"O'zbekiston faqat pul uchun keladigan chempionat emas" - "So'g'diyona"ning legioneri "Udineze", Superliga va Bakaev haqida

Iskandarov Abdulaziz
5 okt 2026, 08:39
Jizzaxning "So'g'diyona" jamoasi yozgi transfer oynasida serbiyalik yarim himoyachi Petar Michin bilan shartnoma imzoladi.

Oradan ma'lum vaqt o'tdi, tabiiyki endilikda futbolchida Superliga, yangi jamoasi haqida taassurotlar bo'lishi aniq. Petar Michin klub infratuzilmasi, O'zbekiston Superligasining saviyasi, legionerlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda jamoa bosh murabbiyi Ulug'bek Bakaev haqida saytimizga intervyu berdi.

- Petar, "Udineze" kabi taniqli va zamonaviy bazaga ega klubda o'ynagansiz. "So'g'diyona" sharoitlari haqida nima deya olasiz? Umuman, jamoadagi infratuzilma qanday taassurot qoldirmoqda?

- Ha, "Udineze" Italiyada infratuzilma va tuzilma jihatidan eng yaxshi klublardan biri hisoblanadi. Biroq men u yerdan to'g'ridan-to'g'ri kelganim yo'q, shuning uchun "So'g'diyona"ga kelganimda hech qanday hayratga tushganim yo'q. Bu yerdagi barcha narsa yaxshi va munosib darajada. Bizda - futbolchilar uchun zarur bo'lgan barcha sharoitlar mavjud: qarorgoh, maydon, trenajyor zali, sauna, basseyn va hokazo.

- "So'g'diyona"ga kelish jarayoni qanday kechgan edi? O'zbekiston chempionatiga ko'chib o'tishingizga nima turtki bo'ldi? Ko'pchilik bu qarorni faqat moliyaviy tomon bilan bog'laydi, bunga munosabatingiz qanday?

- Mening agentim klub bilan yaxshi aloqada bo'lib, O'zbekistonda o'ynashni xohlaysanmi, deb so'radi. U menga klub va liga haqida batafsil ma'lumot berdi, shundan so'ng juda tezkorlik bilan kelishuvga erishdik. Fikrimcha, so'nggi yillarda O'zbekiston chempionati sezilarli darajada o'sdi va butun dunyodan legionerlar oqimi ko'payishi hisobiga har yili yanada kuchayib bormoqda. Shuning uchun bu erga faqat pul uchun kelingan, deb o'ylamayman. Gap faqat moliyada emas, balki futbol saviyasi yuksalib borayotgani va bu yerda o'ynagandan keyin katta imkoniyatlar ochilishida ham.

- Yangi mamlakat va chempionatga moslashish qanday kechdi? Oila a'zolaringizning bu yerdagi hayotingizga munosabati qanday?

- Oilam ham biroz hayron qolgan edi, chunki men bu erga kelgunimga qadar ular O'zbekiston haqida ko'p ham ma'lumotga ega emasdilar. Biroq bu erga kelganimdan keyin ularga hammasini tushuntirib berdim. Hozir ular ham bu yerda ekanimdan va o'zimni yaxshi his qilayotganimdan xursandlar.

- O'zbekiston Superligasining umumiy saviyasi va raqobatbardoshligini qanday baholaysiz? Yevropa chempionatlari bilan taqqoslaganda farq sezilarlimi?

- Men faqat o'zim to'p surgan ligalar haqida gapira olaman va shuni ayta olamanki, O'zbekiston chempionati Yevropadagi ayrim ligalardan hech ham qolishmaydi. Albatta, har doim rivojlanish uchun joy bor va agar klublar yanada oldinga siljishni xohlasa, eng avvalo o'z infratuzilmasiga sarmoya kiritishlari kerak. Lekin hozirning o'zida ham saviya etarlicha yaxshi darajada.

- Futboldagi shaxsiy qarashlaringizga to'xtalsak. Italyancha himoyaviy uslub va ispancha hujumkor futbolni taqqoslaganda qay birini afzal ko'rasiz?

- Ha-ha, albatta, men har doim ispancha o'yin uslubini afzal ko'rganman. Chunki men maydonda to'p bilan doimiy ravishda muomala qilishni va futboldan zavq olishni yaxshi ko'radigan futbolchilar toifasiga kiraman. Men italyancha himoyaviy uslubni u qadar xush ko'rmayman, lekin har bir uslubning o'z ijobiy jihatlari bor va baribir bu shaxsiy fikrlarga bog'liq.

- Jamoa bosh murabbiyi Ulug'bek Bakaevning ishi va o'yinga yondashuvi haqida qanday fikrdasiz?

- Murabbiyning doimiy ravishda o'yinchilar bilan maslahatlashib borishi va barcha ishimizni engillashtirishga harakat qilishi menga juda yoqadi. U pragmatik murabbiy bo'lib, har doim g'alaba qozonishni maqsad qiladi.

- Ayrim legionerlar o'zbek jamoalarida taktik rangbaranglik yo'qligini, bu borada kam ishlanishini aytadi…

- Agar buni yevropacha futbol maktabining taktik chuqurligi bilan solishtirsak, haqiqatan ham shunday. Chunki u yerda bunday nozik jihatlar yosh bolalikdan o'rgatiladi, futbolchilar ilk qadamlaridanoq eng ilg'or sharoitlar va yuqori malakali murabbiylar ko'magidan bahramand bo'lishadi. Shu bois, bu holatni tabiiy qabul qilish kerak. Biroq o'yinning texnik jihatiga kelsak, o'zbek futbolchilari ulardan hech bir jihatdan ortda qolmaydi.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia