Muammoni Sayfievdan emas, o'yindan izlaymiz. Kannavaro ro'yxatiga kirmagan iqtidorlar (tahlil)

Iskandarov Abdulaziz
4 iyun 2026, 14:25
O'zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga taraddudni qizg'in ravishda olib bormoqda.

Okean ortidagi ilk Kanadaga qarshi uchrashuvidan so'ng, bo'lajak Jahon chempionati uchun 26 nafar futbolchidan iborat yakuniy tarkib ma'lum bo'ldi. Dastlabki 30 talik ro'yxatga kiritilgan Ruslan Jiyanov, Jasur Jaloliddinov, Umarali Rahmonaliev hamda Sherzod Temirov yakuniy qaydnomadan tashqarida qolishdi. Bosh murabbiy Fabio Kannavaro ushbu futbolchilarni musobaqaga olib ketmaslikni lozim topdi. Quyida murabbiyning mazkur qarori va tarkib tanlovi xususida fikr yuritamiz. Undan avval dastlabki nazorat bahsi haqida to'xtalib o'tamiz.

Kanada bilan o'yin haqida

Futbol - boks emaski, unda birgina sportchining ringdagi xatosi yoki notinch harakati tufayli mag'lubiyatni tan olsak. Bu jamoaviy o'yin, demak, mag'lubiyatning ildizini ham yaxlit tizimdan izlash kerak. Kanadaga qarshi bahsdan so'ng ijtimoiy tarmoqlarda butun boshli mag'lubiyat yukini Farruh Sayfievning gardaniga ilish tendenciyasi kuzatildi. Vaholanki, biz ikkinchi bo'limda birgina futbolchini emas, balki butun boshli milliy terma jamoamizni taniy olmay qoldik. Shunday ekan, diqqat-e'tiborni shaxslarga emas, balki jamoaviy o'yinimizga qaratish maqsadga muvofiqdir.

Fabio Kannavaro maydonga tashlagan tarkibning deyarli 70 foizini asosiy o'zak tarkib deb atash mumkin. Italiyalik mutaxassis darvoza chizig'ini O'tkir Yusupovga emas Abduvohid Ne'matovga topshirdi, mudofaa markazidagi bo'shliqni esa Abdulla Abdullaev bilan to'ldirdi. Eng ko'p muhokamalarga sabab bo'lgan qaror - Farruh Sayfievning o'ng qanot himoyasiga joylashtirilishi bo'ldi. To'g'ri, bu poziciya Farruh uchun mutlaqo begona emas, Srechko Katanets ham o'z vaqtida uni ushbu rolda bir necha bor sinab ko'rgan edi. Biroq, Sayfievning maksimal foydali ish koefficienti baribir chap qanotda namoyon bo'lishi sir emas.

Bu eksperiment terma jamoamizning o'ng qanot himoyasida jiddiy xavotirlar borligini yana bir bor ko'rsatdi. Hojiakbar Alijonovning salohiyatini yaxshi bilamiz: u hujumlarga qo'shilishda, qanotdan vertikal uzatmalar (krosslar) amalga oshirishda juda faol, ammo pozicion himoyalanishda unda muayyan kamchiliklar ko'zga tashlanadi. Kannavaro aynan mana shu zaif nuqtani yopish va mudofaaviy balansni ushlash uchun ham Sayfievning ham oldinga, ham orqaga o'z vaqtida qaytish boy tajribasidan foydalanib ko'rdi. Alijonovdagi jarohat ham bu borada eksperiment qilib olish imkonini berdi.

Yarim himoya markazida Otabek Shukurov va Odil Hamrobekov tandemi saqlab qolindi. Ulardan oldinroqda Aziz G'aniev va Oston O'runov joylashgan bo'lsa, hujum chizig'i Eldor Shomurodovga ishonib topshirildi. Ushbu taktik sxemadan ko'rinib turibdiki, Kannavaro o'yin boshidanoq sof hujumkor va tavakkalchi futbolni tanlamadi. U qattiq intizom, himoya va "orqa chiziq" xavfsizligini birinchi planga olib chiqdi - bu esa klassik italiyancha pragmatizmning yaqqol namunasidir. Bu o'yin bizga terma jamoaning bo'lajak rasmiy uchrashuvlarda qanday falsafa ostida harakat qilishini va asosiy "skelet" qanday ko'rinish olishini anglab olish uchun yaxshigina material berdi.

photo_2026-06-02_07-01-07.jpg



Raqamlar tilidagi birinchi bo'lim: Vaziyatlar yo'q emas...

