

Unda O'zbekiston U-21 terma jamoasi Xitoy U-23 vakillariga qarshi maydonga tushib, penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berdi.
Uchrashuvdan so'ng vakillarimiz bosh murabbiyi Ravshan Haydarov mag'lubiyatdan afsusda ekanini bildirib, musobaqa mezbonlariga yuksak hurmat bajo keltirdi.
"Buni so'z bilan ifodalash juda og'ir. Shunday bo'lsa-da, Yaponiya xalqiga va musobaqa tashkilotchilariga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman", – dedi mutaxassis.
Murabbiyning fikricha, o'yin to'liqligicha vakillarimiz nazorati ostida o'tgan. Uning takidlashicha, jamoa nafaqat bu bahsda, balki bundan oldingi Yaponiyaga qarshi o'yinda ham maydonda ustunlik qilgan, biroq bugungi raqib qarshi hujumdagi kichik xatodan unumli foydalangan.
Haydarov o'z shogirdlariga minnatdorlik bildirib, ular maydonda bor kuchini berganini, ammo penaltilar seriyasidek ruhiy bosim yuqori bo'lgan pallada psixologik tomondan yanada ko'proq ishlash kerakligini aytib o'tdi.
O'zbekiston terma jamoasi U-23 toifasidagi mazkur musobaqaga ataylab yoshroq bo'lgan U-21 tarkibi bilan tashrif buyurgan edi. "Bizda 2028 yilgi Olimpiada o'yinlariga yo'llanmani qo'lga kiritish bo'yicha rejamiz bor. Asosiy maqsadimiz – Olimpiadada ishtirok etish. Shuning uchun futbolchilar va jamoamiz hozir tajriba to'plash bosqichida", – dedi bosh murabbiy. Yoshi kattaroq raqiblarga qarshi jiddiy o'yinlar jamoaning o'sish dasturining muhim qismi sifatida qaralgan.
Mutaxassis kelgusida barcha chiziqlarda va har bir vaziyatda o'yinni kuchaytirish, xatolarni to'g'rilab, faqat oldinga intilish zarurligini ta'kidladi.
Yaponiyadagi salkam uch haftalik faoliyatni sarhisob qilar ekan, Ravshan Haydarov tashkiliy ishlarni yuqori baholadi: "Tashkiliy masalalar juda yuqori darajada bo'ldi. Iqlim ham futbol o'ynash uchun juda qulay edi. Yomg'irli kunlar ham kuzatildi, ammo bu o'zimizning iqlimga o'xshash bo'lgani uchun moslashishda muammo bo'lmadi". So'zining yakunida murabbiy yana bir bor Yaponiya xalqi va tashkilotchilarga samimiy tashakkur izhor qildi.


