

U darhol media makondagi eng shov-shuvli shaxslardan biriga qarshi ringga chiqishi ehtimol qilinmoqda.
X ijtimoiy tarmog'idagi Moslee akkaunti ma'lumotlariga ko'ra, 39 yoshli ispaniyalik Misfits Boxing ligasi turnirida amerikalik bloger Endryu Teytga raqib sifatida ko'rilmoqda. Musobaqa 22 avgust kuniga rejalashtirilgan.
Xabar qilinishicha, jang 88,5 kg gacha bo'lgan vazn toifasida, har biri 3 daqiqadan iborat 6 raund formatida o'tishi mumkin. Rasmiy anons yaqin kunlarda chiqadi.
Ramos uchun bu bokc ringidagi ilk rasmiy chiqish bo'ladi. Shu bilan birga, "Real" sobiq sardorining yakkakurashlarga bo'lgan qiziqishi anchadan beri sir emas: internetda uni mashhur jangchilar, jumladan UFC chempioni Iliya Topuriya bilan mashq qilayotgan videolari tez-tez paydo bo'lib turadi.
Teytga kelsak, 39 yoshli bloger 2025 yilning dekabrida 5 yillik tanaffusdan so'ng janglarga qaytgan. O'shanda u kikboksing qoidalari bo'yicha o'tgan bahsda Cheys De Murga ochkolar hisobiga mag'lub bo'lgan.
Serxio Ramosning so'nggi klubi Meksikaning "Monterrey" jamoasi bo'lib, himoyachi dekabr oyi boshida jamoani tark etgan.



