Azim Ahmedov: "Rahbariyat tomonidan "Metallurg" oldiga chempionlik vazifasi qo'yilgan"

Sherzod Nurmatov
2 iyun 2026, 18:15
Bekobodning "Metallurg" klubi Proliga 9-turi doirasida safarda "Sho'rtan" jamoasi bilan bahs olib boradi.

Klub matbuot xizmati tajribali himoyachi Azim Ahmedovni suhbatga chorladi.

- Musobaqa jadvalida qo'shni bo'lgan "Kattaqo'rg'on" jamoasi bilan durang qayd etildi. O'yin haqida nima deya olasiz? Natijadan ko'nglingiz to'ldimi?

- "Kattaqo'rg'on" bilan qiziqarli o'yin bo'ldi. Biz bu o'yinni yutishimiz kerak edi, ammo biroz omad yetishmadi. Yuzaga kelgan imkoniyatlarimizdan unumli foydalanib, gol ura olmadik va durang bilan cheklanishga majbur bo'ldik. Nazarimda, muxlislar zavq oladigan kurashlarga boy, tomoshabop o'yin bo'ldi. Afsuski, ikkinchi golni ura olmadik.

- Oldinda yana bir jiddiy raqib - "Sho'rtan"ga qarshi safarda o'yin kutib turibdi. Bu o'yinga tayyorgarlik qanday ketmoqda?

- "Sho'rtan" ham yaxshi jamoa. Astoydil tayyorgarlik ko'ryapmiz. Xudo xohlasa, muxlislarimizni xursand qilmoqchimiz.

- Oxirgi o'yinlarda ko'p rotaciya guvohi bo'lyapmiz. Jumladan, himoya chizig'ida ham turli kvartetlar harakat qilyapti. Tarkib borasida qanday fikrdasiz? Bevosita himoya chizig'ini kuchaytirish uchun transfer kerak emasmi?

- Rotaciya amalga oshirish yoki oshirmaslikni bosh murabbiy hal qiladi. Qaysi futbolchini maydonga tushirish murabbiylarning ishi. Futbolchilar esa qaysi chiziqqa qo'yilmasin, jonini berib harakat qilishi talab qilinadi. Qo'shimchasiga, jarohatlar ham vaziyatga o'z ta’sirini o'tkazyapti. Transferlarga keladigan bo'lsak, bu borada qarorni rahbariyat va murabbiylar qabul qiladi. Biz faqat futbol o'ynashimiz kerak.

- Sir emas, jamoa oldiga chempionlik vazifasi qo'yilgan. Chempionat startidan kelib chiqib, nima deya olasiz, bu kurashda "Metallurg"ning imkoniyatlari qanchalik yuqori?

- Ha, to'g'ri, maqsadimiz chempionlik. Rahbariyat tomonidan jamoa oldiga ham aynan shunday vazifa qo'yilgan. Oldinda hali o'yinlar etarlicha. Ishlashda davom etyapmiz. Har bir uchrashuvda maydonga g'alabani ko'zlab tushamiz. Xudo xohlasa, hammasi ko'ngildagidek bo'ladi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Металлург" матбуот хизмати