Qurbon Berdiev: "Aviahalokatdan so'ng yangilangan "Paxtakor"ga o'tish uchun ariza yozgandim, ammo..."

Оқил Абдубарноев
10 okt 2026, 18:45
Taniqli mutaxassis Qurbon Berdiev futbolchilik faoliyatida "Paxtakor"ga o'tishi mumkinligini aytdi.

"Ha, o'sha vaziyat esimda. Men Ashxoboddan Rostov-Donga, SKA jamoasiga jo'nab ketayotgandim. Aeroportga taksida ketayotgandim va mashina svetoforda to'xtadi. Ashxobodning "Kolxozchi" jamoasidagi darvozabonimiz Sergey Pokatilovni ko'rib qoldim, u o'sha paytda anchadan beri "Paxtakor" darvozasini qo'riqlab kelayotgan edi. Mashinadan tushib, u bilan so'rashmoqchi bo'ldim; biz anchadan beri ko'rishmagan edik, lekin chiroq yashil yondi va taksi yurib ketdi. Rostov-Donga yetib borgach, jamoaga qo'shilish uchun ariza yozdim. Keyin xotinimga qo'ng'iroq qilish uchun pochtaga bordim. Hozirgi kunda tushuntirish kerakki, o'sha paytlarda shaharlararo qo'ng'iroqlar uchun markaziy pochtaga borilardi. Qo'ng'iroq qilsam, xotinim shunday deydi: "Pokatilov keluvdi, seni "Paxtakor"ga taklif qilyapti". Juda xafa bo'lib ketdim, chunki u yerda Mixail An bilan birga o'ynashni xohlardim. Ko'rinishidan, Yaratganning o'zi meni Toshkentga borib qolishdan asragan ekan.

Misha bilan esa yoshlar o'rtasidagi turnirlardan birida – Navoiydagi "Umid kubogi"da yuzma-yuz kelganman. O'shanda O'zbekiston SSR terma jamoasi safida o'ynagan An deyarli yolg'iz o'zi bizning Turkmaniston SSR jamoamizni "aylantirib tashlagan" edi. Ular bizni 4:0 hisobida mag'lub etishdi va barcha gollar bir xil ssenariy bo'yicha urildi: Misha to'pni olardi, hammani aldab o'tib, gol urardi. Men shunchalik hayratda qolgandimki, hatto biroz vaqtga futbolni ham tashlab yubordim. Tengqurimning shunday qoyilmaqom darajadagi o'yinini ko'rganimdan keyin yarim yil davomida futbol o'ynamadim.

Ular halokatga uchraganida esa, men yangi tarkib yig'ishi kerak bo'lgan yangilangan "Paxtakor"ga o'tish uchun ariza yozdim, biroq armiya qoidalari osongina ketishimga yo'l qo'ymasdi, sababi men katta leytenant edim. Juda ham borgim kelgandi; murabbiyimiz Nikolay Aleksandrovich Samarinning oldiga ham bordim, lekin...

O'sha SKAning o'zida biz bilan Yuriy Churkin o'ynardi, uning akasi Viktor "Paxtakor" halokatida vafot etgandi. Men u bilan mehmonxonada bir xonada turardim. Samarin mendan bu mudhish xabarni unga etkazishimni so'radi, lekin xonaga kirganimda Yuraning: "Nima bo'ldi?" degan savollariga hech narsa deb javob bera olmadim. Natijada, hammasini murabbiylar aytishiga to'g'ri keldi", dedi Berdiev.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Реальное время