O'zbekiston mundialda yangi Xorvatiyaga aylanishi mumkin - "Lʼequipe" jurnalisti bilan eksklyuziv intervyu

Iskandarov Abdulaziz
2 iyun 2026, 17:00
Futbol bo'yicha Jahon chempionati yaqinlashgani sayin, xalqaro sport jamoatchiligining e'tibori yangi va sirli jamoalarga qaratilmoqda.

Ushbu turnirning eng diqqatga sazovor ishtirokchilaridan biri, shubhasiz, o'z tarixida ilk bor dunyo birinchiligiga yo'llanma olgan O'zbekiston milliy terma jamoasidir.

Mashhur "Lʼequipe" nashri jurnalisti Timoti Tomas-Kollinon bilan uyushtirilgan mazkur suhbatda O'zbekiston terma jamoasining imkoniyatlari, Fabio Kannavaro omili, guruhdagi raqiblar va Abduqodir Husanovning "Manchester Siti"dagi muvaffaqiyati haqida atroflicha so'z yuritildi.

7.jpg

- Hamma O'zbekiston milliy terma jamoasini maqtamoqda va uning kuchli tomonlarini takidlamoqda. Ammo bu turnirda O'zbekiston uchun to'siq bo'lishi mumkin bo'lgan omillar ham bormi?

- O'zbekiston terma jamoasi, shubhasiz, ushbu Jahon chempionatining eng qiziqarli jamoalaridan biridir. Gap G'arbiy Yevropada deyarli tilga olinmaydigan va ko'pchilik uchun hanuz sirli bo'lib qolayotgan mamlakat haqida ketmoqda. Bu jamoaning diqqat markazida bo'lishining asosiy sababi, albatta, O'zbekistonning Jahon chempionatidagi ilk ishtirokidir.

Bu holat ham kuchli, ham zaif tomon bo'lishi mumkin: jamoaning g'alabaga bo'lgan ishtiyoqi va o'zini ko'rsatish istagi juda yuqori, biroq shu bilan birga u xalqaro musobaqalarning eng yuqori darajasida etarli tajribaga ega emas. Fransiyada O'zbekiston terma jamoasi Olimpiya turniri davomida kuzatilgan va ochilish uchrashuvida Ispaniyaga mag'lub bo'lishiga qaramay, yaxshi taassurot qoldirgan edi. Ehtimol, bu Fransiya jamoatchiligi O'zbekiston terma jamoasiga ilk bor jiddiy e'tibor qaratgan paytlardan biri bo'lgan.

- Sizga Fabio Kannavaroning qaysi jihatlari ko'proq yoqadi?

- Bu juda o'ziga xos voqea, ayniqsa, Italiya Jahon chempionatida ishtirok etmayotganini hisobga olsak. Aynan shu holat O'zbekiston terma jamoasini yanada qiziqarli va kuzatuvchilar e'tiboridagi jamoaga aylantirmoqda. Axir, France Football’ning "Oltin to'p" sovrindori bo'lgan murabbiyning milliy terma jamoa boshqaruvida bo'lishi oddiy hol emas.

O'zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabining 13 nafar italiyalik mutaxassisdan iborat ekanligi ham ushbu loyiha qanchalik ulkan va ambiciyali ekanini ko'rsatadi. Bu O'zbekiston futbolining rivojlanishi uchun uzoq muddatli va jiddiy strategiya yo'lga qo'yilganidan dalolat beradi.

4.jpg

- Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalariga qarshi ochko olishga qaysi ustunliklarimiz yordam berishi mumkin?

- Portugaliyaga qarshi o'yin juda murakkab kechishi mumkin. Chunki bu jamoa Ispaniya, Fransiya, Angliya va Argentina bilan bir qatorda turnirning asosiy besh favoritidan biri hisoblanadi. Kolumbiya ham qog'ozdagi tarkib va umumiy salohiyat jihatidan O'zbekistondan ancha kuchli ko'rinadi.

Asosiy savollar, nazarimda, Kongo Demokratik Respublikasi bilan bo'ladigan uchrashuv atrofida. Menimcha, O'zbekiston bu jamoaga qarshi barcha imkoniyatlarga ega va teng kurash olib borishi mumkin.

O'zbekistonning eng katta ustunliklari sifatida men Eldor Shomurodovning hujumdagi samaradorligi hamda Abduqodir Husanovning himoyadagi ishonchliligi va jismoniy qudratini ko'rsatgan bo'lardim. Bu ikki futbolchi jamoaning eng muhim tayanch nuqtalaridan hisoblanadi.

