Nurmatov
5 iyun 2026, 19:41
O'zbekiston milliy terma jamoamizning mundialdagi ishtirokini barchamiz katta intiqlik bilan kutayotganimiz rost.

Qolaversa, bu borada ko'pchilik va shu jumladan xorijiy mutaxassislar ham Fabio Kannavaro boshchiligidagi bosh jamoamiz to'g'risida o'z fikr va mulohazalarini bildirishda davom etmoqdalar. Bu albatta o'ziga yarasha qiziq.

Rossiya futboli jamoatchiligi tomonidan ham tez-tez ko'zga ko'ringan mutaxassislarning bildirayotgan munosabatlariga ko'zimiz tushib qoladi. Bu borada esa o'zimiz harakat qilib, bevosita rossiyalik mutaxassis bilan bog'landik.

Jumladan, hozirda Rossiya birinchi divizion ishtirokchisi sanalgan “Enisey” klubiga bosh murabbiylik qilib kelayotgan tajribali Sergey Tashuev savollarimizga javob qaytarishga rozilik bildirdi.

- Sergey Abuezidovich, ushbu intervyuga rozilik berganingiz uchun tashakkur. Bilamizki, siz ayni paytda Rossiya birinchi divizion ishtirokchisi – “Enisey” klubi bosh murabbiyisiz. Ayting-chi, u yerdagi ishlaringiz qanday?

- Albatta, “Enisey”da o'zimni yaxshi his qilyapman. Muxlislarning ishonchi va muhit menga maqul kelyapti. Yaxshi natijalarga erishishimiz uchun hali ko'p ishlashimiz kerak. O'yin tashkil qilish, vaziyatni o'zgartirish va jamoani yanada shakllantirish bo'yicha bir qator ishlarni amalga oshiryapmiz. Oldinga intilish asosiy rejamiz. Minskda yozgi yig'inni o'tkazmoqchimiz va o'zbek klubiga qarshi o'yin o'tkazishimiz ham mumkin.

- Endi asosiy mavzuga o'tsak. Siz bilan jahon chempionati haqida gaplashmoqchiman. Mundialda qaysi terma jamoalarga muxlislik qilasiz?

- Jahon chempionati haqida gapirganda bir qator terma jamoalar qatori tabiiyki, O'zbekistonga ham muxlislik qilaman. O'zbek futbolchilarini yaxshi bilaman. O'z vaqtida Mirjalol Qosimovni Samaradagi o'yinlari orqali juda yaxshi tanirdim. Shuningdek, Sergey Lushanni ham bilaman. Hozirgi avlod futbolchilari ham ajoyib. Eldor Shomurodov, Abbos Fayzullaevni aytishim mumkin. Uni ayniqsa, “Fakel”ga qarshi o'yinlarini yaxshi eslayman. Albatta, “Manchester Siti”da o'ynayotgan himoyachi Abduqodir Husanovni tilga olish lozim. Uni “Energetik BGU”da o'ynaganini bilardim. O'shanda u yoshgina yigitcha edi. O'z vaqtida meni jamoam “Energetik BGU”ga qarshi o'ynagan. Biz 1:0 ga yutgandik. O'sha uchrashuvda o'zbek yigiti yomon o'yin ko'rsatmagan. O'shanda u bizga qarshi o'ynagandi, hozir esa “Manchester Siti”da (kuladi). Abduqodirga keyingi faoliyatida ham omad tilayman.

- O'zbekiston milliy terma jamoamiz o'z tarixida ilk bor jahon chempionatida ishtirok etadi. Ma'lumki, siz o'zbek futbolini Sobiq ittifoq davridan beri bilasiz. O'zbekistonning mundialda ishtirok etishi siz uchun nimani anglatadi?

- O'z vaqtida Toshkentda bir necha bor bo'lganmiz va Qibrayda, keyin adashmasam Chirchiqda yig'inlar o'tkazganmiz. O'zbek futbolini bilaman. O'sha paytda Valeriy Kechinov yosh edi va uni yaxshi tanirdim. Iqtidorli bola edi. “Paxtakor”ni, ayniqsa, 1979 yilda halokatga uchragan jamoani yaxshi eslayman. An, Fyodorov va yana boshqalar o'zbek futbolini eng yorqin futbolchilaridan edi. Shuni aniq ayta olamanki, doim sizlarda iqtidorli o'yinchilar bo'lgan. MDHdan faqat O'zbekiston jahon chempionatiga chiqdi va barcha qatori men ham albatta terma jamoangizga ishqibozlik qilaman.

- Milliy termamiz Fabio Kannavaroga ishonib topshirilganini yaxshi bilasiz. Sizningcha, italiyalik mutaxassis terma jamoamiz bilan syurpriz ko'rsata oladimi?

- Kannavaro o'z vaqtida ajoyib himoyachi bo'lgan. Fabio bejizga jahonning eng yaxshi futbolchisi bo'lmagan. Italiyaning eng kuchli markaziy himoyachisi edi. Aynan o'zining yorqin o'yinlari tufayli dunyodagi eng zo'r futbolchiga aylana olgan. O'ylaymanki, uning boshchiligidagi O'zbekiston himoyada tartibli o'yin ko'rsatadi. Men yaxshi natijalar kutyapman. Hujumda ham jamoaning imkoniyatlarini yomon deb bo'lmaydi. Nazarimda, Kannavaro bir qator taktik yangiliklarga qo'l ursa kerak. Himoyani mustahkamlagan holda hujumlardan oqilona foydalana olishi juda muhim. Shunda ko'zlagan maqsadga erisha oladi. Ayniqsa, qarshi hujumlardan unumli foydalanishlari kerak. Buning uchun o'ziga xos taktikalar tuzish lozim. Menimcha, buni uddalasa kerak. Jamoani himoyasi mustahkam bo'lsa, hujumlar ham samarali chiqadi.

- Kolumbiya, Portugaliya va Kongo O'zbekiston bilan bir guruhda. Nima deb o'ylaysiz, bu “o'lim guruhi”mi va undan vakillarimiz “sog'-omon” keyingi bosqichga chiqa oladimi?

- Albatta, guruh juda qiyin. Lekin shunday bo'lsa-da, sen jahon chempionatining final qismiga chiqdingmi, demak guruhda hech kimdan qo'rqmasliging kerak. Raqibni to'g'ri o'rganish, uni kuchli va kuchsiz tomonlarini to'g'ri baholay olish natijaga erishishda katta rol o'ynaydi. Men ko'plab Rossiya va Ukraina klublarida to'p tepganman. O'yinlar davomida raqiblarni kuchli va kuchsiz jihatlarini o'rganib, tahlil qilardik va shunga qarab o'yin taktikasini tuzib chiqardik. O'zbekiston ham raqibni to'g'ri baholab, har taraflama o'rganib, shunga yarasha o'yin tashkil qilishi muhim. “Shaxtyor”, “Dinamo Kiev”, “Dnepr”, “Metallist” singari kuchli klublar safidagi etuk futbolchilar o'ynagan hamda raqibni yaxshi o'rganib chiqib, ularga etarlicha qarshilik ko'rsatishardi. Ular doimo raqibni kuchini to'g'ri taqsimlab shunga qarab o'yin ko'rsatishardi. Vaqtida pressing qilardik, o'z vaqtida himoyalanardik. Bularning barchasi raqibni o'rganish bilan bog'liq jarayonlar edi. Aytmoqchimanki, raqibni yaxshi o'rganish juda muhim. Bosim bilan agressiv futbol ko'rsatardik. Hech kimdan qo'rqmasdan kuchli o'yin ko'rsatish harakatida bo'laverish kerak.

- Yana bir jihatga alohida e'tibor qaratish kerakki, O'zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH mamlakatlari orasida ham jahon chempionatida yagona vakil sifatida qatnashadi. Xo'sh, Rossiyada terma jamoamizning bo'lajak ishtiroki borasida qanday fikrlar bildirishmoqda?

- Albatta, osiyoliklar, shuningdek yon qo'shnilar - Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston va Turkmaniston terma jamoangizni qo'llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga Rossiya ham jahon chempionatida O'zbekistonga muxlislik qiladi. Ko'plab o'yinchilar Rossiya chempionatida to'p tepishgan va bizning ishqibozlarimiz ularni yaxshi bilishadi. Shu sababli tabiiyki, terma jamoangizni qo'llab-quvvatlashadi.

- Sizningcha, qaysi futbolchilarimiz mundialda kashfiyot bo'lishlari mumkin?

- Shomurodov, Xusanov, Fayzullaev kabi yetakchilar bor va ular o'zlarini ko'rsatishlari katta ehtimol. Ulardan tashqari yana bir qancha o'yinchilar ham yaxshi o'yin ko'rsatishlariga umid qilaman. Terma jamoa yigitlari o'zlaridan iliq taassurot qoldirish uchun bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishlariga ishonaman. Terma jamoangiz tarkibida yana boshqa yangi futbolchilarni ham kuzatishimiz mumkin.

- Mundial finalida qaysi terma jamoalarni ko'ryapsiz?

- Ispaniya, Fransiya yoki Braziliya. Kuchli jamoalar ishtirokidagi zo'r finalni ko'rishni xohlayman. Anchelotti kabi kuchli murabbiylarni finalda ko'rsam ajablanmayman. Yevropa Chempionlar ligasi finalida ham ko'rdikki, bir jamoa hujum qilyapti, boshqasi esa raqibni xato qilishini kutyapti. Finalda qiziqarli o'yinni ko'rishni xohlagan bo'lardim. Shuningdek, O'zbekiston ham finalga chiqsa bundan quvongan bo'lardik. Bu hayotda hamma narsa bo'lishi mumkin.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia