

Ilmiy tadqiqot "Inter Mayami" hujumchisi Lionel Messi yoki "Al-Nasr" hujumchisi Krishtianu Ronalduga bo'lgan simpatiya hamda siyosiy qarashlar o'rtasidagi bog'liqlikni aniqladi. "Siyosatdan tashqari siyosiy shaxsiyat: 26 mamlakatda Messi va Ronaldu o'rtasidagi tanlov" nomli ishga ko'ra, ikki futbolchidan birini afzal ko'rish siyosiy yo'nalishga bog'liq bo'lishi mumkin. Tadqiqot 2026 yilning aprel-may oylarida 26 mamlakatdan 10 661 kishining javoblariga asoslangan.
Nanyang texnologik universiteti (Singapur), Singapur milliy universiteti va Karl III nomidagi Madrid universiteti tadqiqotchilari Messi va Ronaldu o'rtasidagi yakuniy tanlovni belgilovchi eng yaxshi omil – bu siyosiy yo'nalish, degan xulosaga kelishdi.
Respondentlarning xohish-istaklari va ularning siyosiy mavqeini tahlil qilishdan shu narsa ma'lum bo'ladiki, o'zlarini progressiv deb hisoblaydigan respondentlar Messini ko'proq tanlashadi, konservatorlar esa Ronalduni qo'llab-quvvatlashadi. Shuningdek, argentinalik futbolchini analitik fikrlaydigan odamlar ko'proq afzal ko'rishadi, Krishtianu esa avtoritar qarashlarga yoki o'ziga nisbatan yuqori bahoga ega bo'lganlarga ko'proq yoqadi.
Shunga qaramay, mualliflar natijalarga nisbatan ehtiyotkorlik bilan qarashga chaqirishadi, buning ikkita sababi bor: tadqiqot ekspertlar tekshiruvidan o'tmagan va kuzatilgan statistik samara real bo'lsa-da, o'rtacha bo'lib qolmoqda.



