Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasi Jahon chempionatiga kuzatildi

Aslanov Jasurbek
30 may 2026, 22:03
Bugun O'zbekiston futbol assotsiatsiyasida Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasini FIFA Jahon chempionatiga kuzatish oldidan uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda O'FA birinchi vice-prezidenti hamda mutasaddilar ishtirok etib, hakamlarimizni tarixiy musobaqa arafasida samimiy qutladi va ularga omad tiladi.

“Bugun barchamiz quvonchli kunda turibmiz. Yaqinda muhtaram Prezidentimiz futbolchilarimizni Jahon chempionatiga kuzatar ekanlar, ularning naqadar quvonganlarini barchamiz ko'rdik. Bugun esa hakamlarimiz Jahon chempionatida ishtirok etish uchun yo'lga chiqmoqda. Terma jamoa ham, hakamlar ham bir vaqtning o'zida Jahon chempionatida qatnashishi asosan futboli rivojlangan yirik davlatlarga xos holat. Bugun esa biz ham ana shunday mamlakatlar safidan joy oldik.

Bu tarixiy Jahon chempionatidagi ishtirokingiz nihoyatda muhim. Siz u yerda O'zbekiston nomidan maydonga chiqasiz va millionlab futbol muxlislarida yurtimiz haqida taassurot qoldirasiz. Albatta, mas'uliyat va bosim yuqori bo'ladi. Ammo sizlarning bu sinovlarni munosib engib o'tishingizga ishonaman. O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi, ustozlaringiz va butun futbol jamoatchiligi doimo sizlar bilan birga. Biz har doim sizlarni qo'llab-quvvatlashga tayyormiz.”

- Ravshan Ermatov.

Tadbir yakunida hakamlar brigadasi bilan esdalik suratga tushildi va ularga FIFA Jahon chempionatidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilandi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: UFA