Anatoliy Demyanenko "Nasaf"dagi faoliyati haqida: "Bu jamoa va rahbariyat haqida soatlab gapirishim mumkin"

Оқил Абдубарноев
4 okt 2026, 18:00
Qarshining "Nasaf" klubi tarixida ilk xalqaro sovrin – OFK kubogini qo'lga kiritgan ukrainalik taniqli mutaxassis Anatoliy Demyanenko Qarshidagi murabbiylik faoliyati, jamoa futbolchilarini qanday ruhlantirgani va klubining ulkan yutuqlari negizida yotgan omillar haqida o'z xotiralari bilan o'rtoqlashdi.

Ukrainalik mutaxassis xorijdagi murabbiylik tajribasi haqida to'xtalar ekan, Bokuning "Neftchi" klubidagi nosog'lom muhitni eslashni istamasligini, biroq "Nasaf" haqida juda uzoq gapirishi mumkinligini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, Yevropa Ligasining Osiyodagi muqobili hisoblangan OFK kubogidagi tarixiy g'alabada klub rahbariyatining xizmatlari katta bo'lgan. U Qarshi va butun O'zbekiston uchun birinchi bo'lib xalqaro klub kubogini qo'lga kiritganidan hanuzgacha faxrlanishini aytib o'tdi.

Demyanenko Qarshiga ilk bor kelgan vaqtlarida futbolchilardagi o'ziga xos qo'rquvni payqaganini yodga oldi. "O'yinchilar texnik tomondan kuchli edi, lekin ularda qandaydir hadik bor edi. Men ulardan nimadan qo'rqayotganliklarini so'radim. Agar imkoniyat bo'lsa, oldinga o'tish kerakligini, to'pni yo'qotishdan cho'chimaslikni uqtirdim. Chunki o'z darvozamizgacha 70-80 metr masofa bor va sheriklar doim yordamga keladi, deb tushuntirdim. Shu tariqa men ularning salohiyatini yuzaga chiqardim", – deydi mutaxassis. U Qarshida ajoyib jamoa va ahil kollektiv shakllanganini etirof etdi.

Shuningdek, sobiq bosh murabbiy O'zbekistonning futboli va odamlari unda eng iliq taassurotlar qoldirganini qayd etdi. Uning takidlashicha, rahbariyat va shahar hokimligi tom manoda klub hayoti bilan yashagan va doimiy ravishda katta yordam ko'rsatgan. Xususan, o'sha vaqtdagi shahar hokimi Kievning "Dinamo" klubi muxlisi bo'lganini, tez-tez murabbiyning oldiga kelib, futbol haqida uzoq suhbatlashib o'tirganini esladi.

Demyanenko klubning o'sha vaqtdagi prezidenti Alisher Sultonovning zamonaviy va ilg'or fikrli rahbar sifatida jamoa ishlari bilan doimiy qiziqib turganini alohida etirof etdi. Mutaxassisning xulosa qilishicha, "Nasaf"ning o'sha davrdagi tarixiy yutuqlariga klubdagi barcha xodimlar, shu jumladan, bosh murabbiy ham rahbariyatning to'liq ishonchi va qo'llab-quvvatlashini his qilib ishlagani asosiy sabab bo'lgan.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Спорт РБК Украина