- Ayting-chi, xalqaro futbol jamoatchiligi odatda Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etayotgan terma jamoalarni qanday kutib oladi? O'zbekiston haqida nima deyish mumkin?

- Odatda, xalqaro futbol muxlislari Jahon chempionatida ilk bor qatnashayotgan jamoalarni katta qiziqish va iliq munosabat bilan kutib oladilar. Masalan, 1998 yilda Fransiyada o'tkazilgan Jahon chempionatida to'rtta davlat - Xorvatiya, Yamayka, Yaponiya va Janubiy Afrika Respublikasi - ilk bor musobaqada ishtirok etgan edi.

Eng yorqin misollardan biri, shubhasiz, Xorvatiya terma jamoasi bo'lib qoladi. Jamoa ilk ishtirokining o'zidayoq turnirni uchinchi o'rinda yakunlab, butun dunyoni hayratda qoldirgan edi. Bu muvaffaqiyatda Davor Shuker kabi futbolchilarning hissasi katta bo'lgan.

O'zbekiston masalasiga kelsak, menimcha, unga nisbatan munosabat ma'lum manoda AQSH terma jamoasiga bo'lgan qiziqishga o'xshash bo'lishi mumkin. Xalqaro jamoatchilik odatda yangi ishtirokchilarni iliq kutib oladi, ayniqsa ular o'ziga xos tarix, kuchli milliy identitet va ambiciyali futbol namoyish etsa. Ko'plab neytral muxlislar yangi mamlakatlarning jahon sahnasida paydo bo'lishini yoqtiradilar, chunki bu musobaqaga yangicha ruh bag'ishlaydi va yangi hikoyalar yaratilishiga sabab bo'ladi.

Bundan tashqari, yangi formatdagi Jahon chempionatida Kabo-Verde, Kyurasao va Iordaniya terma jamoalari ham ilk bor ishtirok etadi. Shu sababli turnirni kuzatish yanada qiziqarli bo'ladi. O'zbekiston uchun bu birinchi Jahon chempionati bo'lishiga qaramay, jamoa etarlicha yuqori saviyaga ega. Tarkibdagi futbolchilar sifati va so'nggi yillardagi natijalarni hisobga olsak, terma jamoa final bosqichi pley-offiga chiqish uchun real imkoniyatlarga ega ko'rinadi.

- Abduqodir Husanov haqidagi fikringiz qanday?

- U juda ta’sirli futbolchi. U ilk bor Fransiyada, "Lans" safida porladi. Bu klub Liga 1’da taxminan o'ninchi byudjetga ega bo'lsa-da, chempionatni ikkinchi o'rinda yakunlab, keyingi mavsumda UEFA Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritgan edi. "Lans" - boy tarixga ega klub; shaharning o'zi unchalik mashhur bo'lmasa-da, u yerda futbol haqiqiy hayot tarziga aylangan. Abduqodir Husanov ilk bor keng jamoatchilik e'tiboriga U-20 Jahon chempionatida tushgan. Aynan o'sha turnirda "Lans" skauti uni kuzatib, klubga tavsiya qilgan edi.

Husanov zamonaviy markaziy himoyachining mukammal namunasi hisoblanadi. U chuqurlikda o'ynash qobiliyati, havodagi ustunligi, o'yin intellekti, himoya chizig'idagi yetakchiligi, tezligi va portlovchi harakatlari bilan ajralib turadi. Aynan shu fazilatlar uni bugungi futbol talablariga to'liq mos himoyachiga aylantiradi.

5.jpg

Uning "Manchester Siti"dagi ilk oylari oson kechmagan bo'lsa-da, u Angliyada juda qisqa vaqt ichida asosiy tarkibning ajralmas a'zosiga aylandi. Albatta, u Ruben Diash va Yoshko Gvardiolning jarohatlaridan ma'lum darajada foydalandi, ammo o'z o'rnini faqatgina vaziyat tufayli emas, balki Angliya Premer-ligasi va Chempionlar ligasidagi ajoyib o'yinlari orqali munosib ravishda qo'lga kiritdi.

Bugungi kunda u dunyoning eng kuchli 15 nafar markaziy himoyachisi qatoriga kirishi mumkin. Kelajakda esa Yevropa futbolining eng yirik yulduzlaridan biriga aylanish salohiyatiga ega. Va menimcha, O'zbekistonda u bir kun kelib mamlakat futbol tarixidagi eng buyuk futbolchi maqomiga da'vogarlik qilishi mumkin. Bu juda katta davo, ammo unig istedodi va rivojlanish surati bunga to'liq asos beradi.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia