

"Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) jahon chempionati oldidan mundialda ishlaydigan hakamlar haqida maxsus material tayyorladi. Unda Ilgiz Tantashevning xalqaro hakamlik faoliyatidagi muhim yutuqlari alohida etirof etilgan.
2013 yildan buyon FIFA hakami maqomiga ega bo'lgan buxorolik hakam so'nggi o'n yil davomida qitaning eng yirik musobaqalarida muntazam ishlamoqda. U 2015 yildan beri OFK Chempionlar ligasining barcha mavsumlarida, shuningdek, OFK Kubogining olti mavsumida uchrashuvlarni boshqargan.
Ilgiz Tantashev 2024 yilda Parijda bo'lib o'tgan Olimpiya o'yinlarining to'rtta uchrashuvida hakamlik qilgan bo'lsa, 2025 yilda FIFA Klublar o'rtasidagi Jahon chempionatida ham ishlagan.
42 yoshli hakam faoliyati davomida 2019 va 2023 yilgi Osiyo Kubogi final bosqichi o'yinlarida, uchta OFK U-23 Osiyo Kubogida ishlagan. Joriy yilning aprel oyida esa Elit Chempionlar Ligasi final uchrashuvini boshqarib borgan", – deyiladi OFK xabarida.
Eslatib o'tamiz, 2026 yilgi FIFA Jahon chempionati 11 iyun – 19 iyul kunlari bo'lib o'tadi.



