

Bugun Ispaniya va Belgiya jahon chempionati chorak finalida to'qnash kelar ekan, tarix o'zining eng nozik ironik tabassumlaridan birini hadya etmoqda. Gap shundaki, ispan futbolining brendiga aylangan "La Furiya Roxa" - "Qizil g'azab" laqabi aynan Belgiya zaminida, Antverpen shahrida tug'ilgan. Buning ustiga, bu ibora futboldan to'rt asr avval ham mavjud edi - faqat u paytda uning manosi butunlay boshqacha bo'lgan.
To'rt asrlik ildiz: 1576 yilgi "Ispan g'azabi"
XVI asrda Flandriya - bugungi Belgiya hududi - Ispaniya imperiyasi tarkibida edi. 1576 yilda oylik maoshini ololmay isyon ko'targan ispan tersiolari (o'sha davrning eng kuchli piyoda qo'shinlari) Antverpen shahrini bosib olib, uni talon-toroj qilgan. Minglab odam halok bo'lgan bu fojia tarixga "Furia española" - "Ispan g'azabi" nomi bilan kirgan. Asrlar davomida bu ibora Niderlandiya va Belgiyada ispanlarning shafqatsiz shiddatini anglatuvchi qora tamg'a sifatida ishlatib kelingan.
Kim o'ylabdi deysiz - oradan roppa-rosa 344 yil o'tib, xuddi o'sha Antverpenda bu ibora qayta tug'iladi. Bu safar - faxr ramzi sifatida.
1920 yil: "Tinchlik o'yinlari" va Ispaniyaning ilk qadami
Birinchi jahon urushidan endigina chiqqan Yevropa 1920 yilda Antverpenda Olimpiada o'tkazdi. Bu musobaqa tarixga "Tinchlik o'yinlari" nomi bilan kirgan - aynan shu yerda ilk bor tinchlik ramzi sifatida kabutarlar havoga uchirilgan.
Ispaniya terma jamoasi uchun bu turnir - tarixdagi birinchi rasmiy musobaqa edi. 1920 yil 28 avgust kuni Bryusselda Daniya bilan bo'lgan uchrashuv Ispaniya tarixidagi ilk rasmiy o'yin bo'ldi: Patrisio Arabolacaning yagona goli g'alaba keltirdi. O'sha tarkibda keyinchalik afsonaga aylangan ismlar bor edi: darvozabon Rikardo Samora, hujumchi Pichichi (hozirda La Liganing eng yaxshi to'purari mukofoti uning nomi bilan ataladi), yarim himoyachi Xosep Samiter.
Ammo safarning o'zi qahramonlik talab qilardi. Hukumat jamoaning yo'l xarajatlarini qoplashdan bosh tortgan. Urushdan vayron bo'lgan Yevropa bo'ylab futbolchilar uchinchi toifadagi vagonlarda yurgan. Antverpenda ularni... etimxonaga joylashtirishgan: bo'yi 1,93 metrli pahlavonlar bolalar karavotida uxlagan, yigirma kishiga atigi ikkita dush to'g'ri kelgan.

"Sabino, to'pni menga ber - hammasini yanchib tashlayman!"
Afsonaviy laqab 1920 yil 1 sentyabrda, Shvetsiya bilan bo'lgan o'yinda tug'ildi. Ispaniya 0:1 hisobida yutqazayotgan, o'yin qo'pol kurashlarga boy edi. Ikkinchi bo'limda Shvetsiya jarima maydoni yonida ispanlar foydasiga erkin zarba belgilandi. To'p oldiga "Atletik" himoyachisi Sabino Bilbao keldi.
Ana shu lahzada jamoa sardori, bo'yi 1,93 metr, vazni 90 kilogrammdan oshiq bask pahlavoni Xose Mariya Belaustegigoytia - qisqacha Belauste - butun stadionga yangragan hayqirig'ini aytdi:
"¡Sabino, a mí el pelotón, que los arrollo!" - "Sabino, to'pni menga uzat - hammasini yanchib tashlayman!"
Sabino to'pni jarima maydoniga oshirib uzatdi. Belauste to'pni ko'kragi bilan qabul qilib, to'xtamasdan darvoza sari yo'lladi va to'p, darvozabon, uchta shved himoyachisi hamda Belaustening o'zi birvarakayiga darvoza to'ridan o'rin oldi. Ha, aynan shunday: u golni ko'kragi bilan, raqiblarni sudragancha urgan edi. Ispaniya o'yinni 2:1 hisobida yutdi - ikkinchi golni Domingo Asedo kiritdi.
Qizig'i shundaki, bu golning birorta ham surati saqlanmagan. O'sha kuni maydonda yagona ispan jurnalisti - "Xandikap" taxallusli Manuel de Kastro bo'lgan, u esa kutilmaganda o'yinda yon hakamlik vazifasini ham bajarishga majbur bo'lgan.

Belgiya matbuoti laqab beradi
Ispanlarning ana shunday jangari, tap tortmas o'yini mahalliy gazetalarni lol qoldirdi. Belgiya matbuoti ispan futbolchilarining o'yinini tariflash uchun aynan o'sha tarixiy so'zni qo'lladi: "furia". To'rt asr avval Antverpenni vayron qilgan "ispan g'azabi" endi xuddi shu shaharda - futbol maydonida qayta tug'ilgan edi.
Ispaniya o'sha Olimpiadada mezbon Belgiyadan mag'lub bo'ldi (belgiyaliklar keyinchalik oltin medalni qo'lga kiritdi), ammo Shvetsiya, Italiya va Niderlandiyani engib, kumush medal sohibiga aylandi. Ko'pchilik ularni musobaqaning "manaviy chempioni" deb tan oldi. Ispan matbuoti esa g'urur bilan yozdi: "Ispaniya Flandriyaga nayzasini qadadi".
Laqabning keyingi taqdiri
"Furiya" o'nlab yillar davomida ispan futbolining falsafasiga aylandi: jangarilik, jismoniy kuch, so'nggi tomchi qonigacha kurashish. Franko davrida bu tushuncha hatto mafkuraviy qurolga ham aylantirildi.
Ammo Ispaniyaga eng katta shuhratni "furiya" emas, uning mutlaq teskarisi - "tiki-taka" olib keldi. 2008–2012 yillardagi oltin avlod raqibni kuch bilan emas, to'p bilan savalardi. Luis Aragones davrida jamoa ko'proq qisqa "La Roxa" nomi bilan atala boshladi. Shunga qaramay, "La Furiya Roxa" laqabi bugun ham tirik - u ispan futbolining tug'ilish guvohnomasi bo'lib qolmoqda.
Afsonaning bosh qahramoni Belaustening taqdiri esa achchiq yakun topdi: bask millatchiligi g'oyalariga sodiq bo'lgan ilk sardor fuqarolar urushidan so'ng muhojirlikka ketishga majbur bo'ldi va 75 yoshida Meksikada vafot etdi. Ammo uning hayqirig'i - "To'pni menga ber, hammasini yanchib tashlayman!" - bir asrdan beri ispan futbolining eng mashhur iboraligicha qolmoqda.



