

- O'yin haqida fikringiz?
- O'z maydonimizdagi ikkita bahsda g'alaba qozona olmadik. Avvaliga "Buxoro" bilan, bugun "Dinamo" bilan durang o'ynadik. Birinchi taymni to'liq nazorat qildik, ustunlik to'liq biz tomonda bo'ldi. Bahs taqdirini 35 daqiqa ichida hal etib qo'yishimiz mumkin edi.
Vaziyatlarni golga aylantirish kerak edi, xolos. Men yigitlarga ikkita vaziyat bo'lsa ikkita, uchta bo'lsa uchta gol uringlar dedim. To'g'ri, mantiqan bitta chiroyli gol urdik, lekin shu bilan to'xtab qoldik.
"Dinamo" birinchi bo'limda hech narsa qila olmadi. Balki ularning taktikasi shunday bo'lgandir, bu ularning muammosi. Tanaffusda futbolchilarga yana qo'shinglar deb aytdim. Lekin buning o'rniga ishonchsizlik ketdi. Shunchaki olib kelib qo'ydik. Raqib futbolchisi vaziyatdan ustalik bilan foydalandi. Futbolchida mahorat bo'lmasa shuncha mashg'ulot yoki teoriya o'tkazishning foydasi yo'q. Demak, o'yinchi chempionat saviyasiga mos kelmayapti.
- Zaxiradan tushgan Gadoev, Sohibjonov va Tabatadze o'yinni kuchaytira olishmadi. Ularga etirozingiz bormi?
- Ular tomonidan kreativlik ko'rmadim. O'yinga hech narsa qo'sha olishmadi. Harakat bo'ldi, lekin qo'sha olishmadi. Men aslida zaxiradan o'yinchilarni tushirmoqchi ham emasdim. Shunga majbur bo'ldik. Maydondagilar o'zi shundoq ham yaxshi o'ynab turgandi. Afsuski, bazilar Superliga darajasiga mos kelmayapti, lekin shular bilan ishlashga majburmiz. Bu bizning ishimiz, nima qilaylik, balansni ushlashga harakat qilyapmiz. Afsuski, hujumda deyarli hech narsamiz o'xshamadi.
- "Dinamo"da Hojimirzaev o'ynamadi, yana ikki nafar futbolchisi terma jamoaga ketgan. Siz ikki ochko yo'qotdik deb hisoblaysizmi?
- Ha, biz ikki ochko yo'qotdik. "Buxoro" bilan o'yinda ham yo'qotgandik. Raqibda o'yinchilar o'ynamagan bo'lsa, boshqalar harakat qildi. Biz o'z muammolarimizni gapirishimiz kerak. Nasimov ham maydonga tushdi, uning qachon oxirgi marta o'ynaganini eslay olmadim. U ham harakat qildi. To'g'risini aytsam, ularda bu o'yinchilar yo'qligini bilmasdim. Bizda o'zimizning muammolar etarli.




