

Uch diviziondan iborat mazkur musobaqa raqobatsiz o'rtoqlik o'yinlari o'rnini bosishi hamda Jahon va Osiyo kuboklariga saralash tizimi bilan bevosita integraciya qilinishi ko'zda tutilgan.
Loyihaga ko'ra, tizimda Osiyoning 47 ta a'zo mamlakati ishtirok etadi: yuqori ikkita divizionda 18 tadan, uchinchisida esa 11 ta jamoa joylashadi. Operacion xarajatlar va taqvimning tig'izligi sababli musobaqani mutlaqo alohida turnir sifatida o'tkazish taklifi rad etilgan. Har bir divizionning eng yaxshi va eng yomon ikkita jamoasi o'rtasida avtomatik ravishda yuqoriga chiqish hamda pastga tushish tizimi qo'llaniladi.
Yangi musobaqaning yirik turnirlarga saralash tizimi quyidagicha bo'ladi:
Jahon chempionati yo'llanmasi (2032-33 yillardan boshlab): Birinchi divizion jamoalari 6 tadan uy va safar o'yinlarini o'tkazadi. Eng yaxshi 6 ta jamoa to'g'ridan-to'g'ri Jahon kubogiga yo'llanma olsa, 7-10-o'rin egalari qolgan yo'llanmalar uchun o'zaro pley-offda kurashadi.
Osiyo kubogi yo'llanmasi (2030 yildan boshlab): Birinchi divizionning barcha jamoalari va ikkinchi divizionning eng yaxshi 6 ta jamoasi qita birinchiligiga to'g'ridan-to'g'ri yo'llanmani qo'lga kiritadi. Shuningdek, birinchi divizionning eng kuchli 8 ta jamoasi umumiy chempionni aniqlash uchun pley-offda ishtirok etadi.
Yangi tizimga silliq o'tishni taminlash maqsadida 2028-29 yillarda sinov tariqasidagi turnir o'tkaziladi. Unda jamoalarning divizionlardagi o'rni FIFA reytingi orqali emas, balki qo'shma saralash bosqichi natijalari asosida belgilanadi, bu esa barcha assotsiatsiyalar uchun teng imkoniyat yaratadi.
OFK Bosh kotibi Datuk Seri Vindzor Jon mazkur o'zgarishning strategik ahamiyatini ta'kidladi: "FIFA kunlarida tizimli musobaqa platformasini joriy etish orqali biz yuqori saviyadagi o'yinlarga muntazam kirishni taminlashni maqsad qilganmiz. Tijorat hamkorlari tomonidan Millatlar ligasi formatidagi musobaqaga qiziqish va talab ortib bormoqda".