Uchrashuvning dastlabki 45 daqiqaligi vakillarimiz uchun ancha umidli bo'ldi. Eng muhimi - biz vaziyat yarata oldik. Ko'pchilik to'p nazorati mezbonlarda bo'lganini (52% ga 48%) ustunlik sifatida baholashi mumkin, ammo raqamlar boshqa haqiqatni so'zlaydi. Kanada raqib hududida ko'proq pas bergan (49 ta pas, 67% aniqlik) bo'lsa-da, O'zbekiston hujumkor uchinchi zonada 24 ta aniq pas (56%) bilan cheklandi. Bu shuni anglatadiki, Kanada to'pni shunchaki kombinacion nazorat qilgan, O'zbekiston esa vertikal va kamroq paslar evaziga tezkor, eng muhimi, ancha xavfliroq hujumlar uyushtirgan.

Biz xG (kutilayotgan gollar) koefficienti bo'yicha raqibni mutlaqo zararsizlantirdik: 0.81 ga qarshi 0.13. Shomurodovda ikkita juda qulay imkoniyat bo'ldi, Kanadada esa birinchi bo'limda birorta ham yaqqol golli vaziyat yuzaga kelmadi. Kannavaroning "himoyada kamroq xato qilib, oldinda Shomurodov, O'runov va Fayzullaevning individual mahorati evaziga keskinlik yaratish" rejasi birinchi bo'limda ideal darajada ishladi. Faqatgina yakuniy zarbadagi sovuqqonlik yetishmadi. Boz ustiga yomg'ir va maydon sirpanchiqligi ham biroz ta’sirini o'tkazdi.

Ikkinchi bo'limdagi pasayish

Biroq, ikkinchi bo'limda o'yin ssenariysi 180 darajaga o'zgarib ketdi. Jamoamiz to'p nazoratini deyarli tenglashtirgan (49%) bo'lsa-da, bu nazorat nimadir bermadi. Hujumdagi keskinlik va ijodkorlik nol darajasiga tushdi (atigi 0.18 xG) va bo'lim davomida birorta ham yirik imkoniyat yarata olmadik. Raqib esa, aksincha, o'yin tempini oshirib, bizni o'z jarima maydonimizga qamab qo'ydi va ikkinchi bo'limda 0.70 xG hamda 2 ta yirik golli vaziyat yuzaga keltirdi.

Zamonaviy futbolda vaziyatlardan foydalanish - eng muhim omil. Birinchi bo'limda yaratilgan yuqori sifatli imkoniyatlarni ko'kka sovurganimiz uchun ikkinchi bo'limda Kanada bizni jazoladi. Ular o'yin davomidagi vaziyatlarini golga aylantira olishdi va yakunda 2:0 hisobidagi g'alabani rasmiylashtirishdi.

photo_2026-06-02_07-53-08.jpg



Agressivlikdan taktik charchoqqacha

O'yindagi eng xavotirli jihat - jismoniy va taktik jihatdan ikkinchi bo'limda o'yindan uzilib qolganimiz bo'ldi. Birinchi bo'limda O'zbekiston juda agressiv, pressingda faol va zich himoyalandi: 11 marta fol ishlatildi, 2 ta sariq kartochka olindi va podkatlarning 67 foizi muvaffaqiyatli chiqdi. Ammo ikkinchi bo'limga kelib, jamoaning funkcional holati va koncentraciyasi pasaygani sezildi. Follar soni atigi 4 taga tushdi, bu esa biz raqibga yaqin masofada etarlicha qarshilik ko'rsata olmaganimizni, ularni qo'yib yuborganimizni anglatadi. Natijada, Kanada bizning jarima maydonimiz ichidan bemalol 5 marta zarba yo'llashga muvaffaq bo'ldi.

Eng achinarlisi, ikkinchi bo'limdagi yuqori bosim ostida himoyamiz pand berdi va golga olib kelgan qo'pol individual xato qayd etildi. Yuqori darajadagi xalqaro o'yinlarda bunday sovg'alarni raqiblar hech qachon kechirmaydi. Kanada bilan o'yin terma jamoamiz uchun ajoyib dars bo'ldi. Biz qattiq himoyalanib, tezkor qarshi hujumda vaziyat yarata olishimizni ko'rsatdik (birinchi bo'lim), ammo 90 daqiqa davomida bir xil temp va diqqatni ushlab turish, shuningdek, zahiradan o'yinni kuchaytira oladigan futbolchilar borasida hali qilinadigan ishlar ko'pligi namoyon bo'ldi. Rasmiy o'yinlar oldidan bu kabi kamchiliklarni ko'rib, ular ustida ishlash - ushbu o'rtoqlik uchrashuvining eng katta yutug'idir.


