"Bo'sh zona ko'rdimmi, nega foydalanmasligim kerak?" - Marko Milichkovich uzoqdan urilgan gollar, Proliga va "Metallurg"dagi o'zgarishlar haqida

Iskandarov Abdulaziz
30 sen 2026, 11:20
Bekobodning "Metallurg" jamoasi Proliganing so'nggi uchrashuvlarini ko'tarinki ruhda o'tkazmoqda.

Jamoa Ilyos Qurbonov boshqaruvida muhim ochkolarni jamg'arishda davom etmoqda. Bunda ikkinchi davrada jamoaga kelib qo'shilgan yangi futbolchilar ham o'z hissasini qo'shyapti deya olamiz. Chernogoriyalik legioner Marko Milichkovich bu borada o'zining taassurotlari bilan bo'lishdi.

- Proligadagi natijalarda ko'proq nimaning ta’siri bo'lmoqda?

- O'ylaymanki, eng muhimi - jamoaning birdamligi va har bir futbolchining maydonda bor kuchini berib harakat qilishi. Ligadagi raqobat juda teng, oson o'yinlarning o'zi yo'q. Shu boisdan koncentraciya va kurash hal qiluvchi ahamiyatga ega.

- "Metallurg"dagi muhit va jamoaviy o'yinga moslashish jarayoni qanday kechdi?

- Jamoadagi muhit haqiqatan ham ajoyib. Ilgari ham "Metallurg" safida to'p surganim uchun klubni va ayrim insonlarni yaxshi bilardim. To'g'ri, hozir tarkibda yangi futbolchilar bor, biroq jamoaga moslashish jarayoni tez kechdi va baridan ko'nglim to'q.

photo_2026-09-30_10-28-43.jpg

- O'tgan gal siz o'ynagan "Metallurg" bilan bunisida qanday farq ko'zga tashlanyapti?

- Oradan bir necha yil o'tdi, shuning uchun ko'p narsa o'zgargani tabiiy hol. Yangi o'yinchilar qo'shilgan, jamoa qiyofasi boshqacha tus olgan, lekin klub men uchun hamon qadrdon va tanish. O'zim ham shu vaqt mobaynida tajriba to'plab, ko'p narsani o'rgandim.

- O'zbekiston chempionatida siz qarshi o'ynaganingizda qiynaladigan futbolchini ajratib ko'rsata olasizmi? Aynan kim?

- Biror bir futbolchini alohida ko'rsata olmasdim. Chempionatimizda kuchli o'yinchilar juda ko'p va har bir bahsga yuqori tayyorgarlik ko'rish talab etiladi. Har bir uchrashuvning o'z ruhi bor, shuning uchun men uchun qiyinroq kechadigan alohida bir raqibni ajratib ko'rsatolmayman.

photo_2026-09-30_10-28-45.jpg

- Ko'pincha chiroyli gol urasiz yoki uzoq masofadan to'p kiritasiz. Bu borada alohida ish olib borasizmi? Superligada Ikrom Aliboev ham shunday gollar uradi...

- Masofadan zarba berishni har doim yaxshi ko'rganman. Maydonda bo'sh zona ochilganini ko'rdimmi, nega endi urinib ko'rmas ekanman? Bazida gol bo'ladi, bazida yo'q. Ikromni eslab o'tganingiz yoqimli bo'ldi, u ham shunday go'zal gollari bilan yaxshi tanish.

- Maydondan tashqarida vaqtingizni qanday o'tkazasiz?

- Asosan dam olishga, vaqtimni oila va do'stlar davrasida o'tkazishga harakat qilaman. Bo'sh kunim chiqib qolsa, biroz chalg'ib, futbol haqida o'ylamaslikka intilaman.

- Jamoada eng ko'p kim bilan til topishgansiz?

- Hamma bilan munosabatlarim yaxshi, kimnidir alohida ajratib ko'rsatmagan bo'lardim. Maydonda kimdir bilan bir-birimizni sal yaxshiroq tushunishimiz mumkin, lekin umuman olganda, jamoadagilarning barchasi bilan munosabatimiz a'lo darajada.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia