

Championat.asia sayti turning eng yaxshilarini aniqladi.
Tur goli - Azim Ahmedov (“Metallurg”)
“Metallurg” bu tur Bekobodda “BuxDU” bilan to'qnash kelib, yirik g'alabaga erishdi (3:0). Bahsning 37-daqiqasida mezbonlar jarima to'pi tepish huquqini qo'lga kiritishdi. Jarima maydoni yaqinidan Azim Ahmedov kuchli zarba bilan darvozani ishg'ol qildi. Darvozabonga jonli devor ham yordam bera olmadi. Mazkur gol Championat.asia sayti talqinida tur goli sifatida etirof etildi.

Tur darvozaboni - Ozodbek Marupov ("Yaypan")
"Yaypan" klubi bu tur o'z uyida “Jayxun”ni qabul qildi va g'alabaga erishdi (2:0). Uchrashuv davomida mezbonlar posboni, Ozodbek Marupov bir qator seyvlarni amalga oshirdi va g'alabaga hissa qo'shdi. 20 yoshli posbon haqli ravishda tur darvozaboni nomiga loyiq ko'rildi.

Tur murabbiyi - Asror Aliqulov (“Sho'rtan”)
“Sho'rtan” bu tur Qarshi shahrida mehmon bo'ldi va Qashqadaryo davlat universitetining “Lochin” klubi bilan to'qnash keldi. “Geolog“ stadionida o'tgan o'yinda G'uzor klubi 2:1 hisobida zafar quchdi. Mazkur turdan oldin har ikkala klub hisobida 7 tadan ochko mavjud edi. Championat.asia sayti safarda muhim g'alabani qo'lga kiritgan "Sho'rtan" bosh murabbiyi Asror Aliqulovni tur murabbiyi deb topdi.

Tur futbolchisi - Muslimbek Habibullaev (“Yaypan”)
"Yaypan"ning o'z uyidagi g'alabasiga katta hissa qo'shgan futbolchi 19 yoshli Muslimbek Habibullaev bo'ldi. O'tgan tur safarda "TerDU"ga bitta gol urgan hujumchi bu safar "Jayxun" bilan bahsda tabloga o'z nomini ikki marta yozdirib qo'ydi. 17 va 35-daqiqalarda raqib darvozasini ishg'ol qilgan Muslimbek Habibullaev championat.asia talqiniga ko'ra, 4-turning eng yaxshi futbolchisi deya etirof qilindi.




