

Bunga 41 yoshli hujumchining milliy terma jamoa ixtiyorini o'zboshimchalik bilan tark etgani sabab bo'lgan. "A Bola" nashri xabar berishicha, futbolchiga nisbatan rasmiy tekshiruv boshlangan va u vaqtincha terma jamoa safidan chetlatilgan.
Federatsiyaning ma'lum qilishicha, 2026 yil 9 oktyabr kuni Intizom kengashining professional bo'lmagan futbol bo'limi Ronalduga nisbatan intizomiy ish qo'zg'atish to'g'risida qaror qabul qilgan. Maqsad - 7 oktyabr kuni sodir bo'lgan voqealar bilan bog'liq ehtimoliy intizomiy qoidabuzarliklarni aniqlash.
Federatsiya bayonotida quyidagilar yozilgan:
"Ish qo'zg'atilishidan oldin amalda bo'lgan avtomatik vaqtinchalik chetlatishdan tashqari, futbolchiga nisbatan qo'shimcha ehtiyot chorasi sifatida chetlatish jazosi qo'llandi. Ishga shoshilinch maqom berildi".
10 oktyabr kuni ish materiallari Portugaliya futbol federatsiyasining intizomiy tergov komissiyasiga topshirilgan. Federatsiya tekshiruv yakunlanguniga qadar ishning borishi haqidagi ma'lumotlar oshkor etilmasligini ham ma'lum qildi.
Shu tariqa, Ronaldu terma jamoa yig'inini o'zboshimchalik bilan tark etgani uchun avval avtomatik ravishda chetlatilgan bo'lsa, endi unga nisbatan qo'shimcha ehtiyot chorasi ham qo'llandi. Bu qaror futbolchining Portugaliya terma jamoasidagi kelgusi ishtirokiga ta’sir qilishi mumkin.
Hozircha Ronalduga nisbatan yakuniy intizomiy jazo belgilangani haqida ma'lumot yo'q. Tergov natijalariga ko'ra, federatsiya futbolchining harakatlariga huquqiy baho beradi va keyingi qarorni qabul qiladi.



