

Klub nafaqat maydonda chiroyli o'yin namoyish etmoqda, balki OFK licenziyasini qo'lga kiritib, infratuzilma borasida ham katta qadamlar tashlamoqda. Qoraqalpog'iston futbolidagi ijobiy o'zgarishlar, tarkibni kuchaytirish rejalari va yangilanayotgan "Turan" stadioni haqida "Aral" klubi direktori Azamat Allaniyozov bilan batafsil suhbatlashdik.
- Azamat aka, "Aral" jamoasi ayni paytda Proligada birinchi o'rinda ketmoqda. O'yinlar va natijalar ham havas qilgulik. Mana shu tempni mavsum oxirigacha ushlab qolish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Albatta, Proligada peshqadamlik qilish juda yoqimli. Bu muvaffaqiyat zamirida katta mehnat, tinimsiz harakat va jamoadagi ahil muhit yotibdi. Biroq mavsum oxirigacha bu tempni ushlab qolish oson bo'lmaydi, chunki bu - futbol, unda har qanday kutilmagan holatlar yuz berishi mumkin. Buni klub rahbariyati, murabbiylar shtabi, futbolchilar va jonkuyar muxlislarimiz ham juda yaxshi anglab turishibdi. Shunga qaramay, biz mavsum yakuniga qadar bor kuchimiz bilan kurashamiz.
- Jamoa yozgi transferlar oynasida tarkibini kuchaytiradimi? Umuman, hozirgi tarkib borasida ko'nglingiz qanchalik to'lyapti?
- Ikkinchi davra oldidan, yani yozgi transfer oynasida jamoamizga yana bir nechta tajribali futbolchilarni jalb qilishni maqsad qilganmiz. Tarkibda yangi nomlar paydo bo'lishi ehtimoli juda yuqori. Fursatdan foydalanib takidlashni istardimki, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi Amanbay Tleubaevich shaxsan o'zi jamoamizga bosh-qosh bo'lib, futbolchilarga katta motivaciya bermoqda, ularni doimiy qo'llab-quvvatlayapti. Bu g'amxo'rlik nafaqat klubni, balki butun Qoraqalpog'iston xalqini quvontirmoqda.
- Keyingi paytlarda "Aral" haqida ketma-ket xushxabarlar eshityapmiz. Klub OFK licenziyasini qo'lga kiritdi. "Aral" Superligaga chiqishga qanday tayyorgarlik ko'ryapti? Bu boradagi fikrlaringiz bilan batafsil o'rtoqlashsangiz.
- Albatta, klubning OFK licenziyasini qo'lga kiritgani barchamizni birdek quvontirdi. O'zingiz yaxshi bilasiz, Qoraqalpog'istonda ancha vaqtdan beri Superliga futboli bo'lmadi. Ayni paytdagi bosh maqsadimiz - "Aral"ni kuchlilar safiga olib chiqish hamda Qoraqalpog'iston xalqi va jamoamiz muxlislariga haqiqiy futbol bayramini tuhfa etishdir. Agar shu niyatga erishsak, o'z oldimizga qo'ygan eng oliy maqsadni bajargan bo'lamiz.
- "Turan" stadioni tayyor bo'lib qoldi. Jamoa qachondan boshlab ushbu maydonda raqiblarni qabul qilishi mumkin bo'ladi?
- "Turan" stadionini ta'mirlash va rekonstrukciya qilish ishlari yakuniy bosqichga keldi. Eng zamonaviy maydon qoplamasi va zarur bo'lgan VAR tizimlari sotib olindi. Futbolga ko'rsatayotgan bunday yuksak e'tibori va g'amxo'rligi uchun Muhtaram Prezidentimizga chin qalbimizdan minnatdorchilik bildiramiz. "Aral" jamoasi yangilangan "Turan" stadionida o'z uy uchrashuvlarini shu yilning avgust oyidan boshlab o'tkazishni rejalashtirgan.

- Bu yilgi Proligada jamoalar sonining oshishi "Aral"ga ham ikki karra ko'proq mehnat qilishga turtki bo'ldimi?
- Joriy mavsumda Pro ligada jamoalar soni ko'payganligi juda ijobiy holat bo'ldi. Bu borada tizimli ish olib borgan Professional futbol ligasi (O'zPFL) rahbariyatiga rahmat aytaman. Ishtirokchilar soni 14 taga yetishi hisobiga o'yinlar soni ortdi va chempionat sifati sezilarli darajada oshdi. To'g'ri, "Aral" uchun har bir uchrashuv qiyin kechmoqda, chunki raqiblar allaqachon yaxshi sport formasiga kirib olgan. Menimcha, bunday sog'lom raqobatdan faqat va faqat o'zbek futboli yutadi.
- Bo'lg'usi rejalardan yana nimalar o'rin olgan?
- Bu yil "Aral" klubi oldiga yagona va aniq vazifa qo'yilgan - u ham bo'lsa Superliga yo'llanmasini qo'lga kiritish. Shu maqsad yo'lida hozirda juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Agar joriy mavsumda ko'zlagan maqsadimizga erisha olsak, keyingi yildan "Aral"da infratuzilma yoki boshqa tashkiliy masalalarda hech qanday muammo bo'lmaydi.