Tarkibdan tushib qolganlar va Kannavaroning "jangchilar" armiyasi

Mana, o'rtoqlik uchrashuvlari ortda qoldi va Fabio Kannavaroning yakuniy 26 talik ro'yxati ham ma'lum bo'ldi. Har qanday yirik turnir oldidan tarkib e'lon qilinishi katta bahs-munozaralarga sabab bo'lishi tabiiy hol. Bu safar ham shunday bo'ldi: italiyalik mutaxassis hujumkor futbolga ixtisoslashgan, ijodkor va texnik tomondan ajralib turadigan Sherzod Temirov, Jasur Jaloliddinov, Ruslan Jiyanov va Umarali Rahmonaliev kabi futbolchilarga javob berib yubordi. Bundan biroz avvalroq esa Azizbek Turg'unboevning tarkibdan tashqarida qolishi ham jamoatchilik o'rtasida keng muhokama qilingan edi.

Aksariyat muxlislar va ekspertlarda tabiiy bir savol tug'ilmoqda: Nima uchun aynan bu futbolchilar? Nega jamoaning kreativ va kutilmagan yurishlarini taminlay oladigan vakillaridan voz kechildi?

Bu savolning javobi Fabio Kannavaroning futbol falsafasi va bizni oldinda kutayotgan raqiblarning darajasida yashiringan. Italiyalik murabbiy tarkibni tanlashda chiroyli yoki hujumkor futbolga emas, balki surinib bo'lsa-da, natija keltiradigan pragmatizmga urg'u berdi. U ko'proq jismoniy kurashlarda engilmaydigan, pozicion himoyalanishni mukammal tushunadigan va mudofaaga yaqinroq o'ynay oladigan "jangchilar"ni tanladi.

Biz bo'lajak rasmiy bahslarda Kolumbiya yoki Portugaliya kabi jahon futboli grandlari bilan ochiq va hujumkor futbol o'ynay olmasligimiz kundek ravshan. Bunday raqiblarga qarshi maydonda dominantlik qilish, to'p nazoratini ushlab turish yoki sof texnik kombinaciyalar evaziga ustun kelish - o'ta xavfli tavakkalchilikdir. Bunday og'ir bahslarda bizga nafaqat kreativlik, balki 90 daqiqa davomida tinimsiz yuqori tempda bosimga dosh beradigan, to'psiz o'yin fazasida xato qilmaydigan, maydonning har bir qarichi uchun kurashadigan va yuguradigan haqiqiy "atletlar" kerak bo'ladi.Jaloliddinov yoki Rahmonaliev kabi futbolchilar to'p bizda bo'lgan soniyalarda juda foydali va xavfli, ammo Kolumbiya yoki Portugaliya to'pni olib qo'yib, katta tezlikda bosim qilganda, ularning jismoniy va mudofaaviy imkoniyatlari pand berib qo'yishi mumkin edi. Kannavaro esa tavakkal qilishni istamadi. U estetikani qurbon qilib bo'lsa-da, taktik intizom va jismoniy baquvvatlikni tanladi. Bu to'rtlik ham o'zini ko'rsatishga harakat qildi. Lekin tarkibni murabbiy tanlaydi.

photo_2026-06-04_14-20-55.jpg



Ular Jahon chempionatida o'ynashga loyiq edi

Tarkibga kira olmagan o'g'lonlar Jahon chempionatida o'ynashga loyiq edi, deylik Iroq chempionatida to'purar bo'lish hammaga ham emas. Ustiga-ustak Kannavaro Temirovga juda kam imkoniyat berdi deyarli taqdim qilmadi deyish mumkin. Umarali Rahmonaliev Ozarbayjon chempioni bo'ldi, demak u ham klubi orqali isbotlay oldi. Jasurni ham iqtidorini bilamiz, kuchli tomonlari bor. Jiyanov individual jihatdan yaxshi salohiyatga ega. Ular ruhan tushkunlikka tushib qolishmaydi deb o'ylayman. Oldinda Osiyo Kubogi bor, hayot davom etadi. Kuchli futbolchi deganda faqat o'yinda emas mana shunday vaziyatlardan keyin ham o'zini ko'rsatishda davom etgan, yuqori darajaga chiqqan futbolchilarni ham aytamiz. Jasur, Umarali, Ruslan, Sherzod hali barchasida oldinda.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia