Intervyu. Shavkat Saidov: "Metallurg"da yangi sahifa ochyapmiz. Superligaga chiqish ilojsiz vazifa emas"

Iskandarov Abdulaziz
8 avg 2026, 17:06
Joriy yildan e'tiboran Bekobodga yana katta futbol qaytdi. "Metallurg" bu mavsumda Proligada ishtirok etmoqda.

"Metallurg" klubiga bosh direktor sifatida qaytgan Shavkat Saidov bilan jamoadagi hozirgi vaziyat, Proligadagi raqobat, transferlar hamda akademiya va infratuzilma rivoji haqida atroflicha suhbatlashdik.

- Nima deb o'ylaysiz, mavsum "Metallurg" uchun nega beqaror o'tmoqda? Sabablarini tashqaridan va jamoa ichidan kuzatib, tahlil qilib ko'rdingizmi? Muammo aslida nimada?

- "Metallurg"ni yuragimning bir parchasi desam, mubolag'a bo'lmaydi. Men Bekobod zamini farzandiman, bu men uchun jonajon klub. Tahlillar shuni ko'rsatdiki: futbolni aldab bo'lmaydi.

2024 yilda Superligada o'z o'rnimizni saqlab qolgan edik. Ammo 2025 yilda kombinatdagi vaziyat sabab jamoaning elitada qatnashmasligi haqida qaror qabul qilindi. Bekobodda bir yil futbol bo'lmagani "Metallurg"ni 3-4 yilga orqaga tashlab yubordi.

Endilikda klub oldiga juda katta vazifa qo'yilgan va amaldagi rahbariyat boshchiligida hammasini qaytadan boshlashga to'g'ri kelmoqda. Bir yil ichida yangi jamoa shakllantirish murakkab, ammo uddalasa bo'ladigan vazifa. Mutaxassislar buni yaxshi tushunishadi. Shunga qaramay, "mo'jiza" ko'rsatishga harakat qilamiz.

Albatta, buning uchun katta mablag' talab etiladi. Tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, Proligada o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'ygan jamoalarning smetasi doim katta bo'ladi. Bu asosiy omillardan biri. Yangi jamoada ham murabbiyga, ham rahbariyatga og'ir tushadi.

Shu bilan birga, "Metallurg"ning mustahkam fundamenti saqlanib qolgan. Akademiyaning ayrim obektlaridan foydalangan holda maqsadli jamoa uchun yaxshi infratuzilma yaratish mumkin. Jamoaga qaytgunimgacha bo'lgan muammolarni o'rganib chiqdim, futbolchilar va rahbariyat bilan uchrashdim. Ayniqsa, klub prezidenti Bahodir Abdullaevga minnatdorchilik bildiraman - barcha qarzdorliklar yopib berildi.

Ishni yangi sahifadan boshladik. Jamoani tiklash uchun baza va sharoitlar etarli. Endigi vazifamiz - ishni to'g'ri tashkillashtirish va tizimni izga solish. Murabbiylar shtabimiz ham tajribali. Ilhom Mo'minjonov o'z vaqtida "Navbahor" bilan yuqori o'rinlarni egallagan, "Neftchi"ni Proligadan Superligaga olib chiqqan.

Selekciya masalasiga kelsak, kechikish bo'lgani aniq. Chunki tarkibni shakllantirishga faqat yanvar oxirida kirishildi. Qisqa vaqt ichida maksimal darajada sifatli futbolchilarni jalb qilishga harakat qilingani ko'rinib turibdi.

Proliganing oxirgi 2-3 ta o'yinini bevosita stadiondan kuzatdim. Bungacha "G'azalkent" va "Kattaqo'rg'on" jamoalari ishtirokidagi bahslarni ham ko'rgandim. Proligada har bir jamoa syurpriz ko'rsatishga qodir. Ayniqsa, yosh jamoalarda motivaciya juda yuqori. Ammo 4-5 ta klub aniq vazifa uchun kurashmoqda. Juda murakkab chempionat kechmoqda va darajasi bo'yicha Superligadan aslo qolishmaydi.

- Jamoaning Superligaga qaytish vazifasi keng jamoatchilikka e'lon qilingan. Vaziyatni qanday baholaysiz? “Metallurg” Superligaga chiqa olmasa fojia hisoblanadimi?

- Yaxshi niyat - yarim mol. Imkoniyatimiz hali ham saqlanib turibdi va bu yerda hech qanday fojia ko'rmayapman. Aniq strategiya asosida mustahkam poydevor yaratib, oldinga harakat qilishda davom etishimiz kerak.

Birinchi galda akademiyani qayta tiklash zarur. 2021 yilda juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilib, ajoyib akademiya barpo etilgandi. 2-3 yil ichida uni mamlakatning kuchli akademiyalari bilan raqobatlasha oladigan darajaga olib chiqqandik. Klub yopilgach, tarbiyalanuvchilarning 70-80 foizi tarqalib ketdi. Agar o'sha tizim saqlanib qolganida, bugun asosiy jamoamizning yarim tarkibini aynan o'z akademiyamiz futbolchilari tashkil etgan bo'lardi.

Superligaga chiqish maqsadiga erishish mumkin, ammo bu mashaqqatli mehnat talab etadi. Tizimni yo'lga qo'yish va kadrlar salohiyatini qayta ko'rib chiqish uchun baribir vaqt kerak. Bu jarayon nafaqat akademiyani, balki asosiy jamoani ham qamrab oladi.

- Yozgi transfer oynasidagi ishlarga qanday baho berasiz? Jamoa kuchaydi deya olasizmi?

- Yozgi transfer mavsumida faol bo'ldik deb hisoblayman. Tarkibga bir qator legionerlar va iqtidorli yoshlarni taklif etdik. Ular bilan birgalikda vijdonan mehnat qilsak, natija albatta keladi.

Transferlar davomida deyarli barcha chiziqlarni kuchaytirdik, faqat hujum chizig'iga yangi o'yinchi olishning imkoni bo'lmadi. Yarim himoya va himoya chiziqlari mustahkamlandi. Najmiddin Normurodov, Javohir Jo'raev, Asadbek Karimov, Aziz Abdumo'minov, Samandar Ochilov, Jasur Azimov hamda legioner Marko Milichkovich kabi yuqori saviyadagi futbolchilar safimizga qo'shildi. Hozirgi tarkibimiz bilan bemalol Superligada ham raqobatlasha olamiz deb o'ylayman.

- Azim Ahmedov, Mirzohid G'ofurov, Suhrob Sultonovning yo'qligi nima bilan bog'liq?

- Azim Ahmedov "G'azalkent"ga qarshi o'yinda orqa mushaklaridan jiddiy jarohat olgan edi. U kechadan boshlab individual mashg'ulotlarga kirishdi. Mirzohid G'ofurovda ham kichik jarohat bor.

Darvoza chizig'ida Suhrob Sultonov va Mohirbek Komilov bor. Sultonovning maydonga tushmayotgani sof rotaciya bilan bog'liq. Biz Suhrobning tajribasiga to'liq ishonamiz - u ham kiyinish xonasida, ham maydonda haqiqiy yetakchilik qila oladigan posbon.

- "Bunyodkor" akademiyasida faoliyat olib borayotgan edingiz. Akademiya o'zi muhtoj paytida topgan pulini klubga berishi to'g'rimi?

- Ilgari ham "Metallurg" akademiyasini yuridik jihatdan alohida tuzilma qilish tashabbusini ilgari surgandim, ammo hujjatlashtirishdagi muammolar sabab bu amalga oshmay qolgandi. Tajribada buni "Bunyodkor" akademiyasida qo'llab ko'rdik. "O'zbekneftgaz" rahbariyati qarori va nizom asosida ish yuritganimiz sababli moliyaviy tomondan katta o'sishga erishdik.

Akademiya klub tasarrufida bo'lishi va unga bo'ysunishi shart, ammo uning operativ faoliyati va xarajatlari alohida yuritilsa, bu klub rahbariyatiga engillik tug'diradi. Klub rahbarining akademiyadan tashqari ishlari ham etarlicha. Akademiyaga xalaqit bermasdan, uning faoliyatini har oy yoki har kvartalda tahlil qilib turish kifoya. Mustaqillik katta akademiya uchun kuchli turtki bo'ladi.

Ma'lumot uchun: 2024 yilda 2 milliard so'mdan ortiq foyda bilan chiqqan akademiyamiz, 2025 yilga kelib 10 milliard so'mga yaqin daromad keltirdi. O'shanda "O'zbekneftgaz" tomonidan akademiya oldiga 4,6 milliard so'mlik reja qo'yilgandi. Ketishimdan oldin 7 milliard so'mga yaqin daromad qayd etgandik. Bugungi rahbariyat mavjud muammolar va oylik maoshlarni bosqichma-bosqich yopadi deb ishonaman. Bolalardan tushgan hamda rejadan tashqari mablag'lar akademiyaning o'ziga yo'naltirilsa, tizim yanada rivojlanadi.

- Akademiyada maydonlar ta'mir talab holatda, elektr, suv bilan bog'liq muammolar borligi aytilgan. Baza nima uchun bunday holatga kelib qoldi?

- "Bunyodkor" akademiyasidagi sharoitlarga kelsak - elektr energiyasida uzilishlar bo'layotgani haqida eshityapman. Bu klubning bugungi moliyaviy holati bilan bog'liq bo'lsa kerak. Nima bo'lgan taqdirda ham, "Bunyodkor" akademiyasining infratuzilmasi respublikada birinchilardan biri va bu mavqeni saqlab qolish zarur.

- Ilhom Mo'minjonovning ishidan klub qoniqish hosil qilyaptimi? Murabbiylarga nisbatan tanqidlar ko'p uchramoqda...

- Murabbiylar shtabi bilan ochiq suhbatlashib oldik. Birinchi davradan keyingi egallab turgan o'rnimiz va natijalar "Metallurg" nomiga mos emas. Ammo qars ikki qo'ldan chiqadi - bu yerda faqat murabbiy emas, balki rahbariyatdan tortib barcha xodimlar birdek mehnat qilishi kerak. G'alaba ham, mag'lubiyat ham hammamizniki. Hozirgi vaziyatda barcha aybni faqat murabbiyga to'nkash noto'g'ri.

Futbolchilar bilan ham suhbatlashdik. Haddan tashqari ko'p yig'ilish o'tkazish jamoaga salbiy ta’sir ko'rsatishi mumkin. Yigitlar maydonda borini berib o'ynashyapti, klub uchun jon kuydirishmoqda. Eng quvonarlisi, "Metallurg" va "Aral" hozirda eng ko'p gol urgan hamda eng ko'p muxlis yig'ayotgan jamoalar hisoblanadi. Bu "Metallurg"ga bo'lgan qiziqish yuqori ekanidan dalolat beradi.

Avgust oyida tig'iz o'yinlar grafigi - "Boxing Day" kutmoqda. Qisqa vaqt ichida yangi kelgan murabbiy nimadir keskin o'zgarish qilishi qiyin. Shu sababli mavjud tarkib va murabbiylarga ishonishda davom etamiz. Tanqid bo'lgani yaxshi - bu jamoaning ishlayotganini ko'rsatadi. Faqat ishlamagan odamgina tanqid qilinmaydi.

Jo'jani kuzda sanaymiz. Oldinda bizni hal qiluvchi bahslar kutmoqda va bu yo'lda bizga muxlislarimizning qo'llab-quvvatlashi juda zarur. Qattiq mehnatdan to'xtamasligimiz va har bir yo'nalishda tizimni to'g'ri yo'lga qo'yishimiz kerak. Yaqinda AQSHda bo'lib qaytganimda yana bir bor amin bo'ldimki: murabbiy va futbolchilar o'z ustida tinimsiz ishlashi shart.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia